$
 12109.02
75.74
 14139.70
78.81
 150.31
1.01
weather
+26
Кечаси   +14°

Yangi Damasning eski modeldan ustunligi nimada?

Damas

Oktyabr oyida UzAuto Motors o‘zining mashhur Damas modelining yangi versiyalarini taqdim etishini e’lon qilgan edi. Hozirda yangi versiyalar eski Damas bilan bir vaqtda ishlab chiqarilib, xaridorlarga klassik va zamonaviy avtomobillar o‘rtasida tanlov qilish imkonini berishi ta’kidlanmoqda.

Yangi Damasning rasmlari e’lon qilinganidan keyin ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Yangicha dizayndagi Damas ko‘pchilik tomonidan tanqidiy qabul qilindi.

Ushbu maqolada yangi modelning ustunliklari va eski Damasdan farqini ko‘rib chiqamiz.

Yangi modelning dizaynining yaratilishi

Yangi Chevrolet Damas tashqi ko‘rinishi oldingi Daewoo Damasdan sezilarli darajada farq qiladi. Avvalgi model 1996-yildan beri Asaka zavodida ishlab chiqarilgan bo‘lib, Suzuki Carry platformasiga asoslanib yaratilgan edi. Yangi Damas esa Xitoyda ishlab chiqilgan Wuling Hongguang V platformasiga tayangan va global bozorda Chevrolet N400 nomi bilan tanilgan. Kengroq kuzov, slayder eshik va balandroq tom yangi modelga zamonaviy ko‘rinish bera olgan elementlardir.

Yuk ko‘tarish hajmi kengaygan

Yangilangan Damas ikki asosiy variantda taqdim etiladi. Damas Move modeli yetti o‘rindiqli yo‘lovchi avtomobili bo‘lib, oilaviy foydalanish va kundalik ehtiyojlarga mo‘ljallangan. Damas Max esa, yuk va yo‘lovchilarni tashish uchun yaratilgan bo‘lib, 650 kg gacha yuk ko‘tarish imkoniyatiga ega va uning yukxona hajmi 3 kubmetrdan oshadi.

Eski modeldan qanday farq qiladi?

Yangi Damas eski model bilan solishtirganda sezilarli o‘zgarishlarga ega. Saloni kengaytirilgan, va g‘ildirak bazasi 2850 mm ga yetkazilgan. Kuzov uzunligi 4425 mm, kengligi esa 1670 mm ni tashkil qiladi. Ushbu o‘zgarishlar avtomobilda ko‘proq bo‘sh joy yaratib, yo‘lovchilar va yuk uchun qulayliklar taqdim etadi.

Yangi model 1,2 litrli 81 ot kuchiga ega va 1,5 litrli 103 ot kuchiga ega dvigatellar bilan jihozlanadi. Avvalgi 0,8 litrli 38 ot kuchi bilan ta'minlangan dvigatelga nisbatan bu sezilarli farqdir. Barcha dvigatellar Euro-5 ekologik talablarga to‘liq javob beradi va besh pog‘onali mexanik uzatma tizimi bilan ishlaydi.

Modelning xavfsizlik va qulayliklari

Yangi Damasda ABS va EBD tizimlari mavjud. Bundan tashqari, konditsioner, isitish va shamollatish tizimi, hamda ovoz tizimi kabi qulayliklar ham taklif etiladi. Damas Move versiyasida ikki zonali iqlim nazorati, Damas Maxda esa bir zonali iqlim nazorati tizimi mavjud.

O‘zbekistonda Damas 2, xalqaro bozordachi?

Yangilangan Damas global bozorlarda Chevrolet N400 yoki Tornado nomlari bilan tanilgan. Lotin Amerikasida bu model Chevrolet Tornado Van sifatida sotilmoqda. Ushbu avtomobil SAIC-GM-Wuling qo‘shma korxonasi mahsuloti bo‘lib, endi mahalliy bozorda ishlab chiqarishga moslashtirilgan.

Yangi Damaslar qayerda yig‘iladi?

Yangilangan Damas Xorazm Avto zavodida yig‘iladi, shu bilan birga, Asaka zavodida eski Damas ishlab chiqarilishi davom etadi. Bu esa xaridorlarga eski va yangi modellari o‘rtasida tanlov imkoniyatini yaratadi. Model davlat topshirig‘iga muvofiq, ekologik toza va yetti o‘rindiqli arzon avtomobil sifatida ishlab chiqarilmoqda.

Narx masalasi

Eski Damas modelining zavod narxi 93 156 000 so‘m bo‘lsa, yangi modellarning tavsiya etilgan chakana narxlari va mavjud komplektatsiyalari quyidagicha:

  • Damas Max Van 1.2 LV0 – 134 439 000 so‘m
  • Damas Max Van 1.5 LV0 – 142 471 000 so‘m
  • Damas Move Pas 1.2 LV0  – 139 675 000 so‘m
  • Damas Move Pas 1.2 LV1 – 144 563 000 so‘m
  • Damas Move Pas 1.5 LV0 – 149 011 000 so‘m
  • Damas Move Pas 1.5 LV1 – 154 128 000 so‘m
Теги :
Jamiyat
Avto