$
 12825.01
12.71
 13552.19
19.84
 128.62
0.25
weather
+26
Кечаси   +14°

Kelasi yilda O‘zbekistonning davlat qarzi 45,1 milliard dollarga yetishi mumkin

dollar

Iqtisodiyot va moliya vazirligining “Fuqarolar uchun byudjet” hisobotida O‘zbekiston davlat qarzi 2025-yil yakunida 45,1 milliard dollarga yetishi prognoz qilindi. Bu qanchalik xavfli?

Umumiy tafsilot

Hisobotda qayd etilishicha, joriy yilda yangilangan hisob–kitoblarga ko‘ra, davlat qarzi 39,7 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. 2025-yilga kelib, davlat qarzi 45,1 milliard dollarni yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 36,7 foizni tashkil qilishi prognoz qilinmoqda.

Tashqi qarzini jalb qilish 

2024-yil yakunida davlat tashqi qarzini jalb qilish bo‘yicha yangidan imzolanadigan shartnomalar hajmi 5 milliard dollarni tashkil etiladi. Shundan 2,5 milliard dollari investitsiya loyihalariga, 2,5 milliard dollari byudjetni qo‘llab–quvvatlashga yo‘naltiriladi. 2025-yilda esa qariyb 5,5 milliard dollarlik davlat tashqi qarzini jalb qilish rejalashtirilgan. Mazkur kredit mablag‘larning 2,5 milliard dollari investitsiya loyihalari, 3 milliard dollari esa byudjetni qo‘llab quvvatlash uchun sarflanishi kutilmoqda.

Аmaldagi qarz

Ma’lumot uchun, 2024-yil 1-iyul holatiga O‘zbekiston davlat qarzi 37 milliard dollarni yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 33,2 foizni tashkil qilgan. Shundan davlat tashqi qarzi 30,9 milliard dollar (YaIMning 27,7 foiziga teng), davlat ichki qarzi 6,1 milliard dollarga (YaIMga nisbatan 5,5 foiz) yetgan.

Davlat qarzi mablag‘larining tarmoqlar kesimida sarflanishi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi joriy yil 1-iyul holatiga davlat qarzi mablag‘lari quyidagi tarmoqlarga sarflanganini ma’lum qilgan:

davlat byudjetini qo‘llab-quvvatlash dasturlariga — 13 milliard dollar;

energetika loyihalariga — 5,7 milliard dollar;

qishloq va suv xo‘jaligi loyihalariga — 2,8 milliard dollar;

transport loyihalariga — 2,7 milliard dollar;

uy-joy kommunal xo‘jaligi loyihalariga — 2,7 milliard dollar;

sog‘liqni saqlash, ta’lim, axborot va kommunikatsiya texnologiyalari loyihalariga— 2,3 milliard dollar;

boshqa sohalarga — 1,7 milliard dollar.

O‘ta ehtiyotkorlik kerak

Toshkentdagi Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligida qatnashgan Jahon banki katta iqtisodchisi Pinar Yashar O‘zbekistonning tashqi qarzi, inflyatsiya va iqtisodiyot oldidagi murakkab masalalar haqida fikr bildirgan edi. Jahon banki katta iqtisodchisining fikrlariga ko‘ra, bozor iqtisodiyotiga o‘tish davridagi mamlakatlarning tashqi qarz olishi odatiy hol, lekin bu borada o‘ta ehtiyotkorlik kerak. Uning aytishicha, bozor iqtisodiyotiga o‘tayotgan davlatlarning tashqi qarzi ko‘payishini oldindan kutiladi. Chunki ularga moliyaviy ko‘mak juda zarur bo‘ladi. Mutaxassis O‘zbekistonning qarzi stabil ko‘payib borayotganini ta’kidlar ekan, bu dinamikada o‘ta ehtiyotkorlik talab etilishini hamda qarz olinganiga yarasha iqtisodiy ko‘rsatkichlar stabil oshishini ta’minlash kerakligini aytadi. U hozir respublika o‘tish davrida ekanini inobatga olinsa, yillar o‘tib agar moliya bozori rivojlansa, ishlab chiqarish ko‘paysa, qarz ham kamayishini taxmin qilgan.

Tashqi ta’sirlarni hukumat xohlasa ham nazorat qilolmaydi

Jahon banki vakiliga ko‘ra, inflyatsiya ko‘rsatkichi O‘zbekistonda juda yuqori emas, ammo uni nazorat qilish muhim. Pinar tashqi ta’sirlarni hukumat nazorat qilolmasligini bildirgan. U inflyatsiya jiddiy mavzu ekanligini aytarkan, O‘zbekistonda inflyatsiya darajasi o‘ta yuqori emasligini, bunga global bozorlardagi narx-navo ham, albatta, tasir qilayotganini aytadi. Mutaxassis talab va taklif faktoridan kelib chiqib qaralsa ham, o‘sish kuzatilayotgani, bunda O‘zbekiston Markaziy bankiga ko‘p narsa bog‘liqligi, ularning kutilmalari va oqilona ishlashi, tez-tez qaror qabul qilishi – inflyatsiya dinamikasini o‘zgartirishini ta’kidlaydi. “Lekin tashqi ta’sirlarni hukumat xohlasa ham nazorat qilolmaydi. Shunday bo‘lsa ham, O‘zbekistonda inflyatsiya nazoratdan chiqib ketgan deyolmayman. Biroq inflyatsiyani hozirgidan pastroq darajaga tushirish mumkin”, — deydi iqtisodchi. Pinar Yasharning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston oldida turgan muhim chaqiriqlar iqtisodiyotda davlat ulushini qisqartirish, xususiy sektor faolligini oshirish, bozorlarning liberallashishi bilan bog‘liq.

Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot