$
 12825.01
12.71
 13552.19
19.84
 128.62
0.25
weather
+26
Кечаси   +14°

Bobur Andijondan yana “quvilmoqda”

Bobur monument

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijonning ramzi bo‘lgan Zahiriddin Muhammad Bobur monumenti va uning bog‘ hududi buzilishi haqidagi xabarlar keng tarqaldi. Bunga sabab esa hudud o‘rnida qurilishi rejalashtirilgan binoning suratlari tarqagani bo‘ldi. Chindan ham bu haqiqatmi?

Sabab — ko‘prik

Shundan so‘ng Andijon viloyati hokimining matbuot kotibi hokimlik nomidan bunga rasmiy munosabat bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Andijonda har kuni yangi bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Ulardan biri – Andijon shahrining uzoq yillik muammolaridan bo‘lgan viloyat markazidagi “Bobur” shoh ko‘chasida joylashgan chorrahada qurilayotgan yo‘l o‘tkazgich.

Ta’kidlanishicha, Zahiriddin Muhammad Bobur xotirasiga atab, barpo etilgan maydon yangi qurilayotgan ko‘prik yaqinida joylashgan bo‘lib, loyiha qurilishi yakunlangach, ushbu maydon anchayin yopiq ko‘rinishga kelib, maydonning bir qismi ko‘prik ostida qoladi.

Haykal Eski shaharga ko‘chadi

Ma’lum bo‘lishicha, ilmiy kengash vakillari, Boburshunoslar hamda Andijon oqsoqollari boshchiligida ushbu mavzu muhokama etilib, kerakli xulosa yasalgan.

Unga ko‘ra, Andijon farzandi xotirasini e’zozlash maqsadida unga atab o‘rnatilgan mahobatli haykal, shoh Boburning o‘zi tug‘ilib o‘sgan “Eski shahar” hududidagi o‘zbek tarixini o‘zida aks ettirgan “Registon” maydoniga ko‘chirilib, maydonni o‘ziga xos qo‘shimchalar bilan boyitish va yangi, ko‘rkam maydon barpo etishga kelishilgan. Hozirda bu rejani amalga oshirish uchun katta tayyorgarliklar ko‘rilmoqda.

Turar joy emas, ko‘ngilochar markaz

Avvalgi maydon o‘rnida esa “Savdo Mall” majmuasi, ko‘ngilochar markazlar, ofislar va aholiga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan boshqa turdagi zamonaviy binolar barpo etish loyihasi taklif etilgan.

“Ma’lumot uchun, ushbu maydon o‘rnida turar joylar qurish rejasi mavjud emas, tarmoqlarda kuzatilgan turar joy qurilishi haqidagi ma’lumotlar tasdiqlanmaydi”, – deyiladi munosabatda.

Boburshunoslar buni xato deyisha olmagan

Shundan so‘ng bloger va iqtisodchi Otabek Bakirov ham munosabatga o‘zining fikrlarini bildirib o‘tdi.

“Andijon viloyat hokimi so‘zlagichining ma’lum qilishicha, Bobur haykalini ko‘chirish va maydonga “dom” qurish taklifiga Ilmiy kengash vakillari, Boburshunoslar hamda Andijon oqsoqollari boshchiligida ushbu mavzu muhokama etilib, kerakli xulosa olingan. Demakki, oqsoqollarni qo‘ya turaylik, ham hokimga va domqurar investorlarga yo‘q, bu xato, uyat ish deya olishmagan. Balki maydon maydonligicha qolsin, dom qurishga ne hojat, degan fikrni ham amaldor va puldor to‘ralarga yetkaza olishmagan.

Hokim so‘zchisi Navoiy bog‘ining 10,7 gektar qismi o‘rniga siti qurilishiga to‘xtalmagan. Balki viloyat ekologlarining o‘zlari bog‘ni qiyratib siti qurishni so‘ragan bo‘lishi mumkindir, balki navbatchi oqsoqollar o‘zi duo qilib berishgan”, – deb yozadi bloger o‘z Telegram sahifasida.

Tegilmagan Andijon qolgandi

Jamoat faollaridan bo‘lmish Muhrim A’zamxo‘jayev ham mazkur holatga o‘zining tanqidiy munosabatini bildirib o‘tdi:

Hali bular Samarqandda Registon maydonini, Buxoroda Kalon ansamblini ham “ko‘chirib” (buzib deb o‘qing), o‘rniga sitimi, savdo markazimi, balomi, battarmi, nimadir quradi deb yozganlarimda, birinchidan, ko‘proq kinoya qilgandim, oddiy qilib aytganda – hazillashgandim. O‘zim yozgan o‘sha gaplarga sal bo‘lsa-da ishongan vaqtimda ham, bunday ayanchli voqealarni o‘zim emas, kelgusi avlodlar ko‘rishi mumkin, deb taxmin qilgandim.

Aftidan, bunday pastkashliklar, bunday jirkanchliklarga guvohi bo‘lish “baxti” yaqin istiqboldayoq kutib turibdi, shekilli: Andijon shahri markazidagi Bobur haykalini ko‘chirib, o‘rnida 16 va 20 qavatli “dom”lar qurish tashabbusi davlat tashkiloti darajasida ilgari surilganini, davlat darajasida kelishish jarayonida ekanini bilib, yana nima deb o‘ylash mumkin? Ko‘p o‘tmay, “Andijon tajribasi” sifatida, Samarqandda, Buxoroda, Xivada, Toshkentda ham qo‘llanishi hech gap emas.

“Qaysidir bir yili qaysidir bir qirg‘iz oqini aytgan “Sot, sot, sot, sot, so-o-ot, Qo‘ltig‘ingdagi juningni ham so-ot!” degan qo‘shiqni eshitadigan kayfiyat”, – deya kinoya qiladi u.

Теги :
Jamiyat