Energetika vazirligi: Ertaga yoki keyingi kunlarda ham soat 11 dan soat 17 gacha elektr energiyasini o‘chirilmaydi
Energetika vazirligi elektr energiyasini o‘chirilishi haqida tarqalgan xabarlarni rad etdi.
1 daqiqa o‘qiladi

Vazirlik 26-iyulda soatlik va kunlik elektr energiyasi iste’moli rekordi yangilangani haqida xabar e’lon qilgandi. Qayd etilishicha, ushbu xabarda keltirilgan faktlar noto‘g‘ri talqin qilinayotgan holatlar uchramoqda.
Notoʻgʻri talqin
Bir qator Telegram kanallarda biri-biridan ko‘chirib bosilayotgan postlarda yuqoridagi materialda keltirilgan ma’lumot — 26-iyul Toshkent shahrida soat 11 dan soat 17 gacha ayrim iste’molchilarga kiritilgan qisqa muddatli vaqtinchalik cheklovlar haqidagi fakt “Elektr energiyasi 11 dan 17 gacha o‘chiriladi” mazmunida noto‘g‘ri talqin qilinmoqda. Ayrim saytlar ham rejali o‘chirishlar haqida yozmoqda.
“Qat’iy ta’kidlaymizki, ertaga yoki keyingi kunlarda ham soat 11 dan soat 17 gacha elektr energiyasini o‘chirish rejalashtirilmayapti”, — deyiladi raddiyada.
Hech bir hududda elektr energiyasi oʻchirilishi rejalashtirilmayapti
Ta’kidlanishicha, Energetika vazirligi hech bir hududda bu kabi o‘chirishlarni rejalashtirmayapti. Xabarda faqat kelgusida kuzatilayotgan issiqlik fonida qaysidir hududda ortiqcha yuklama tufayli avariya holati yuzaga kelish ehtimoli paydo bo‘lsa, o‘sha tarmoq yoki transformator toki sovib olguniga qadar qisqa muddat tarmoqdan uzib turilishi mumkinligi aytilgan.
Talabdan ortiq zaxira quvvatlari
Vazirlikning bildirishicha, ayni kunlarda ham generatsiya bo‘yicha hech qanday tanqislik yo‘q va bu bo‘yicha majburiy o‘chirishlar ko‘zda tutilmagan. Energotizimda talabdan ortiq 1300 MVt zaxira quvvatlari mavjud.



