$
 12179.81
-30.05
 14139.54
-31.22
 156.73
-0.8
weather
+26
Кечаси   +14°

FLEX dasturi atrofidagi mojaro: o‘zbekistonlik qiz AQShdagi mezbon oilada shilqimlikka duch kelganini ma’lum qildi

FLEX almashinuv dasturining o‘zbekistonlik ishtirokchisi bilan bog‘liq ko‘ngilsiz voqea qizning otasi ijtimoiy tarmoqlarda qilgan murojaatidan so‘ng jamoatchilik e’tiborini tortdi. Unda aytilishicha, AQShda mezbon oilada bo‘lib turgan maktab o‘quvchisi xonadon egasi tomonidan shilqimlikka (tegajog‘likka) duch kelgan.

Dastur koordinatorlariga qilingan murojaatdan so‘ng, qiz boshqa oilaga ko‘chirilgan, biroz vaqt o‘tib esa O‘zbekistonga muddatidan avval qaytarilgan.

AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi vaziyatdan xabardorligini va o‘quvchining otasi bilan aloqada ekanligini tasdiqladi. Biroq, konfidensiallik talablari tufayli muayyan holat tafsilotlarini ochiqlay olmasligini bildirdi.

Nima sodir bo‘ldi?

O‘zbekistonlik Mehribon (ismi o‘zgartirilgan bo‘lishi mumkin) 2025-yilda FLEX dasturining 60 nafar g‘olibidan biriga aylandi. Dastur shartlariga ko‘ra, u bir yil davomida Amerika maktabida o‘qishi va mezbon oilada yashashi kerak edi.

Qiz Indiana shtatidagi kichik shaharchada yashovchi, farzandsiz musiqa o‘qituvchilari oilasiga joylashtirilgan. Safar oldidan ota-onalar mezbon oila bilan videaloqa orqali tanishishgan: er-xotin avval ham xorijlik o‘quvchilarni qabul qilishgani va dasturda tajribaga ega ekanliklarini aytishgan.

Biroq, oradan taxminan bir oy o‘tgach, mezbon oiladagi erkak o‘quvchi qizga nisbatan nomaqbul e’tibor ko‘rsata boshlagan va unga “tajriba orttirishni” taklif qilgan.

Bu haqda qizning otasi Azizbek Boltayev o‘zining Facebook’dagi sahifasida ma’lum qildi. Keyinchalik ushbu voqeani “Nemolchi.uz” loyihasi ham yoritdi.

Dastur koordinatorlariga murojaat

Sodir bo‘lgan voqeadan so‘ng, Mehribon bu haqda FLEX dasturi koordinatoriga xabar bergan.

Tez orada qiz boshqa mezbon oilaga ko‘chirilgan. Boltayev qizining ko‘chirilgani haqida faqat ertasi kuni dasturning Toshkentdagi ofisidan xabar topgan. Shu bilan birga, oilaga o‘quvchining aynan qayerda va kim bilan ekani haqida darhol ma’lumot berilmagan.

Ota qizi bilan bog‘lanishga harakat qilganida, uning telefoni o‘chirilgan, messenjerlardagi xabarlar esa javobsiz qolgan. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, dastur koordinatori qizdan “xavfsizlik maqsadida” telefonini o‘chirib qo‘yishni so‘ragan.

Ota-onaga dasturning mahalliy koordinatori yoki vaqtinchalik mezbon oila bilan bog‘lanish imkoni berilmagan. Qizga esa dastur tashkilotchilari ota-onaga qo‘shimcha ma’lumot berishga majbur emasligi aytilgan.

Qizning holatini tekshirishga urinish

Qizining ahvoli yaxshi ekanligiga ishonch hosil qilish uchun Azizbek Boltayev o‘zining tanishi — Michigan universiteti o‘qituvchisidan qizini borib ko‘rishni iltimos qilgan.

Dastur vakillari avvaliga ruxsat yo‘qligini vaj qilib, uchrashuvga monelik qilishgan. Faqat qat’iy talablardan so‘nggina uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Ma’lum bo‘lishicha, qiz jismoniy jarohat olmagan, biroq og‘ir psixologik holatda bo‘lgan.

Voqeadan so‘ng, qizning otasi FLEX dasturining Vashingtondagi rahbariyatiga maktub yo‘lladi. Murojaatda u nima uchun qizi aynan shunday oilaga joylashtirilgani, shilqimlikka yo‘l qo‘ygan shaxs qanday jazolanishi va kelgusida bunday holatlarning oldini olish uchun qanday choralar ko‘rilishi haqida tushuntirish talab qilgan.

Javob xatida dastur vakillari o‘z vakolatlari doirasida ish tutgani va dastur avvalgi tartibda ishlashda davom etishi ma’lum qilingan. Shundan so‘ng, oila qizni O‘zbekistonga muddatidan oldin qaytarishni qat’iy talab qilgan.

Dasturning muddatidan avval yakunlanishi

Mehribon dastur boshlanganidan taxminan bir yarim oy o‘tgach uyiga qaytdi.

Shunga qaramay, AQSh Davlat departamenti unga FLEX "bitiruvchisi" maqomini berdi, vaholanki standart dastur o‘n oyga mo‘ljallangan.

Rasmiy idoralarga murojaat

Qiz qaytib kelganidan so‘ng, oila O‘zbekistonning bir qator davlat tuzilmalariga murojaat yo‘lladi. Xususan:

  • Oliy Majlisning Bolalar huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) devoniga;
  • Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga.

Bolalar ombudsmani devonidan ma’lum qilishlaricha, murojaat Tashqi ishlar vazirligiga yuborilgan.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi vakillari vaziyatga oydinlik kiritish uchun FLEX dasturining Toshkentdagi direktorini taklif qilishgan. Biroq, u savollarga faqat yozma shaklda javob berilishini aytib, uchrashuvni tark etgan.

AQSh elchixonasining munosabati

Voqea jamoatchilikka oshkor bo‘lgach, AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi rasmiy munosabat bildirdi.

Bayonotda aytilishicha, elchixona janob Boltayevning xabaridan xabardor va u bilan aloqada bo‘lib turibdi. Shu bilan birga, diplomatik vakolatxona konfidensiallik talablari va AQSh qonunchiligi sababli aniq holat tafsilotlarini ochiq muhokama qila olmasligini ta’kidladi.

Elchixona FLEX dasturida bunday vaziyatlarga munosabat bildirish va voyaga yetmaganlarni himoya qilish bo‘yicha maxsus protokollar mavjudligini qayd etdi. Ichki tekshiruv natijalariga ko‘ra, ushbu holatda mazkur protokollarga rioya qilingani aniqlangan.

Almashinuv dasturlarida ishtirok etayotgan talabalarning xavfsizligi va farovonligi ustuvor vazifa bo‘lib qolishi ta’kidlangan.

Ota bunday holatlar yagona emas deb hisoblaydi

Azizbek Boltayevning so‘zlariga ko‘ra, ushbu voqea e’lon qilingach, unga boshqa oilalar ham murojaat qila boshlagan.

Ularning ayrimlari farzandlari almashinuv dasturlarida qatnashayotganida shunga o‘xshash muammolarga duch kelishgani haqida so‘zlab berishgan. U shunday vaziyatga tushgan ota-onalarni sukut saqlamaslikka va bu haqda xabar berishga chaqirdi.

FLEX dasturi haqida ma’lumot

FLEX (Future Leaders Exchange Program) — Yevroosiyo mamlakatlari maktab o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan, AQSh hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan eng yirik ta’lim almashinuv dasturlaridan biridir.

Dastur 1992-yilda tashkil etilgan bo‘lib, turli mamlakatlar yoshlari o‘rtasida madaniy almashinuv va o‘zaro anglashuvni rivojlantirishga qaratilgan.

Dastur ishtirokchilari:

  • Amerika maktabida bir o‘quv yili davomida tahsil oladilar;
  • Amerikalik mezbon oilada yashaydilar;
  • Ijtimoiy va madaniy loyihalarda ishtirok etadilar.

Barcha xarajatlar — o‘qish, yashash, aviachiptalar va sug‘urta dastur tomonidan qoplanadi.

Теги :
Jamiyat