$
 12998.91
13.9
 13439.57
154.61
 131.29
1.45
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda elektromobillar narxi yana qimmatlashadi

elektromobil

Hukumat “yashil” transportni qo‘llab-quvvatlash o‘rniga, utilizatsiya to‘lovini oshirish orqali uning importini murakkablashtirishga qaror qildi. 1-maydan boshlab O‘zbekistonda elektromobillar uchun utilizatsiya to‘lovi sezilarli darajada oshadi.

Elektromobillar uchun keskin oshgan to‘lov rag‘batlantirishmi yoki to‘siq?

Endilikda, yoshi 3 yilgacha bo‘lgan elektromobillar uchun bu to‘lov 4 baravarga ko‘tariladi – 30 BHM o‘rniga 120 BHM (taxminan 45 mln. so‘m yoki $3,4 ming). Eskiroq, uch yildan katta bo‘lgan elektromobillar uchun esa to‘lov 2,3 baravarga oshib, 90 BHM o‘rniga 210 BHM (taxminan 78,7 mln. so‘m yoki $6 ming) bo‘ladi.

Hukumat bir tomondan “yashil iqtisodiyot” va ekologik transportni rag‘batlantirish haqida so‘z yuritayotgan bo‘lsa, amalda esa elektromobillar importini qiyinlashtiradigan yangi to‘siqlar joriy qilmoqda. Bu esa bozorda muhim o‘zgarishlarga olib kelishi aniq.

Ekologiya va mahalliy ishlab chiqarish

Hukumat bu qarorni eskirgan elektromobil akkumulyatorlarini qayta ishlash tizimini yaratish zarurati bilan asoslamoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, utilizatsiya to‘lovidan tushgan mablag‘ akkumulyatorlarni qayta ishlash markazlarini tashkil etish va elektromobillar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga yo‘naltiriladi.

Bu qaror ekologiyani himoya qilish maqsadida qabul qilingandek ko‘rinsa-da, aslida bozorda muhim o‘zgarishlarga olib kelishi va elektromobillar importiga jiddiy ta’sir qilishi aniq.

Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash yoki raqobatni yo‘q qilish

Rasmiy ravishda bu to‘lov barcha avtomobillarga tegishli bo‘lsa-da, O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan elektromobillar 2030-yilgacha undan ozod qilingan. Bu esa mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish va import qilingan elektromobillar raqobatini yo‘q qilishga qaratilgan harakat ekani ko‘rinib turibdi.

Ushbu qaror Xitoydan elektromobillar olib kelayotgan shaxsiy dilerlar uchun katta zarba bo‘ladi. Chunki Xitoy elektromobillari ko‘pincha mahalliy ishlab chiqarilgan modellarga nisbatan ancha arzon edi. Shu sababli hukumat allaqachon bu “muammoni” hal qilish uchun turli cheklovlar joriy qilgan, endi esa utilizatsiya to‘lovi orqali bu jarayonni yanada qiyinlashtirdi.

Shuningdek, avvalroq BYD kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga tartib o‘rnatish kerakligini aytgan va mahalliy iqlim va yo‘l sharoitlariga mos bo‘lmagan elektromobillarni import qilishni cheklashni so‘ragan edi. Natijada, BYD Jizzax zavodi va shuningdek ADM Jizzakh va UzAuto Motors bu o‘zgarishdan foyda ko‘radi.

Lekin oddiy xaridorlar uchun bu qaror katta yo‘qotish bo‘ladi. Endi elektromobillar bozorida faqat yirik kompaniyalar hukmronlik qiladi, bu esa raqobatning yo‘qolishiga va narxlarning keskin oshishiga olib kelishi mumkin.

Yangi byurokratik to‘siqlar

Utilizatsiya to‘lovidan tashqari, elektromobillarni olib kirishda yana bir yangi tartib joriy qilindi. Endi shaxsiy dilerlar va jismoniy shaxslar elektromobillarni sertifikat olishdan oldin elektromagnit muvofiqlik tekshiruvidan o‘tkazishlari shart.

Bu testni o‘tkazish faqat Parkentdagi maxsus poligonda amalga oshiriladi. Shu sababli, shaxsiy importchilar uchun navbatlar va qiyinchiliklar yanada ortishi mumkin.

BYD Uzbekistan uchun navbatdagi sovg‘a

Iqtisodchi Otabek Bakirov utilizatsiya narxlarining oshirilishini BYD Uzbekistan uchun navbatdagi sovg‘a deya atadi:

“Nima deb oqlashlaridan qat’iy nazar, utilizatsiya yig‘imlarining 4 karra oshirilishi O‘zbekistonda elektromobil olib kelib sotuvchi chayqovchiga aylangan (laqabi mahalliylashtiruvchi) BYD Uzbekistan manfaatlariga ishlaydi.

BYD Uzbekistan Factory va BYD Central Asia maxsus imtiyozga ega, ular elektromobillar sotuvida utilizatsiya yig‘imidan ozod qilinishgan. Yana bir chayqovchi monopolist, BYD Uzbekistan bilan ota bir, ona bo‘lak Uzauto Motors ham yashirin qarorlar bilan utilizatsiya yig‘imini to‘lamasligini ko‘pchilik bilsa kerak.

JSTga kirish e’lon qilingan va jarayon eng yuqori siyosiy darajada faollashtirilgan bir vaqtda g‘irt ikkiyuzlamachi qadam. Qanaqadir tor to‘dalar uchun butun bir mamlakatning strategik tanlovi va imijini so‘roq ostiga qo‘yish bu”, – deydi Bakiroo o‘z telegram kanalida.

Shuningdek, Bakiroo 5 yildan beri undirilayotgan utilizatsiya yig‘imi qayerga ketayotgani hech kim bilmasligini ta’kidladi:

“Buni hech kim bilmaydi. Importni cheklash uchun 2020-yilda joriy qilingan utilizatsiya yig‘imi qayerga, qaysi cho‘ntakka tushayapti, kim taqsimlayapti, nimaga ishlatilyapti, hech kim bilmaydi.

Byudjetda utilizatsiya yig‘imidan tushumlar ham, xarajatlar ham biron marta ochiqlanmagan. Xalq tugul, parlament oldida ham. Ya’ni bu utilizatsiya yig‘imi soliq emas (soliqlarni parlament joriy qiladi), qip-qizil o‘lpon.

Buyam mayli. Kulgulisi, utilizatsiya yig‘imini 4 karra oshirish to‘g‘risidagi qaror ijrosi JSTga kirish uchun mas’ul bo‘lgan Xodjaevga topshirilgan.

Xodjaev JSTga kirish bo‘yicha muzokaralarda importni cheklash uchun utilizatsiya yig‘imi joriy qilingani, karrasiga oshirilgani, lekin mahalliy cho‘ntak chayqovchilar uchun darcha va yashirin qarorlar bilan imtiyoz berilganini qanday tushuntirarkin? Yo JSTga kirishni toʻxtatib turamizmi?”, – deya qo‘shimcha qildi iqtisodchi.

Теги :
Jamiyat