$
 12998.91
13.9
 13439.57
154.61
 131.29
1.45
weather
+26
Кечаси   +14°

Bog‘chada bola kaltaklanishi oqibatida oyog‘i sindi

bola

Bog‘chada bola kaltaklanishi oqibatida oyog‘i sindi. Bolaning ota-onasiga esa bog‘cha ma’muriyati tomonidan o‘g‘li o‘zi yiqilib oyog‘i singanligi va Sergeli tuman tibbiyot birlashmasiga olib kelinganligi to‘g‘risida xabar berilgan.

Bolaning ota-onasiga yolg‘on axborot berilgan

Aniqlanishicha, joriy yilning 22-yanvar kuni Toshkent shahar Sergeli tumanida joylashgan maktabgacha ta’lim muasasasining tarbiyachi yordamchisi Y.M (1997 yilda tug‘ilgan, ayol) go‘yoki xarxasha qilayotgan bolani tinchlantirish maqsadida S.A ni (2023-yilda tug‘ilgan o‘g‘il bola) boshiga urib, so‘ng qo‘pol harakatda uni ko‘tarib boshqa xonaga olib chiqayotganda qoqilib yiqilgan, natijada bolaning chap oyog‘i singan.

Bolaning ota-onasiga bog‘cha ma’muriyati tomonidan o‘g‘li o‘zi yiqilib oyog‘i singanligi va Sergeli tuman tibbiyot birlashmasiga olib kelinganligi to‘g‘risida xabar berilgan. Bolaga “chap oyoq son suyugi singanligi” tashxisi qo‘yilgan.

Shundan so‘ng ota-ona bog‘cha ma’muriyatidan kuzatuv kameralar yozuvlarini ko‘rsatishni talab qilgan.

Hozirda Sergeli tumani IIB FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.

O‘tgan yilda bog‘chada bolalar kaltaklanishi bilan bog‘liq holatlar

2024-yilda O‘zbekiston bog‘chalarida bolalarning kaltaklanishi bilan bog‘liq bir nechta holatlar qayd etilgan. Jumladan:

2024-yil may oyida Navoiydagi oilaviy nodavlat bog‘chada bola kaltaklanganligi haqida xabar berilgan. Bu voqea jamoatchilikda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.

2024-yil yanvar oyida Qarshida onasi tomonidan kaltaklangani aytilgan bola haqida ma'lumotlar paydo bo‘ldi. Sudga oid tibbiyot ekspertizasi bolaning tanasida yengil tan jarohati borligini aniqlagan va jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etilgan.

“Bolalarni barcha turdagi zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun

Eslatib o‘tamiz, bolalarga qarshi zo‘ravonlik bo‘lganda javobgarlik borligi qonunchiligimizda belgilangan bo‘lib, 2024-yil 14-noyabrda O‘zbekiston prezidenti “Bolalarni barcha turdagi zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunni imzolagan edi.

Qonunga ko‘ra, bolaning hayoti, sog‘lig‘i, jinsiy daxlsizligi, sha’ni, qadr-qimmati hamda qonun bilan himoyalanadigan boshqa huquq va erkinliklariga tajovuz qiladigan, jismoniy yoki ruhiy azob yetkazayotgan yoki yetkazishi mumkin bo‘lgan va uning asosiy ehtiyojlariga zid bo‘lgan harakatlar yoki harakatsizlik, shu jumladan, internetdan foydalangan holda sodir etilgan harakatlar (harakatsizlik) bolalarga nisbatan zo‘ravonlik deb e’tirof etiladi.

Jismoniy zo‘ravonlik, jinsiy zo‘ravonlik, ruhiy zo‘ravonlik, g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, ekspluatatsiya qilish va ta’qib etish (bulling) bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning shakllari bo‘lib, qonun bilan taqiqlanadi va ta’qib qilinadi, deyiladi hujjatda.

Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik turlari

Jismoniy zo‘ravonlik — bolalarga turli darajadagi tan jarohatlarini yetkazish, ularni xavf ostida qoldirish, hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli ahvolda bo‘lgan bolalarga yordam ko‘rsatmaslik.

Jinsiy zo‘ravonlik — bolaga nisbatan shahvoniy xususiyatga ega bo‘lgan harakatlar qilish orqali uning jinsiy daxlsizligiga tajovuz qilish, shu jumladan:

  • nomusga tegish;
  • jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish;
  • jinsiy aloqa qilishga majburlash;
  • 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish;
  • voyaga yetmagan shaxsni pornografik xususiyatga ega bo‘lgan harakatlarga ijrochi sifatida jalb qilish;
  • voyaga yetmagan shaxsni jalb qilgan holda qo‘shmachilik qilish, fohishaxonalar tashkil etish yoxud unga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etish;
  • aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yoxud bolaning ojizligidan foydalangan holda shahvoniy xususiyatga ega harakatlarni sodir etish;
  • shahvoning shilqimlik, shuningdek, qonunda taqiqlangan, shahvoniy xususiyatga ega bo‘lgan har qanday boshqa jinsiy harakatlar.

Ruhiy zo‘ravonlik — bolalarni haqoratlash, ularga tuhmat qilish, tahdid qilish, ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish, ularni tahqirlash, shuningdek, bolalarning asosiy ehtiyojlarini cheklashga qaratilgan boshqa harakatlarda ifodalangan zo‘ravonlik shakli, shu jumladan zo‘ravonlikdan jabrlanuvchida o‘z xavfsizligidan xavotir uyg‘otadigan, o‘zini himoya qila olmasligiga olib keladigan yoki ruhiy salomatligiga zarar yetkazadigan harakatlar (harakatsizlik).

G‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik — zarur imkoniyatlarga, bilim va ko‘nikmalarga, shu jumladan, buning uchun tegishli xizmatlardan (davlat, tibbiy, ta’lim, ijtimoiy va boshqa xizmatlardan) foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan ota-ona (ular o‘rnini bosuvchi yoki bolaga qarab turgan shaxslar) tomonidan bolaning sog‘lig‘i, jismoniy, aqliy va axloqiy rivojlanishining buzilishiga olib kelishi.

Bolaning asosiy ehtiyojlari — bolaning to‘laqonli rivojlanishi, jismoniy va ruhiy salomatligi uchun oziq-ovqat, uy-joy va boshqa zarur sharoitlar bilan ta’minlash, xavfsizlik, ta’lim olish, ijtimoiy aloqalarni o‘rnatish, hayotiy ko‘nikmalarni rivojlantirish va imkoniyatlarni ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoitlar yaratish.

Bolalarni ekspluatatsiya qilish — boladan iqtisodiy, jinsiy va boshqa maqsadlarda foydalanish, shu jumladan, odam savdosi, g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga va tilanchilik qilishga jalb etish, jinsiy ekspluatatsiya, shuningdek, nikohga yoki er-xotin bo‘lib yashashga majburlash, ma’lum bir diniy ta’lim olishga undash, har qanday shaklda mehnatga majburlash uchun jismoniy yoki ruhiy ta’sir o‘tkazish kiradi.

Hujjatda davlat bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish uchun huquqiy, ma’muriy, ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa choralarni ko‘rishi, shu jumladan, bola va uning oilasini qo‘llab-quvvatlashi hamda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini aniqlash va oldini olish, zo‘ravonlik holatlari haqida xabar berish, ushbu holatlarni tergov qilish, aybdorlarni javobgarlikka tortishning muqarrarligini ta’minlash, zo‘ravonlik qurbonlarini reabilitatsiya qilish, ularning huquqlarini tiklash va ijtimoiy moslashtirishni ta’minlash mexanizmlarini yaratishi kerakligi belgilangan.