$
 12196.00
3.94
 14141.26
144.78
 151.74
8.74
weather
+26
Кечаси   +14°

Urushdan keyingi siyosiy manzara Eron hokimiyati aslida kimlarning qo‘lida?

AQSh va Isroilning Eron qilgan hujumlari mamlakatda ko‘plab yo‘qotishlarga sabab bo‘ldi. Zarbalar oqibatida Eronning ko‘plab yuqori martabali amaldorlari va harbiy qo‘mondonlari halok bo‘ldi. Hatto uzoq yillar davomida mamlakatni boshqargan oliy rahnamo ham vafot etdi. Shunga qaramay, Eron boshqaruv tizimi butunlay izdan chiqib ketgani yo‘q. Mamlakat murakkab, ko‘p qatlamli siyosiy tizimga ega bo‘lib, unda bir nechta kuch markazlari mavjud. Shu sababli ayrim rahbarlar halok bo‘lgan bo‘lsa ham, tizim ishlashda davom etmoqda. 

Xo‘sh, hozirda Eronni kimlar boshqarmoqda?

Oliy rahnamo — tizimdagi eng katta hokimiyat

1979-yilgi inqilobdan keyin tashkil topgan Eron Islom Respublikasi teokratik tizimga asoslangan. Bu tizimda eng katta vakolatga ega shaxs — oliy rahnamo hisoblanadi. U davlatdagi eng muhim qarorlarni qabul qiladi va barcha asosiy masalalarda so‘nggi so‘zni aytadi.

Uzoq yillar davomida bu lavozimni Oyatulloh Ali Xomanaiy egallab kelgan. U 1989-yildan beri mamlakatdagi eng qudratli shaxs edi. Eron rasmiy mafkurasiga ko‘ra, oliy rahnamo — shialarning IX asrda g‘oyib bo‘lgan 12-imomi nomidan dunyoviy hokimiyatni amalga oshiruvchi ulamo hisoblanadi. Rahnamoning “bayt” deb ataladigan devoni ham bor bo‘lib, bu katta apparat davlatning boshqa idoralarini nazorat qilish imkonini beradi.

Urush boshida Xominaiy halok bo‘lganidan keyin bu lavozimni uning o‘g‘li Mujtabo Xomanaiy egalladi. Biroq u otasidek kuchli nufuzga ega emas. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Mujtabo ko‘proq Islom inqilobi muhofizlari korpusining tanlovi bo‘lgan. Shu sababli u harbiy tuzilmalarga ma’lum darajada qarzdor bo‘lishi ham mumkin. U 28-fevral kuni bo‘lgan zarbalar paytida yaralangan va davlat televideniyesi uni mojaroning “yarador faxriysi” deb atagan. Lavozimga tayinlanganiga uch haftadan oshgan bo‘lsa-da, u hali omma oldida ko‘rinmadi. Hozircha faqat ikki marta yozma bayonot bergan, bu esa uning sog‘ligi haqida savollar tug‘dirmoqda.

Inqilob muhofizlari korpusi — eng kuchli harbiy kuch

Eron siyosatida juda katta ta’sirga ega bo‘lgan tuzilma — Islom inqilobi muhofizlari korpusi hisoblanadi. Bu elita harbiy tashkilotning ta’siri yillar davomida kuchayib borgan. Urush boshlangach va yangi oliy rahbar tayinlangach, korpus strategik qarorlar qabul qilishda yanada muhim rol o‘ynay boshladi.

Korpus rahbariyati uzoq vaqt davomida shunday vaziyatlarga tayyorlangan. Har bir qo‘mondon uchun oldindan belgilangan o‘rinbosarlar zanjiri mavjud. Bundan tashqari, korpusning tuzilmasi “mozaika” uslubida tashkil qilingan. Ya’ni, bo‘linmalar zarurat tug‘ilganda mustaqil ravishda ham harakat qila oladi.

Urush davomida korpusning ko‘plab yuqori martabali qo‘mondonlari halok bo‘ldi. Bu holat 2025-yilda bo‘lib o‘tgan 12 kunlik urushda ham kuzatilgan edi. Shunga qaramay, ularning o‘rnini boshqa tajribali qo‘mondonlar egallab kelmoqda.

Siyosiy rahbarlar ham boshqaruvda qatnashadi

Eron siyosiy tizimi faqat diniy rahbarlardan iborat emas. Bu yerda saylanadigan prezident va parlament ham mavjud. Ular oliy rahbar va harbiy tuzilmalar bilan birgalikda mamlakatni boshqaradi. Masalan, Xomanaiyning asosiy maslahatchilaridan biri bo‘lgan Ali Larijoniy urush paytida halok bo‘ldi. Bu Eron siyosati uchun katta yo‘qotish bo‘ldi. Chunki u turli siyosiy guruhlar o‘rtasida muvozanatni saqlay oladigan va tashqi dunyo bilan muzokaralarda tajribaga ega arbob edi. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Eronda hali ham tajribali siyosatchilar bor, ammo Larijoniy o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan yangi amaldorlar undan ko‘ra qattiqqo‘lroq bo‘lishi mumkin.

Hozir Eron siyosatida ta’sirga ega bo‘lgan shaxslar

Hozirgi vaqtda Eron siyosatida bir nechta muhim shaxslar faoliyat olib bormoqda. Islom inqilobi muhofizlari korpusi rahbari Ahmad Vahidi — korpusning yangi qo‘mondoni hisoblanadi. U oldingi qo‘mondonlar halok bo‘lganidan keyin tayinlangan. Vahidi uzoq yillar davomida gvardiyada xizmat qilgan.

U Eron-Iroq urushida qatnashgan, “Al-Quds” kuchlarini boshqargan, mudofaa vaziri bo‘lib ishlagan va ichki noroziliklarni bostirishda ham qatnashgan.

“Al-Quds” kuchlari rahbari Ismoil Qaani ham muhim shaxslardan biri. U 2020-yilda AQSh droni zarbasi natijasida halok bo‘lgan Qosim Sulaymoniydan keyin bu lavozimni egallagan. Hozir u Eronning mintaqadagi ittifoqchilari va vakillari bilan aloqalarni boshqaradi.

Harbiy-dengiz kuchlari qo‘mondoni Alirizo Tangsiri esa 2018-yildan buyon bu lavozimda ishlaydi. U Eronning Hormuz bo‘g‘ozini yopish bilan bog‘liq harakatlarida muhim rol o‘ynagan. Parlament spikeri Muhammad Boqir Qolibof ham Eron siyosatidagi eng ta’sirli shaxslardan biri hisoblanadi. U ilgari Inqilob muhofizlari korpusi qo‘mondoni bo‘lgan, keyinroq Tehron meri va prezidentlikka nomzod sifatida ham tanilgan. Hozir u mamlakatdagi eng nufuzli siyosatchilardan biri bo‘lishi mumkin. So‘nggi haftalarda u faolroq chiqishlar qilmoqda va ayrim manbalarga ko‘ra, AQSh bilan muzokaralarda ham qatnashgan.

Sud hokimiyati rahbari Oyatulloh G‘ulom Husayn Muhsiniy ham muhim figuradir. U ilgari razvedka idorasiga rahbarlik qilgan va 2009-yilgi namoyishlarni bostirishdagi roli uchun sanksiyalarga uchragan. U konservativ siyosatchi sifatida tanilgan.

Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon ham muhim lavozim egasi. Prezident lavozimi avvalgiga qaraganda kamroq vakolatga ega bo‘lsa-da, u mamlakatdagi eng yuqori darajadagi saylangan amaldor hisoblanadi. Biroq uning ta’siri cheklangan. Masalan, u Fors ko‘rfazi davlatlaridan Eron hujumlari uchun uzr so‘ragach, Inqilob muhofizlari korpusining g‘azabiga uchragan va o‘z bayonotini qisman qaytarib olishga majbur bo‘lgan.

Eron siyosatidagi yana bir muhim shaxs — Said Jaliliy. U Eron-Iroq urushi faxriysi va mamlakatdagi eng konservativ siyosatchilardan biri hisoblanadi. Jaliliy 2024-yilgi prezidentlik saylovlarida mag‘lub bo‘lgan, ammo u ilgari yadroviy muzokaralarda qatnashgan murosasiz siyosatchi sifatida tanilgan.

Shuningdek, Oyatulloh Alirizo Arofiy ham muhim diniy arboblardan biri. U Kuzatuv kengashining yetakchi a’zosi bo‘lib, saylovlarda qaysi nomzodlar qatnashishi mumkinligini hal qiladigan muhim organ tarkibiga kiradi. Xomanaiy vafotidan keyin mamlakatni vaqtincha boshqargan uch kishilik kengashga qo‘shilish darajasida ishonchli shaxs sifatida ko‘rilgan.

Bugungi kunda Eronni bitta shaxs emas, balki diniy rahbarlar, harbiy tuzilmalar va siyosiy institutlardan iborat murakkab tizim boshqarib kelmoqda.