$
 12809.05
22.07
 13765.89
12.21
 130.56
0.29
weather
+26
Кечаси   +14°

Quyoshli xonadon: 9 oyda 6 ming nafardan ortiq fuqaroga 8,9 milliard so‘mlik subsidiya hisoblandi

Quyosh panellari

Ma’lumki, 2023-yil 1-apreldan “Quyoshli xonadon” dasturi doirasida xonadoniga quyosh panellarini o‘rnatgan jismoniy shaxslarga quyosh paneli orqali ishlab chiqarilgan va yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan elektr energiyasining har bir kilovatt soati uchun 1000 so‘mdan subsidiya ajratilishi belgilangan.

8,9 milliard so‘m subsidiya

Joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida 6 ming nafardan ortiq jismoniy shaxs ushbu dasturdan foydalanib, elektr tarmoqlariga o‘tkazilgan quyosh energiyasi uchun 8,9 milliard so‘m (8,9 million kVt/soat) subsidiya oldi.

Subsidiyaning eng katta qismi quyidagi hududlarga to‘g‘ri kelmoqda:

Xorazm viloyati - 2,1 mlrd. so‘m;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi - 1,5 mlrd. so‘m;

Toshkent shahri - 1,2 mlrd. so‘m.

Pul qanday o‘tkaziladi?

Subsidiyani “Soliq” mobil ilovasining “Keshbek” bo‘limidagi “Kartaga pul o‘tkazish” oynasi orqali bank kartasiga o‘tkazib olish mumkin.

Quyosh panellari nima?

Quyosh batareyalari — quyosh energiyasini to‘g‘ridan to‘g‘ri elektr tokiga aylantiradigan fotovoltaik konvertor, ya’ni yarimo‘tkazgichli qurilma bo‘lib, ular maxsus ramkalarga joylanib, quyosh panellarini hosil qiladi. Aniqrog‘i, quyoshdan olingan yorug‘likni elektr tokiga aylantirib, foydalanishga tayyor holga keltirilgan ramkalardir.

Quyosh panellarining turlari

Quyosh panellari quyosh elektr stansiyasi deb ham ataladi. Ularning 2 xil varianti mavjud:

1. Akkumulyator bilan ishlaydigan (avtonom quyosh elektron stansiyasi, keyingi o‘rinlarda ES).

Akkumulyator bilan ishlaydigan ESlarni elektroenergiya yetib bormagan yoki tez-tez uzilishlar kuzatiladigan joylarga o‘rnatish maqsadga muvofiq. Chunki u zaxirada quyoshdan yig‘gan energiyasini saqlab turadi va sutkaning istalgan vaqtida undan foydalanish mumkin bo‘ladi.

Uning ishlash tizimi taxminan shunday: Siz foydalanayotgan elektr energiyasi to‘satdan o‘chib qolsa, akkumulyatordagi zaxira energiya avtomat tarzda tarmoqqa ulanadi (yetib keladi) va ma’lum soatlarga yetadi.

2. Tarmoq elektrostansiyasi. Unda faqat quyosh panellari va invertorlar bo‘ladi. Bu stansiya elektr tarmog‘i bilan parallel tarzda ishlaydi. Bu usuldan asosan elektr energiyasini iqtisod qilish, tejash maqsadida foydalaniladi.

Uning ishlash prinsipi taxminan quyidagicha: Quyosh panellaridan olingan energiyani invertor 220 yoki 380 voltga aylantirib, kunning yorug‘ vaqtida iste’molchiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazib berishi mumkin.

Ortib qolgan energiyani esa, davlat elektr tarmog‘iga uzatib, kunning qorong‘i vaqtida yana o‘sha elektr tarmog‘idan foydalanish imkoni bo‘ladi.

Shunda foydalanuvchi davlat elektr tarmog‘idan deyarli foydalanmagan hisoblanadi. Bu panelni ikki tomonli o‘z hisoblagichi bo‘lib, davlat hisobidan va quyosh energiyasidan umumiy qancha foydalanilganini ko‘rsatib turadi.