$
 12175.34
4.67
 14063.74
15.14
 154.29
1.99
weather
+26
Кечаси   +14°

Maktabda oʻzini xavfsiz his qilmaslik, transport muammosi, erta homiladorlik: Oʻzbekistonda oʻquvchilar nega dars qoldiryapti?

Sinfxona

Biz koʻpincha farzandimizning dars qoldirishini jiddiy qabul qilmaymiz. U shunchaki borgisi kelmasa yoki kechiktirsa ham boʻladigan ish chiqib qolsa, maktabdan qolishi mumkin. 

Biroq dars qoldirish farzandimizning taʼlim olish sifatiga salbiy taʼsir qilishi haqida oʻylab ham koʻrmaymiz.

Qoldirilgan darslar va boy berilgan bilim

PISA, ya’ni o‘quvchilarning ta’limdagi yutuqlarini baholash bo‘yicha xalqaro dastur natijalariga ko‘ra, darslarga uzoq muddat qatnashmaslik ta’lim sifatida salbiy ta’sir qiladi. 

Xususan, O‘zbekistonda boshlang‘ich ta’limda uzoq vaqt davomida dars qoldirgan o‘quvchilar darslarda muntazam qatnashgan tengdoshlariga nisbatan matematikadan o‘rtacha 35 ball, o‘rta (5-9 sinflar) ta’limda 41 ball va yuqori (10-11 sinflar) ta’limda 59 ball past natija ko‘rsatgan. 

Tahlil natijalariga ko‘ra, yuqori sinflarda davomatning past bo‘lishi o‘quvchilarning bilim darajasi pasayishiga ko‘proq ta’sir ko‘rsatadi. Bu haqda MHTI ekspertlari tadqiqot oʻtkazdi.

Davomat 82,5 foizga tushgan 

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda maktab o‘quvchilari orasida davomatning pasayib ketishi kuzatilmoqda. 2024-yilning fevral oyidan e’tiboran Milliy gvardiya hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan maktablarda davomat muammosi bilan shug‘ullanuvchi maxsus ishchi guruh tuzildi.

Davomat. e-maktab ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda (jami o‘quvchilarning 99 foizi qamrab olingan) maktablardagi o‘rtacha davomat 83,6 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilga (98.8 foizi qamrab olingan) kelib 82,5 foizga tushgan. 

Yuqori sinflar koʻproq dars qoldirgan

Aytib o‘tish joizki, davomatning eng past ko‘rsatkichlari yuqori sinf o‘quvchilari orasida (10-11 sinflar) kuzatilgan bo‘lib, 78,4 foizni tashkil etgan. 

Bu 2022-yildagiga nisbatan 2,1 foiz punktiga yuqori. 

Bunga sabab nima?

Buning asosiy sabablaridan biri ularning oliy o‘quv yurtiga tayyorlanish jarayonida qo‘shimcha darslarga qatnashi bo‘lishi mumkin. MHTI tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, 16-17 yoshli farzandi bo‘lgan ota-onalarning 87 foizi farzandi qo‘shimcha darslarga qatnashini bildirgan.

Eng koʻp dars qoldirayotgan oʻquvchilar qaysi hududda?

Hududlar bo‘yicha davomatning eng past ko‘rsatkichlari Toshkent shahri (57,8 foiz), Jizzax (76,9 foiz), Toshkent (75,8 foiz) va Farg‘ona (79,8 foiz) viloyatlarida kuzatilmoqda. 

Eng yuqori ko‘rsatkichlar esa Buxoro (89,1 foiz), Surxondaryo (88,3 foiz) va Qashqadaryo (88,2 foiz) viloyatlarida kuzatilgan.

Qaysi fanlar koʻproq oʻtilmay qolyapti?

Predmetlar kesimida, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari orasida eng past davomat ko‘rsatkichlari o‘zbek tili va matematika predmetlarida kuzatilgan. 

O‘rta sinf o‘quvchilari orasida o‘zbek tili, informatika, adabiyot va ingliz tili fanlari, yuqori sinf o‘quvchilari orasida hamo‘zbek tili, informatika, algebra va ingliz tili fanlarida davomatning eng past ko‘rsatkichlari kuzatilgan. 

Dars qoldirish sabablari

Ota-onalar orasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra[1], betob bo‘lib qolishi (75,4 foiz), ota-onasiga ishlarda yordam berishi (8,9 foiz), ota-onasi ishga chiqishi kerakligi, 6 yoshgacha bo‘lgan bolalarga qaraydigan boshqa odam yo‘qligi (3,1 foiz), xususiy o‘qituvchi/repetitor bilan o‘qishi (1,7 foiz), maktabga borishi uchun qo‘shimcha xarajatlarga mablag‘ yetishmasligi (1,1 foiz) o‘quvchilarning dars qoldirishidagi asosiy sabablardir.

8,5 foiz ota-onalar farzandi nima sababdan dars qoldirganini bilmaydi

So‘rovda qatnashgan ota-onalarning 8,5 foizi farzandi nima sababdan dars qoldirganini bilmasligini aytgan.

So’rovnoma respublikaning 14 ta hududida o’tkazilgan va 2000 nafar ota-onani qamrab olgan.

Ota-onalarning 76,9 foizi farzandi so‘nggi bir oy davomida umuman dars qoldirmaganini bildirgan, 15,6 foizi 1-2 kun, 7,4 foizi 3-4 kun dars qoldirganini aytgan.

Darslarni ketma-ket uch oy qoldirgan oʻquvchilar

PISA ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda darslarni ketma-ket uch oy qoldirgan o‘quvchilar ulushi 18,5 foizni tashkil etgan (PISAda ishtirok etgan mamlakatlar orasidagi o‘rtacha ko‘rsatkich 10,3 foiz).

Bu ko‘rsatkich o‘g‘il bolalar orasida qiz bolalar orasidagi ko‘rsatkichga nisbatan yuqoriroq. Betob bo‘lib qolish (56,5 foiz), oila a’zosiga g‘amxo‘rlik qilish (22,7 foiz), oilaviy ishlarda yordam berish (17,6 foiz), maktabda o‘zini xavfsiz his qilmaslik (17,4 foiz), zerikish (17,4 foiz), uyga pul olib kelish uchun ish topish kerakligi (13,2 foiz), transport muammosi tufayli maktabga bora olmaslik (10,7 foiz) va homilador bo‘lib qolish (7,1 foiz) dars qoldirishdagi boshqa sabablar sifatida ko‘rsatilgan.