$
 12208.08
32.74
 14116.20
52.46
 155.00
0.71
weather
+26
Кечаси   +14°

Durovning hibsga olinishiga dunyo hamjamiyati qanday munosabatda?

free Durov

Emmanuel Makron Fransiyada hukumat so‘z va muloqot erkinligi, innovatsiyalar hamda tadbirkorlikka xayrixoh deya ta’kidlab, Pavel Durovning qanday jinoyatda ayblanayotganiga izoh berdi.

“Durovning hibsga olinishi siyosiy qaror emas”

Makron Durovning hibsga olinishi siyosiy qaror emasligi, bu faqat tergov bilan bog‘liqligini aytdi.

“Qonun ustuvorligi sharoitida, real hayotdagi kabi ijtimoiy tarmoqlarda ham fuqarolarni himoya qilish va ularning asosiy huquqlarini hurmat qilish uchun qonun bilan belgilangan doirada erkinliklardan foydalaniladi. Fransiyada Telegram rahbarining hibsga olinishi davom etayotgan sud tergovi doirasida sodir bo‘ldi. Bu hech qanday siyosiy qaror emas. Qarorni sudyalar qabul qiladi”, – deb qo‘shimcha qildi Makron.

BAA Fransiyaga talab bilan chiqdi

Birlashgan Arab Amirliklari Tashqi ishlar vazirligi Fransiyani hibsga olingan Pavel Durovga BAA fuqarosi sifatida barcha zarur konsullik xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini berishga chaqirdi.

“Birlashgan Arab Amirliklari Le Burje aeroportida Fransiya rasmiylari tomonidan qo‘lga olingan Amirliklar fuqarosi, Telegram ijtimoiy tarmog‘i asoschisi Pavel Durovning ishini diqqat bilan kuzatib bormoqda. Ular Fransiya hukumatiga barcha zarur konsullik xizmatlarini zudlik bilan taqdim etish to‘g‘risidagi talabni yetkazdi”, – deyiladi xabarda.

Shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi fuqarolarining barcha ishlarini kuzatish, himoya qilish va ularga g‘amxo‘rlik qilish Birlashgan Arab Amirliklari uchun ustuvor vazifa bo‘lib qolishini ta’kidladi.

Shu bilan birga, Fransiya ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, Durov 28-avgustgacha hibsda qoladi. 

Fransiya nima uchun Durovni hibsga oldi?

Sputnik nashri Durovni nima uchun hibsga olingani haqidagi savol bilan Rossiyada mobil platformalar sohasida eng taniqli ekspertlardan biri Eldar Murtazinga murojaat qildi.

Murtazin:

Telegram – turli davlatlarda yuridik shaxs sifatida faoliyat yuritadi va ushbu davlatlar qonunlariga bo‘y sunadi. Yevropa Ittifoqi va xususan Fransiya qonunlariga ko‘ra, har qanday messenjer faoliyati uchun uning yaratuvchisi emas yuridik shaxslar javobgardir.

Ushbu faktni hisobga olganda, yuridik nuqtai nazardan, hozir Fransiyada Durovga ayblov qo‘yishga jiddiy asos yo‘q. Lekin bugungi Fransiya mustaqil davlat emas. Ular birovning buyurtmasiga ko‘ra Durovni hibsga olgan bo‘lishi mumkin.

Xo‘sh, Durov kimga kerak bo‘lib qoldi?

Foydalanuvchilar soni bir milliardga yaqinlashayotgan Telegram, sobiq SSSR, Yaqin Sharq va boshqa qator hududlarda eng ommaviy messenjer bo‘lib qolmoqda. Qolaversa maxsus operatsiyada ishtirok etayotgan har ikkala tomon ham undan faol foydalanmoqda. Albatta, AQSH o‘zi uchun o‘ta muhim bo‘lgan hududda, bu kabi ommaviy axborot yetkazish vositasi ustidan nazorat o‘rnatishni istagan bo‘lardi. Qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham...

Lekin Telegram ustidan doimiy nazorat o‘rnatish oson ish emas, chunki uning boshqaruv kodlarini tezlik bilan o‘zgartirish mumkin.

O‘ylashimcha, hozir ular Durov va uning jamoasini o‘zlariga bo‘y sundirish maqsadida qattiq bosim ostida muzokaralar olib borishmoqda. Lekin Pavel tez taslim bo‘ladiganlardan emas. Nima bo‘lganda ham, biz bu “muzokaralar” natijasini bir necha kun ichida bilib olamiz. Albatta, ular buni uzoq davom ettira olmaydi.

Durovning hibsga olinishi Telegramga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

Ekspertning ta’kidlashicha, aslida foydalanuvchi uchun bepul bo‘lgan messenjerni yuritish Durovga bir necha yuzlab millionlarga tushadi. Shu vaqtga qadar uning o‘zi Telegramga investitsiya jalb qilish bilan shug‘ullanar edi. Uning hibsga olinishi platformaga sarmoyalarni kamaytirishi mumkin. Lekin bu darhol sodir bo‘lmaydi.

Shu vaqtga qadar Telegram o‘z foydalanuvchilari haqida ma’lumotlarni sizdirmagan edi. Ushbu voqealardan so‘ng vaziyat o‘zgarishi mumkin.

Telegram messenjerining reytingi ko‘tarildi

Telegram asoschisi Pavel Durov hibsga olinganidan so‘ng, messenjerning mashhurligi keskin oshdi. Bu haqda TechCrunch portali xabar berdi.

26-avgust holatiga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab iOS’ga Telegram yuklab olishlar soni oldingi kunga nisbatan 4 foizga oshgan. Durov hibsga olingan Fransiyada esa messenjer ijtimoiy tarmoqlar toifasida App Store’dagi yuklanmalar bo‘yicha yetakchiga aylandi va ilovalar umumiy reytingida 3-o‘rinni egalladi.

 

Odatda App Store’dagi Apple reytingi ilovalarni o‘rnatishlar soni, yuklab olish tezligi va boshqa omillarning uyg‘unligini aks ettiradi.

App Store’ning Amerika segmentida Telegram ijtimoiy tarmoqlar reytingida 3-o‘rinni egalladi (26-avgustda 2-o‘rinda edi) va dam olish kunlari App Store’ning eng yaxshi ilovalari reytingida 18-o‘rindan 8-o‘ringa ko‘tarildi. Ilovalar ishlab chiqaruvchisi Appfigures ma’lumotlariga ko‘ra, bu Telegramning platformadagi kamida 2023-yil 1-yanvardan buyon eng yuqori reytingi hisoblanadi.

Durovning qo‘lga olinishi

Eslatib o‘tamiz, Durovning Fransiyada hibsga olingani 25-avgustga o‘tar kechasi ma’lum bo‘lgan edi. Fransiya matbuotiga ko‘ra, Durov Bokudan shaxsiy samolyotda uchib kelgan va Le Burje aeroportida qo‘lga olingan.

Reuters agentligining politsiyaga tayanib xabar berishicha, Telegram asoschisi hibsda saqlanmoqda. Durov “politsiya bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgani” va Telegram tarmog‘ida moderatorlar yo‘qligi tufayli “keng ko‘lamli jinoyatlarga” aloqadorlikda gumon qilinmoqda. Ish Jandarmeriyaning Milliy kiber-bo‘linmasi (UNC) va Firibgarlikka qarshi Milliy byurosi (ONAF) tomonidan tergov qilinmoqda.