$
 12948.10
-9.04
 14696.09
-6.38
 156.93
0.37
weather
+26
Кечаси   +14°
powerads

Uyqu tabletkalari insonni faqatgina yuzaki uyqu holatida ushlab turadi

dori

Uyqusizlik bugungi kunda ko‘p uchraydigan muammolardan biri. Stress, zamonaviy turmush tarzi va turli kasalliklar tufayli odamlar sog‘lom uyquga erishishda qiynalyapti. Bunday hollarda uyquga yordam beruvchi dorilar ko‘pchilik uchun yechimdek tuyuladi. Lekin olimlarning fikricha, bu dorilar muammoni chuqur hal qilmaydi va ularning foydasidan ko‘ra zarari ko‘proq bo‘lishi mumkin.

Uyqu dori iste’molidan keyin organizm tetiklik his qilmaydi

Tadqiqotlar natijasida shu ma’lum bo’ldiki, uyqu tabletkalari insonni chuqur uyquga tushirish o‘rniga uyquni yuzaki holatda ushlab turadi. Bu holatda miyaning asosiy tiklanish jarayonlari – toksinlarni chiqarish va neyronlar faoliyatini qayta tiklash to‘liq amalga oshmaydi. Uyqu vaqtida miya “glimfatik tizim” orqali zararli moddalarni chiqarib tashlaydi, lekin uyquga yordam beruvchi dorilar bu jarayonni 30-50% ga sekinlashtirishi mumkin. Natijada, organizm sog‘lom uyqudan keyin bo‘lishi kerak bo‘lgan tetiklik holatiga erishmaydi.

Shuning bilan birga, bu dorilarga tezda psixologik va jismoniy bog‘liqlik paydo bo‘ladi. Ya’ni inson dorilarsiz uxlashni qiyin deb hisoblab, ularni ko‘proq miqdorda qabul qila boshlaydi. Bu esa salomatlik uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, jumladan, asab tizimidagi buzilishlar, kun davomida sustlik va diqqatning yo‘qolishi.

Dori vositalari juda og‘ir hollarda va shifokor nazoratida qo‘llanilishi lozim

Mutaxassislar uyqusizlik muammosini tabiiy usullar bilan hal qilishni tavsiya etadilar. Sog‘lom uyqu uchun asosiy qoidalar sifatida uyqu rejimiga rioya qilish, uxlashdan oldin ekranlardan uzoqlashish va tinchlantiruvchi faoliyat bilan shug‘ullanish aytiladi. Masalan, romashka choyi ichish, meditatsiya qilish yoki salqin muhit yaratish miyaga tiklanish uchun qulay sharoit hozirlaydi.

Shuningdek, uyqu tabletkalari faqat juda og‘ir hollarda va shifokor nazoratida qo‘llanilishi kerak. Lekin uzoq muddatli yechim sifatida sog‘lom uyqu odatlarini shakllantirish har doim afzal hisoblanadi. Tabiiy va uyg‘un uyqu nafaqat inson salomatligi, balki hayot sifati uchun ham asosiy omil.