$
 12820.47
5.69
 13470.47
27.77
 122.26
-1.24
weather
+26
Кечаси   +14°

Ruxsatga bir oy qolganda 30 ta sayt bukmekerlik reklamasi uchun bloklandi

Totalizator bukmeyker onlayn qimor

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi O‘zbekistonda bukmekerlik xizmatlarni targ‘ib qiluvchi 30 ga yaqin sayt bloklanganini ma’lum qildi.

O‘rganish va tahlillar

Qayd etilishicha, qo‘mita tomonidan qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni targ‘ib qilishga qaratilgan veb-saytlar yuzasidan doimiy o‘rganish va tahlillar olib borilmoqda.

Reklamaga oid qonunbuzilishlarga nisbatan tezkor choralar ko‘rish maqsadida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bunda, bukmekerlik xizmatlariga oid reklamani targ‘ib qiluvchi veb-saytlarga kirishni cheklash (bloklash) choralari ko‘rilmoqda.

42 ta taklif, 30 ta blok

Xususan, amalga oshirilgan ishlar natijasida bukmekerlik xizmatlarni targ‘ib qiluvchi 42 ta veb-saytni bloklash bo‘yicha AOKAga takliflar kiritilgan bo‘lib, shundan 30 ga yaqin saytlar belgilangan tartibda bloklangan.

Bir yil oldin 27 ta sayt bloklangan edi

Oxirgi marta bunday amaliyot o‘tgan yilning sentyabr oyida amalga oshirilgan edi. O‘shanda 92 ta saytni bloklash bo‘yicha AOKAga takliflar kiritilgan, shundan 27 ta sayt bloklangan. Bunda ham asosiy sabab bukmekerlikni targ‘ib qiluvchi reklamalar bo‘lgan. 

Bukmekerlik ortidan chetga 1 milliard dollargacha pul chiqib ketmoqda

Nodir Jo‘rayev 2024-yil mayida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ta'kidlashicha, chet elga qancha mablag‘ chiqib ketishi bo‘yicha aniq raqamlar yo‘q. Lekin maʼlum qoidalar asosida hisoblab chiqsa bo‘ladi. Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, bir yilda qimor o‘yinlariga O‘zbekistondan 300 million dollardan 1 milliard dollargacha bo‘lgan mablag‘ chet elga chiqib ketyapti.

Keyingi yildan bukmekerlik faoliyati qonuniylashadi

Prezidentning “Lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazishni tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, O‘zbekistonda 2025-yil 1-yanvardan tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni onlayn o‘tkazishga hamda bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat beriladi. Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga ko‘ra, mazkur farmon mablag‘larning mamlakatdan chiqib ketishining oldini olishga qaratilgan.

Bukmekerlikni qonuniylashtirishdan maqsad nima?

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi boshqarma boshlig‘i Nodir Jo‘rayevning so‘zlariga ko‘ra, tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarga ruxsat berilishidan asosiy maqsad fuqarolar huquqlarini himoya qilish.

“Noqonuniy qimor o‘yinlarida qatnashib, o‘z joniga qasd qilgan shaxslar haqida ko‘p eshitganmiz. Bunday holatlar ularning huquqlari taʼminlanmagani uchun yuz bergan. Afsuski, odamlarda qimorbozlikka qaramlik bor. Ularning ehtiyojini qonunchilik qondirmagach, chet el platformalariga murojaat qilmoqda. Hozir har qanday mobil o‘yinni ochsangiz, har ikkinchi reklamasida kazino yoki boshqa qimor o‘yinlari chiqadi. Ular odamni o‘ziga jalb qilaveradi. Xorijiy platformalarda qimor o‘ynayotganlardan bir qismi bo‘lsa-da, qonuniy yo‘l bilan tashkil etilgan, fuqaro huquqi himoyalangan joyga borishiga ishonyapmiz. Ularda “men shu yerda o‘ynayapman, davlat meni himoya qiladi, meni aldab ketmaydi, pulimni qaytarib beradi”, degan o‘y bo‘ladi. Hozir ko‘pgina odamlar xorijiy platformalardagi qimor o‘yinlarida o‘ynab, yutgandek bo‘ladi, lekin pulini ololmaydi. Bu og‘ir oqibatlarga olib kelmoqda”, — degan edi agentlik masʼuli.

Qimorga tikiladigan pul miqdori cheklanadi

Muloqotda Nodir Jo‘rayev joriy qilinayotgan yangi tizimda qimor o‘yinlariga tikiladigan pul miqdori cheklanishini aytgan.

“Misol uchun, fuqaro qimorga bir oyda 10 million so‘m pul qo‘yishi mumkin. U pulini yutqazdi deylik. Ikkinchi o‘yin tashkilotchisiga borsa, u o‘yinga qabul qilmaydi. Tashkilotchi: “kecha 10 million so‘m yutqazgan ekansiz, sizga bundan ortig‘i mumkin emas”, deydi. Bunda odamlar ko‘p pul yutqizmasligi maqsad qilingan”, — degan edi agentlik vakili.