$
 12927.17
36.74
 14717.58
-3.29
 155.73
-0.31
weather
+26
Кечаси   +14°
oguads

Hayot va o‘lim o‘rtasida 14 daqiqa: Britaniyada homilador ayol klinik o‘limdan keyin hayotga qaytdi

klinik o

Buyuk Britaniyaning 30 yoshli fuqarosi Natasha Sokunbi 37-haftalik homiladorlik davrida klinik o‘limni boshdan kechirdi. Ayol shifokorlarning jonbozligi tufayli hayotga qaytdi.

Hayot va o‘lim o‘rtasida 14 daqiqa

Mirror nashrining xabariga ko‘ra, Natasha homlidorlikning 37-haftada o‘zini yomon his qila boshlagan – ko‘krak sohasida kuchli og‘riq va nafas olishda qiyinchilik yuzaga kelgan. U shoshilinch yordam bo‘limiga borganida hushidan ketgan va yuragi to‘xtagan.

Buyuk Britaniyaning Royal Stoke University Hospital klinikasi shifokorlari ayol va uning homilasini qutqarib qoldi. Tezkor kesarcha kesish amaliyoti o‘tkazilib, yurakni ishga tushirish uchun jonlantirish (reanimatsiya) ishlari olib borildi. 30 daqiqa davom etgan tinimsiz harakatlardan so‘ng, Natashaning ahvoli barqarorlashtirildi va u sun’iy koma holatiga kiritildi.

Hayotga qaytish va kutilmagan ona bo‘lish xabari

Natasha ertasiga hushiga kelganida 2 kilo 900 gramm vaznli qiz farzandini dunyoga keltirganini bildi. Qayd etilishicha, u va turmush o‘rtog‘i avvaldan chaqaloqning jinsini bilmaslikka qaror qilgan. Ular qiziga Bo deb ism qo‘yishdi.

Yangi tug‘ilgan chaqaloq bir necha kun maxsus bo‘limda shifokorlar nazorati ostida qoldi. Natashaga shifokorlar uning yuragi 14 daqiqa davomida urmaganini, bolasi deyarli “o‘lik tanadan” olib chiqilganini tushuntirishdi.

Ayol umumiy hisobda kasalxonada uch hafta davomida davolandi, shifokorlar esa yurak faoliyatining to‘xtash xavfini oldini olish uchun unga kardiostimulyator o‘rnatishdi.

Klinik o‘lim nima?

Ma’lumot uchun, klinik o‘lim – bu yurak va nafas olish faoliyati to‘xtagan vaqtdan boshlab yuzaga keladigan, qaytarilishi mumkin bo‘lgan o‘lim bosqichi hisoblanadi. Bunday holatda insonning hushidan ketishi, nafas olmay qolishi, yurak urishi sezilmasligi va qorachig‘ining kengayishi kuzatiladi. Tashqi belgilarga qaramay, reanimatsiya choralarini o‘z vaqtida qo‘llash orqali hayotiy funksiyalarni tiklash imkoniyati mavjud bo‘ladi.

Donor yuragi bilan ona bo‘lgan ayol

2024-yilning aprel oyida Rossiyaning Tolyatti shahrida yurak transplantatsiyasi qilingan ayol ikki yildan so‘ng farzandli bo‘lgan edi. Ayolga dilatatsion kardiomiopatiya tashxisi qo‘yilgan bo‘lib, yuragi eng yengil jismoniy harakatlarni ham bajara olmay qolgandi.

@minzdrav_ru / Telegram

Shifokorlar uni Samara viloyatidan Moskva shahridagi V.I. Shumakov nomidagi transplantatsiya va sun’iy organlar milliy tibbiy markaziga yetkazib, yurak transplantatsiyasi amaliyotini o‘tkazganlar.

O‘tkazilgan jiddiy operatsiyadan 12 oy o‘tmasdan ayol homiladorlik bo‘yicha hisobga olingan va butun homiladorlik davomida shifokorlar nazorati ostida bo‘lgan. Chunki donor yurak rad etilishi va homiladorlikni davom ettirish bilan bog‘liq xavflar mavjud edi. Ammo u barcha qiyinchiliklarga qaramay, farzandini dunyoga keltirishga muvaffaq bo‘ldi.

Теги :
Jamiyat