$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Sentyabrda davlat byudjetining daromad va xarajatlari keskin oshdi

budjet

2024-yilning yanvar-sentyabr oylarida O‘zbekiston davlat byudjeti defitsiti 37,3 trillion so‘mni (Markaziy bank kursi bo‘yicha qariyb 2,8 milliard dollarni) tashkil etdi, deyiladi Iqtisodiyot va moliya vazirligining ma’lumotlarida.

2024-yilgi daromad va xarajatlar

To‘qqiz oyda davlat byudjeti daromadlari 186,3 trillion so‘mni tashkil etdi, bu 2023-yilning shu davriga nisbatan 14,4 foizga ko‘p. Ushbu davrda xarajatlar 11,1 foizga oshib, 223,7 trillion so‘mni tashkil etdi. Shu vaqt ichida defitsit 1,05 trillion so‘mga — 38,4 trillion so‘mdan 37,3 trillion so‘mga qisqardi.

Sentyabr oyidagi sarhisob

Shuningdek, sentyabr oyida daromad 26,7 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu avgust oyiga nisbatan 20,8 foizga, 2023-yil sentyabr oyiga nisbatan 29,6 foizga ko‘p. Shu bilan birga, sentyabrda xarajatlar tezroq o‘sdi — 27,1 trillion so‘m, bu avgust oyiga nisbatan 21,4 foizga, shuningdek, o‘tgan yilning sentabr oyiga nisbatan 23,9 foizga ko‘p.

Oltin narxining keskin ko‘tarilishining ta’siri

Ekspertlarning fikricha, byudjet daromadlari va xarajatlarining keskin oshishiga ta’sir ko‘rsatgan asosiy sabab va omillar uchinchi chorak yakunida ma’lum bo‘ladi.

Iqtisodchi bloger Otabek Bakirovning ta’kidlashicha, sentyabr oyida oltin narxi bir unsiyasi uchun 2670 dollardan oshdi, bu esa byudjetga yuzlab million dollar qo‘shimcha daromad keltirgan bo‘lishi mumkin. Xususan, O‘zbekistondagi eng yirik soliq to‘lovchi Navoiy kon-metallurgiya kombinati birinchi yarimyillikda 2023-yilning yanvar-iyun oylariga nisbatan foydasini 108 million dollarga oshirdi. Bunga, jumladan, oltin o‘rtacha sotish narxining 14 foizga — 1936-yildan 2206 dollargacha oshishi sabab bo‘ldi.

“Shimoldan potirab oshayotgan gaz importi ham hisobsiz va shaffof bo‘lmagan byudjet subsidiyalarini ko‘paytirayotgani ehtimoli aniq. Daromad (pul) bo‘lsa, xarajat (o‘zlashtirish) albatta topiladi, ayniqsa hozirgi O‘zbekistonda”, – deb yozadi Bakirov o‘z blogida.

Sentyabrda daromad va xarajatlar keskin oshishiga nima sabab?

Ekspertlarning fikriga ko‘ra, odatda sentyabr oyida daromadlar keskin oshadi, shuningdek, xarajatlar ko‘payishiga ham bir qator omillar bor.

Unga ko‘ra, sentyabrda kompaniyalar va tadbirkorlar yilning uchinchi choragida soliq to‘lovlarini amalga oshiradi, bu esa davlat daromadlarini sezilarli darajada oshirishi mumkin. Bundan tashqari, sentyabr oyida qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalardagi eksport faoliyati yozgi mavsumdan keyin oshadi, bu davlatga valyuta tushumlarini ko‘paytiradi va budjet daromadlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Xarajatlar ortishiga keladigan bo‘lsak, 1-sentabrdan pensiya va nafaqalar 15 foizga ortdi, bu esa oylik xarajatlarni oshirdi. Bundan tashqari, O‘zbekiston gazni katta hajmda import qilishda davom etmoqda. Shuningdek, sentyabrda ko‘pincha davlat tomonidan sotsial dasturlar va infratuzilma loyihalariga ajratilgan mablag‘lar amalga oshiriladi, bu esa budjet xarajatlarining ko‘payishiga olib keladi.

Ba’zan, davlat moliyaviy yilning oxirida yillik xarajatlarni taqsimlash uchun sentyabr oyida katta miqdordagi mablag‘larni ajratadi.

2024-yil byudjetiga o‘zgartirishlar kiritiladimi?

Bakirovning ta’kidlashicha, pandemiyadan keyingi davrda yil tugashiga 10-15 kun qolganida, ba’zida esa 3 kun qolganida joriy yilning byudjetiga o‘zgartirishlarni ma’qullatib olish O‘zbekistonda buzuq an’anaga aylanib qolgan.

“Normal dunyoda hukumat byudjetda ko‘rsatilmagan, parametrlardan ortiqcha xarajat qilmoqchi bo‘lsa avval parlamentda buni isbotlaydi, himoya qiladi, tortishuvlar va kompromisslar bilan ma’qullatadi, keyingina xarajat qiladi. Hozirgi O‘zbekistonda esa teskarisi. Xarajatlar bemalol qilib olinadi, keyin yo‘q deya olmaydigan dastyor paralament allaqachon taqsimlanib, o‘zlashtirilib, hazm qilinib bo‘lingan xarajatlarni byudjetga kiritib, 3 soatda tasdiqlab beradi”, – deydi u.

Parlament yangi yoki oshgan xarajatlarni avval tasdiqlashi kerak

— Bu amaliyotga, saylov yilida hech bo‘lmasa chek qo‘yilsa kerak, degan umid yo‘q emas. Garchi saylov palovda qatnashayotganlardan hech biri hukumatning byudjetga nisbatan bunday destruktiv munosabatini so‘roqqa olmayotgan bo‘lsa ham.

Misol uchun energetika uchun byudjetda aks ettirilgan subsidiyalar allaqachon o‘zlashtirilib, tugatilib, byudjetning qo‘shimcha daromadlarini ham yemirishga o‘tgan. Karrasiga ortayotgan gaz importi mamlakat byudjetini shartli o‘lpon sifatida shimolga qarab oqizmoqda, qimmat oltin hisobiga byudjetda qo‘shimcha daromadlarning paydo bo‘lgani tannarx shishiruvchi shonli energetiklarning to‘ymas ishtahalarini yana qitiqlashni boshlagan, – deb hisoblaydi bakiroo. – Bu 2024-yilning tasdiqlangan byudjeti o‘z aktualligini yo‘qotdi, unga realiklardan kelib chiqib o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish kerak degani. O‘zbekiston xalqi va xalqning formal bo‘lsa ham vakilligi hisoblangan paralament yangi yoki oshgan xarajatlarni avval tasdiqlashi kerak. Hech bo‘lmasa, oldindan xabardor bo‘lishi lozim.

Теги :
Jamiyat