$
 12208.08
32.74
 14116.20
52.46
 155.00
0.71
weather
+26
Кечаси   +14°

Xazon yoqish jarimaga sabab bo‘lishini bilarmidingiz?

xazon

Xazonrezgi mavsumi boshlanmoqda, aholini daraxtlardan to‘kilayotgan barglarni yig‘ish-tashish ishlari tashvishga soladi. O‘simlik qoldiqlarini yoqish orqali atmosferaga is gazi, uglerod oksidi kabi zararli moddalar ajralib chiqadi. Bu nafaqat ekologiya, balki insonlar salomatligi uchun ham jiddiy xavf tug‘diradi.

 Tabiiy tabiblar

Daraxtlarning tabiat va inson hayotida qanchalik muhim ahamiyatga ega ekanligini barchamiz yaxshi bilamiz. Xususan, “yashil” olam shahar havosini 2-8 darajaga salqinroq saqlaydi. Bitta daraxt yiliga 15 ming litrgacha suvni tuproqda saqlaydi. Daraxtlarning atrof-muhitga berayotgan foydasi tufayli shaharlar har yili 150 million dollarga yaqin mablag‘ni tejaydi.

Daraxtlar har doim tabiatga, insoniyatga foyda keltirgan. Soyasi jonga, mevasi tanga darmon. Lekin har bir faslning o‘z xususiyati bor. Kuz fasli kelishi bilan daraxtlar o‘zining yashil olamini xazonrezgilikka bo‘shatib beradi. Ayni kuz faslida aholi tomonidan daraxtlardan to‘kilayotgan barglarni yig‘ish-tashish ishlari tashvishga soladi. Shuningdek, uni yoqib yuborish holatlari ham kuzatiladi.

Nega xazon yoqish noto‘g‘ri?

Shu o‘rinda yongan xazonning nechog‘lik zararli ekanini statistik ma’lumotlar orqali tahlil qilib ko‘raylik. Bir tonna xazon yoqilganda, atmosferaga 30 kg uglerod oksidi ajralib chiqadi. Bundan tashqari, inson salomatligi va atrof-muhitga zarar etkazuvchi boshqa moddalar, ya’ni oltingugurt angidridi, qurum, azot oksidi va murakkab tarkibli organik birikmalar – dioksinlar ham tashlanadi. Xazondan chiqayotgan tutun atmosfera tarkibidagi kislorod miqdorini kamaytiradi. Ayniqsa, chala yongan xazon o‘zidan zaharli gaz chiqaradi. Mutaxassislar fikricha, zararli moddalarga to‘yingan havodan nafas olgan kishining nafas yo‘llari, ko‘zi hamda markaziy asab tizimi shikastlanadi. Shu bilan birga, organizmda o‘pka saratoni, bronxial astma kabi xavfli kasalliklar kelib chiqishi xavfi ortadi. Xazonni yoqishdan kelib chiqadigan zararli tutun, ayniqsa, bolalar, yurak qon tomir nafas olish yo‘llari xastaliklariga chalingan hamda allergiyasi bor insonlarga ko‘proq salbiy ta’sir etadi.

Xazonlarni yoqish jarimaga sabab bo‘ladi

Xazon, shox-shabba yoki o‘simliklarni yoqish jarimaga sabab bo‘lishini ham eslatib o‘tish darkor. Xazonrezgi qoldiqlarini yoqish natijasida atmosferaga uglerod, azot, azot ikki oksidi, oltingugurt oksidi kabi zaharli moddalar ajralib chiqadi. Bu esa nafaqat ekologiya, balki insonlar salomatligi uchun ham jiddiy xavf tug‘diradi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi dala va aholi punktlarida ang‘iz, xazon va shox-shabbalar yoki o‘simliklarning boshqa qoldiqlarini yoqib yubormaslik to‘g‘risida ogohlantiradi.

Qayd etilishicha, bu kabi huquqbuzarliklar “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunning 20-moddasi, “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunning 4, 24-moddalari buzilishiga olib keladi.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 88-moddasi 3-qismiga asosan fuqarolarga BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha (1 mln. 20 ming so‘mdan 1 mln. 700 ming so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa — 5 baravaridan 10 baravarigacha (1 mln. 700 ming so‘mdan 3 mln. 400 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Shu bilan birga, yong‘in sodir bo‘lishi oqibatlaridan kelib chiqib jinoiy javobgarlik ham mavjud.

Shvetsiya tajribasi

“Xazonlarni yoqib bo‘lmasa, unda qanday yechim bor? Ulardan qanday qutulish kerak?” — degan o‘rinli savol paydo bo‘ladi, albatta. Bu holatda O‘rik guli taxallusi bilan tanilgan ekobloger Mo‘tabar Xushvaqtova Shvetsiya tajribasini qo‘llashni taklif qiladi. Shvetsiya ekologik barqarorlikda namuna bo‘lib kelayotgan mamlakatlardan biri. mamlakatda xazon va o‘simlik qoldiqlarini yoqish qat’iy taqiqlangan. Buning o‘rniga organik chiqindilar yig‘ilib, kompost va biogaz ishlab chiqarishda qayta ishlanadi. Shevtsiyada har qanday chiqindi ajratib olinadi, hattoki aralash chiqindilar orasidan sigaret qoldiqlari va plastik kabi materiallar ham alohida saralanadi. Bu yondashuv atrof-muhitni himoya qilish bilan birga, iqtisodiy foyda ham keltiradi, chunki chiqindilar qayta ishlanadi va yangi resurslarga aylantiriladi.

O‘rik gulining ta’kidlashicha, Shevtsiyaning bu tajribasidan O‘zbekiston sharoitida ham foydalanish juda samarali bo‘lishi mumkin. Xazon va shox-shabbalarni yoqish o‘rniga, ularni qayta ishlash orqali bog‘dorchilikda tabiiy o‘g‘it sifatida ishlatish, bu bilan ekologiyani ham birmuncha asrab qolish mumkin.

Теги :
Jamiyat