$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq xavflar

Iqlim o‘zgarishi

2024-yil 20-fevral kuni Toshkent shahrida Markaziy Osiyodagi beshta transchegaraviy daryolar havzasi uchun iqlim xavf-xatarini baholash bo‘yicha yirik tadqiqotning boshlanishiga bag‘ishlangan mintaqaviy seminar bo‘lib o‘tdi.

5 ta davlat mutaxassislari bir joyda

Unda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston milliy gidrometeorologiya xizmatlari, atrof-muhitni muhofaza qilish, suv resurslarini boshqarish va favqulodda vaziyatlar davlat idoralari mutaxassislari ishtirok etdi. 

Germaniya bilan hamkorlik ishi

Tadqiqot va dastlabki seminar Germaniya Federal vazirligi nomidan Deutsche Gesellschaft für Internationale Zusammenarbeit (GIZ) GmbH (Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati) tomonidan Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot (BMZ) bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Markaziy Osiyoda iqlim risklarini boshqarish” dasturining bir qismidir.

Loyiha doirasida 5 ta daryo tanlab olingan

Bekzod Anarbekov, O‘rta Osiyoda iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq xavf-xatarlarni boshqarishga oid GIZ loyihasining O‘zbekistondagi milliy koordinatori: 

- Loyiha doirasida beshta transchegaraviy daryo tanlab olingan. Bular: Isfayramsoy, Shohimardon, Zarafshon, Murg‘ob Chon-Kemin/Chu daryosi.

Shulardan uchtasi O‘zbekistonga bog‘liq.

Tojikiston va O‘zbekistondagi Zarafshon daryosi respublikamizning uchta viloyatiga suv yetkazib beradigan katta havza hisoblanadi. Qishloq xo‘jaligini suv bilan ta’minlashda uning o‘rni beqiyos. Aholi sonining ortishi, iqtisodiyotning rivojlanishi bevosita suvga bo‘lgan talabni oshiradi. Bizning maqsadimiz esa iqlim o‘zgarishlari prizmasidan qarab, suv havzalariga xavf solishi mumkin bo‘lgan omillarni aniqlash va salbiy oqibatlarini yumshatishdan iborat.

Suv toshqinlari xavfiga nima sabab bo‘lmoqda

Markaziy Osiyoda umumiy haroratning ko‘tarilishi sharoitida atmosfera yog‘inlarining o‘zgarishi, muzliklarning erishi va suv havzalarining to‘lib ketishi tendensiyasi saqlanib qolmoqda, bu esa qurg‘oqchilik, ko‘chki va suv toshqinlari xavfini oshiradi. Ushbu hodisalar chegaralardan oshib, tabiiy ofatlar va iqlim xavflarining o‘zaro bog‘liqligi va transchegaraviy tabiatini tan oladigan mintaqaviy tizimlar va harakatlarni talab qiladi.

Risklar hamma davlatga birdek taalluqli

Serik Abubakirov, Qozog‘iston Respublikasi favqulodda vaziyatlar va ofatlar risklarini kamaytirish markazi direktori:

- Markazimiz bu loyihaga aholini turli xarakterdagi favqulodda holatlardan erta ogohlantirish tizimini ishlab chiqish uchun jalb qilingan. Gap shundaki, Markaziy Osiyodagi barcha mamlakatlar yagona iqlimiy hududda joylashgan va ayrim risklar hammamizga taalluqli. Ushbu mintaqada favqulodda holatlar yuzaga kelish risklari juda yuqori, bu ro‘yxatda to‘fon va vulqonlardan boshqa hamma narsa bor. Jumladan, transchegaraviy xususiyatga ega favqulodda vaziyatlar mavjud. Ular bir davlatda yuzaga kelib boshqasiga xavf solishi mumkin. Shuning uchun inson omilining ishtirokisiz ishlaydigan avtomatik erta ogohlantirish tizimlari juda muhim. Barcha davlatlarda turli xarakterdagi seysmologik, gidrometeorologik kuzatuv tizimlari bor. Maqsadimiz ularni yagona tizimga integratsiya qilib, aholini avtomatik ravishda mobil ilova orqali ogohlantirish yo‘llarini topishdan iborat. 

“Hammasini oldindan bilishimiz kerak”

- Loyihamiz 4 yilga mo‘ljallangan, - deydi Markaziy Osiyodagi GIZ loyihasi rahbari Sergey Makarov. – Biz iqlim o‘zgarishi, suv, favqulodda vaziyatlar va eng asosiysi transchegaraviy hamkorlik masalalari bo‘yicha ish olib boramiz. Iqlim o‘zgarib, Markaziy Osiyoda yashayotgan barcha insonlarga o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Alohida hududlarda suv tanqisligini ko‘rayotgan bo‘lsak, boshqa bir joyda qor ko‘chkilari, suv toshqinlari kuzatilmoqda. Biz bu kabi holatlarga tayyor bo‘lishimiz uchun suv qayerda kamayishi, qayerda esa ko‘proq bo‘lishini oldindan bilishimiz kerak. Bizning loyihamiz bu ishda Markaziy Osiyo mamlakatlarnini qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilgan.

Теги :
Jamiyat