$
 12192.06
13.21
 13996.48
-56.7
 143.00
-3.54
weather
+26
Кечаси   +14°

Nega gigantlar elektromobil rejalaridan voz kechmoqda?

Avto

Ekologik normalarning yumshashi, davlat subsidiyalarining qisqarishi va an'anaviy motorlarga bo‘lgan talabning saqlanib qolishi global avto ishlab chiqaruvchilarni strategik rejalarini tubdan qayta ko‘rib chiqishga majbur qilmoqda.

Global avtomobil sanoatida bir necha yil oldin boshlangan “yoppasiga elektrlashtirish” harakati jiddiy inqirozga yuz tutdi. Hashamatli avtomobillar ramzi bo‘lgan Rolls-Royce kompaniyasi ichki yonuv dvigatelli mashinalarga xaridorlar talabi hamon yuqoriligini inobatga olib, o‘z rejalariga o‘zgartirish kiritdi. Financial Times nashrining xabar berishicha, kompaniya 2030-yildan keyin ham an’anaviy yoqilg‘ida ishlaydigan dvigatellarni ishlab chiqarishda davom etadi.

Lekin bu faqatgina bitta brendning qarori emas. Bugungi kunga kelib dunyoning kamida o‘n ikkita yirik avtosanoat giganti, jumladan, Mercedes-Benz, Ford, Stellantis, Volvo va Honda kabi brendlar ham xuddi shunday yo‘lni tanladi.

Milliardlab dollarlik zarar va to‘xtatilgan loyihalar

Ushbu keskin burilish kompaniyalarga juda qimmatga tushmoqda. Masalan, yaqindagina — 2026-yilning mart oyida Yaponiya giganti Honda o‘zining elektrlashtirish strategiyasini qayta ko‘rib chiqqanini ma'lum qildi. Kompaniya Shimoliy Amerika bozori uchun mo‘ljallangan Honda 0 SUV, Honda 0 Saloon va yangilangan Acura RSX modellarini seriyali ishlab chiqarishni bekor qildi. Bundan tashqari, brend 2040-yilga borib ichki yonuv dvigatellaridan butunlay voz kechish niyatidan ham qaytdi. Bunday qaror Honda uchun yaqin ikki yilda taxminan 16 milliard dollar zarar deganidir.

Boshqa bir gigant — Stellantis konserni esa 2026-yilning fevral oyida 26 milliard dollarlik zararni ochiqladi. Konsern bosh direktori Antonio Filozaning tan olishicha, kompaniya “energetik o‘tish sur’atlarini ortiqcha baholab yuborgan”. Umuman olganda, AQShning “Katta uchligi” — General Motors, Ford va Stellantis kompaniyalarining ushbu yo‘nalishdagi jami ko‘rgan zarari 50 milliard dollardan oshib ketdi, deb yozadi The Wall Street Journal.

Bozorning sovushiga nima sabab?

Mutaxassislar va tahlilchilar elektromobillar bozorining bunday “sovib qolishini” bir nechta asosiy omillar bilan izohlashmoqda:

  • Soliq imtiyozlarining tugashi: Financial Times qayd etishicha, 2025-yilning kuzida AQShda elektromobillarni xarid qilish uchun beriladigan soliq imtiyozlarining bekor qilinishi talabning keskin pasayishiga sabab bo‘ldi.
  • Ekologik talablarning yumshashi: AQSh va Yevropa Ittifoqi regulyatorlari avtomobillar uchun ilgari belgilangan qat’iy ekologik normalarni birmuncha yumshatdi. Bu esa ishlab chiqaruvchilarga ichki yonuv dvigatellarini modernizatsiya qilishda davom etish imkonini beradi.
  • Mijozlar ishonchi: Iste’molchilar hali ham an'anaviy va gibrid motorlarga ko'proq ishonch bildirmoqda.

So‘nggi bir yil ichida yangi elektromobil modellarini ishlab chiqarishni to‘xtatish, sarmoyaviy rejalar va strategiyalarni o‘zgartirish dunyo avtomobil sanoatiga jami hisobda kamida 75 milliard dollarga tushdi. Yashil iqtisodiyotga o'tish kutilganidan ancha murakkab va qimmat jarayon bo'lib chiqmoqda.

Теги :
Avto