$
 12195.50
15.63
 14049.22
-30.71
 149.71
1.19
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston naqd pulsiz kelajakka tayyormi? Dunyo tajribasi bizni nimadan ogohlantirmoqda?

cashless

2026-yil 1-apreldan boshlab O‘zbekistonda bir qator muhim sohalarda naqd pul orqali to‘lovlar amalga oshirilishiga cheklovlar o‘rnatiladi. Xususan, davlat xizmatlari, kommunal to‘lovlar, alkogol va tamaki savdosi, shuningdek, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari va 25 million so‘mdan yuqori bo'lgan xaridlar (ko‘chmas mulk va yangi transport vositalari savdosi) to'liq naqd pulsiz shaklga o'tkaziladi. PF–246-sonli Prezident Farmoni asosida joriy etilayotgan bu o‘zgarishlar, avvalo, iqtisodiyotdagi xufiyona aylanmani qisqartirish va moliyaviy shaffoflikni oshirishga qaratilgan.

Xo‘sh, O‘zbekiston qadam qo‘yayotgan “naqd pulsiz jamiyat” modelini dunyo qanday qabul qilmoqda va biz xalqaro tajribadan qanday saboqlar olishimiz kerak?

Skandinaviya utopiyasi va kutilmagan “chekinish”

Dunyoda naqd pulsiz to‘lovlarga o‘tish bo'yicha mutlaq yetakchi mamlakat bu — Shvetsiya. Riksbank (Shvetsiya Markaziy banki) ma'lumotlariga ko‘ra, do‘konlardagi xaridlarning atigi 5–10 foizigina naqd pulda amalga oshiriladi. Aholining 80–90 foizi "Swish" mobil ilovasidan faol foydalanadi va naqd pul aylanmasi mamlakat YaIMning 1 foizidan ham kam qismini tashkil etadi. Xuddi shunday holat Norvegiyada ham kuzatilib, to‘lovlarning 98 foizi raqamli ko'rinishda ("Vipps" ilovasi orqali) bajariladi.

Biroq, mukammal ko'ringan bu raqamlashtirish o'zining jiddiy zaif tomonlarini ham ko‘rsatdi. 2026-yilning mart oyida Shvetsiya Riksbanki kutilmaganda aholiga murojaat qilib, har bir katta yoshli fuqaroga favqulodda holatlar uchun uyda kamida 1000 SEK (taxminan 1,1 million so‘m) naqd pul saqlashni qat'iy tavsiya qildi. Sababi oddiy: global kibertahdidlar, elektr uzilishlari yoki geosiyosiy inqirozlar paytida raqamli tizim bir soniyada butunlay falaj bo'lishi mumkin. Endilikda Shvetsiya va boshqa Shimoliy Yevropa davlatlari hayotiy muhim obyektlar (oziq-ovqat do‘konlari va dorixonalar)ni naqd pul qabul qilishga majburlash choralarini ko‘rmoqda.

Xitoy gigantlari va Estoniyaning e-hukumati

Osiyoda esa naqd pulsiz jamiyatga o'tish jarayoni asosan yirik texnologik korporatsiyalar nazorati ostida kechmoqda. Xitoyda 968,9 milliondan ortiq kishi mobil to‘lovlardan foydalanadi. Ushbu ulkan bozorni ikkita yirik platforma — "Alipay" (92% qamrov) va "WeChat Pay" (85% qamrov) boshqaradi. Xitoy hukumati QR-kodlar orqali to'lovlarni keng joriy etish orqali barcha tranzaksiyalarni markaziy tizimda kuzatib borish imkoniyatiga ega bo'ldi.

Yevropadagi e-Estoniya loyihasi esa boshqacharoq, xavfsizroq modelni taqdim etadi. Estoniyada davlat xizmatlari va bank operatsiyalarining 99 foizi onlayn ko'rinishda. "X-Road" tizimi orqali ma’lumotlar almashinuvi davlat tomonidan yuqori darajada shifrlangan bo'lib, xakerlik hujumlaridan ishonchli himoyalangan.

O‘zbekiston uchun xulosalar: Imkoniyatlar va to‘siqlar

Global tajriba ko'rsatadiki, naqd puldan voz kechish soliq tushumlarini oshiradi, yashirin iqtisodiyotga zarba beradi va jarayonlarni osonlashtiradi. Ammo, qishloq aholisi, keksalar, kam daromadli fuqarolar va kichik tadbirkorlar bu o‘tish davrida jiddiy qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin.

O‘zbekiston sharoitida raqamli to‘lovlarning to'liq ishlashi uchun elektr energiyasi va barqaror internet ta'minoti xavfsizligi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bundan tashqari, tranzaksiya komissiyalari masalasi ochiq qolmoqda. Agar Shvetsiya va Xitoyda P2P (kartadan kartaga) o‘tkazmalar deyarli bepul bo'lsa , O‘zbekistonda u 1,1 foizgacha bo'lgan komissiya bilan amalga oshiriladi. Oddiy xalq va kichik biznes uchun bu qo'shimcha moliyaviy yuk bo'lib, naqd pulsiz iqtisodiyotga o'tishga bo'lgan ishonchni va tezlikni sekinlashtiruvchi asosiy to'siqqa aylanishi mumkin.

Zebuniso Abdusalimzoda,

UZ24.uz uchun tayyorladi

Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot