$
 11891.18
-46.71
 13753.34
-15.82
 141.83
0.07
weather
+26
Кечаси   +14°

Qozog‘iston bulutlardan yomg‘ir “siqib olmoqda”: Qirg‘iziston bundan xavotirda

Qozog‘iston Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda Markaziy Osiyoda ilk bor bulutlarni “ekish” texnologiyasini amalda sinay boshladi. Tajriba qurg‘oqchilikdan aziyat chekayotgan Turkiston viloyatidagi qariyb 9 110 kvadrat kilometr ekin maydonini qamrab oladi. Maxsus samolyot yordamida bulutlarga tuz zarrachalari sepilib, yog‘ingarchilikni 15–20 foizgacha oshirish ko‘zda tutilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, usul kutilgan natijani bersa, hosildorlik oshishi hisobiga yiliga qariyb 75 million dollar iqtisodiy foyda keltirishi mumkin. Qirg‘iziston esa bu tajriba yomg‘ir olib keluvchi bulutlarga ta’sir qilib, mamlakatdagi qurg‘oqchilikni kuchaytirishidan xavotirda. O‘zbekiston ham kelajakda shunday loyihani sinab ko‘rishga qiziqish bildirgan.

Samolyot bulutlarga tuz sepadi, ammo yomg‘ir yog‘ishi kafolatlanmagan

Qozog‘istondagi tajriba Birlashgan Arab Amirliklari meteorologiya markazi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. AFP ma’lumotiga ko‘ra, Markaziy Osiyoda bulutlarni “ekish” texnologiyasi ilk bor amaliy tarzda sinovdan o‘tkazilmoqda. Buning uchun oddiy samolyot emas, maxsus fakel tizimi bilan jihozlangan havo kemasidan foydalaniladi.

BAA meteorologiya markazi uchuvchisi Ahmad Aljaberining aytishicha, samolyot qanotlariga maxsus patronlar o‘rnatilgan. Ularning tarkibidagi moddalar bulutga chiqarilganda, mayda suv tomchilariga yopishadi va ularning kattalashishiga yordam beradi. Tomchilar yetarlicha og‘irlashgach, yomg‘ir shaklida yerga tushishi mumkin.

Bulutlarni ekishda ko‘pincha oddiy tuzga yaqin moddalar — natriy xlorid va kaliy xlorid zarrachalaridan foydalaniladi. BAA rasmiysi Adnan Yarmuhammadning tushuntirishicha, bu moddalarni maxsus patronlar yordamida yoki tuzli eritmani havoga purkash orqali tarqatish mumkin. Jarayon natijasida dastlab juda mayda bo‘lgan suv tomchilari kattalashib, ayrim hollarda ikki-uch millimetrgacha yetadi va yog‘ingarchilik yuzaga kelishi uchun sharoit yaratiladi.

Biroq texnologiya osmonda yo‘q bulutni paydo qilib bermaydi. Avval yomg‘ir hosil qilish uchun mos bulutning o‘zi bo‘lishi kerak. Samolyot bulutga imkon qadar yaqinlashadi, yuqoriga ko‘tarilayotgan havo oqimlarini aniqlaydi va shundan keyingina zarrachalarni sepishni boshlaydi.

Turli ilmiy tadqiqotlarda qulay sharoitda bu usul yog‘ingarchilik miqdorini 15–20 foizgacha oshirishi mumkinligi qayd etilgan. Lekin natija har safar ham bir xil bo‘lmaydi. Har qanday bulutni “ekish” mumkin emas, ob-havo sharoiti mos kelmasa, butun parvoz natijasiz tugashi ham mumkin. AFP jurnalistlari qatnashgan parvozda ham aynan shunday bo‘lgan — osmonda tajriba uchun mos birorta bulut topilmagan.

Qurg‘oqchilikdan aziyat chekayotgan 9 110 kvadrat kilometr ekin maydoni nishonga olingan

Tajriba uchun Qozog‘istonning janubidagi Turkiston viloyati bejiz tanlanmagan. Hudud mamlakat paxtachiligida muhim o‘rin tutadi, shu bilan birga so‘nggi yillarda suv tanqisligi va qurg‘oqchilik bilan jiddiy kurashmoqda. Bulutlarni ekish loyihasi doirasida umumiy maydoni qariyb 9 110 kvadrat kilometr bo‘lgan ekin yerlari nishonga olingan.

Asosiy maqsad qurib borayotgan ekinlarga qo‘shimcha yog‘ingarchilik yetkazish va hosildorlikni oshirish. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, texnologiya kutilganidek ishlasa, qo‘shimcha hosil hisobiga yiliga qariyb 75 million dollar iqtisodiy foyda olish mumkin.

Turkiston viloyatining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha vakili Kazbek Bedebayevning AFPga aytishicha, 2025-yilda hududda sakkiz oy davomida yomg‘ir yog‘magan, namlik darajasi ham juda past bo‘lgan. Shu sabab suv tanqisligini kamaytirish uchun odatiy usullar bilan cheklanib qolmasdan, qo‘shimcha choralarni ham sinab ko‘rishga ehtiyoj tug‘ilgan.

Bulutlarni ekish texnologiyasi esa mutlaqo yangi ixtiro emas. Hozir dunyoning 50 ga yaqin mamlakatida qurg‘oqchilik, do‘l va hatto havo ifloslanishiga qarshi kurashishda undan foydalaniladi. Qurg‘oqchilik tez-tez takrorlanayotgani sabab bu usulga qiziqish yanada oshmoqda.

Shunga qaramay, texnologiyaning aniq samarasini hisoblash qiyin. Masalan, tajribadan keyin yog‘gan yomg‘ir tabiiy ravishda baribir yog‘armidi yoki aynan bulutga sepilgan zarrachalar tufayli paydo bo‘ldimi — buni aniq ajratish har doim ham oson emas. Bundan tashqari, bunday loyihalarni katta hududlarda muntazam amalga oshirish qimmatga tushadi.

Jahon meteorologiya tashkiloti shu sabab bulutlarni ekish bo‘yicha ko‘proq ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishga chaqirmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, hozircha bu usulning inson salomatligi yoki atrof-muhit uchun xavfli ekanini ko‘rsatuvchi dalillar aniqlanmagan. Texnologiya muvaffaqiyatli qo‘llangan taqdirda esa qishloq xo‘jaligi va suv tanqisligidan aziyat chekayotgan hududlar uchun iqtisodiy foyda keltirishi mumkin.

Qirg‘iziston bulutlardan xavotirda, O‘zbekiston ham tajribaga qiziqmoqda

Qozog‘istondagi tajriba qo‘shni Qirg‘izistonda xavotir uyg‘otdi. Qirg‘iz tomoni yomg‘ir olib keladigan bulutlarga Qozog‘iston hududida sun’iy ta’sir ko‘rsatilishi natijasida yog‘ingarchilikning bir qismi u yerda tushib qolishi va Qirg‘izistondagi qurg‘oqchilik yanada kuchayishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.

Qozog‘iston meteorologiya xizmati esa loyiha qo‘shni mamlakatlar ob-havosiga bunday darajada ta’sir qilmasligini ta’kidlamoqda. Mutaxassislarning tushuntirishicha, bulutlarni ekishning ta’siri mahalliy va qisqa muddatli. Texnologiya yangi bulut yaratmaydi, katta havo massalarining harakat yo‘nalishini o‘zgartirmaydi va keng ko‘lamli iqlim jarayonlariga ta’sir ko‘rsatmaydi.

Masala Markaziy Osiyo uchun ayniqsa muhim, chunki mintaqada harorat oshishi va suv tanqisligi tobora jiddiy muammoga aylanmoqda. Jahon banki prognoziga ko‘ra, Markaziy Osiyoning eng yirik iqtisodiyoti bo‘lgan Qozog‘istonda asr oxiriga kelib o‘rtacha yillik harorat 6 darajadan ko‘proqqa ko‘tarilishi mumkin.

Qozog‘iston tajribasini mintaqadagi boshqa davlatlar ham kuzatmoqda. Xususan, O‘zbekiston bulutlarni ekish usuliga qiziqish bildirgan va o‘z loyihasini sinovdan o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Hozircha Qozog‘istondagi tajribaning qanchalik samarali bo‘lishi haqida yakuniy xulosa chiqarishga erta. Bir tomondan, texnologiya qurg‘oqchilikdan aziyat chekayotgan ekinlarga qo‘shimcha suv yetkazish imkonini berishi mumkin. Ikkinchi tomondan, uning samarasi ob-havoga kuchli bog‘liq, natijani aniq o‘lchash qiyin va katta miqyosda foydalanish katta xarajat talab qiladi. Shu sabab Turkistondagi tajriba nafaqat Qozog‘iston, balki suv tanqisligi kuchayib borayotgan butun Markaziy Osiyo uchun muhim sinov bo‘lib turibdi.

Теги :
Jamiyat