$
 12915.18
10.27
 13291.01
-152.03
 115.31
-11.2
weather
+26
Кечаси   +14°

2024-yilda tadbirkorlarga deyarli 50 trillion so‘mlik bojxona to‘lovlaridan imtiyozlar taqdim etildi

bojxona

O‘zbekiston tashqi iqtisodiy faoliyatni erkinlashtirish va investitsion jozibadorlikni oshirishda jadal qadamlar tashlamoqda. Ushbu jarayonlarda bojxona tizimining samaradorligi va raqamli texnologiyalarni joriy etish muhim rol o‘ynadi. 2024-yilda bojxona organlari faqatgina iqtisodiy jarayonlarni yengillashtirish bilan cheklanmay, ijtimoiy va ekologik loyihalarga ham sezilarli hissa qo‘shdi.

Eksport va importdagi raqamli inqilob

Alohida ta’kidlash lozimki, bugungi kunda Mahalliylashtirish dasturi o‘z samarasini bermoqda. Ayrim tovarlarning import hajmi 2 milliard dollarga qisqardi. 2024-yilda tadbirkorlarga deyarli 50 trillion so‘mlik bojxona to‘lovlaridan imtiyozlar taqdim etildi. Shuningdek, 54 mingta eksport deklaratsiyasini rasmiylashtirishda bojxona xodimlarining aralashuvi talab etilmadi, bu esa jarayonlarning shaffofligini ta’minladi.

Noqonuniy tovarlardan ijtimoiy yordamga

Bojxona xodimlari tomonidan noqonuniy muomaladan olingan 1000 dan ortiq televizor va konditsionerlar Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlari (sobiq "Saxovat") va "Muruvvat" uylariga beg‘araz ravishda yetkazib berildi.

Bundan tashqari, 2024-yilda "Bojxona hududida qayta ishlash" rejimi asosida amalga oshirilgan tovarlar eksport hajmi 1 milliard dollarga yetdi, bu esa sohaning rivojlanayotganligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Shuningdek, bojxona binolariga quyosh panellari o‘rnatilishi orqali 5 milliard so‘mlik davlat byudjeti mablag‘lari tejab qolindi, bu esa iqtisodiyotga qo‘shimcha samaradorlik keltirdi.

Jon boshiga daromad oshishi va kambag‘allikning qisqarishi

O‘tgan yilda sanoat korxonalariga 24 milliard dollarlik uskunalar import qilinib, 63 mingta yangi ishlab chiqarish quvvati ishga tushirildi. Bu jarayon natijasida 1,5 millionta yangi ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad 3 ming dollarga yetdi, kambag‘allik darajasi esa 23 foizdan 11 foizgacha qisqardi.

Global iqtisodiy raqobat sharoitida ham O‘zbekistonning tovarlar eksporti bir yil davomida deyarli 1 milliard dollarga ortib, 11,1 milliard dollarga yetdi.

Mahalliylashtirish dasturi doirasida olib borilgan ishlarda ko‘plab tovarlarning import hajmi kamaydi. Xususan, transport va ehtiyot qismlar, kimyo sanoati mahsulotlari, plastmassa buyumlar, mineral o‘g‘itlar, mebellar va ularning qismlari, keramika mahsulotlari, nasoslar, gigiyena vositalari hamda paxta tolasi importi 2 milliard dollarga qisqartirildi.

Bojxona organlari ushbu jarayonlarda faol ishtirok etib, mamlakatning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlanishiga munosib hissa qo‘shishda davom etmoqda.

Bojxona yutug‘i: Imtiyozlar va noqonuniy aylanmalarga chek 

Yakunlanayotgan yilda 17 mingga yaqin tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilariga 49,6 trillion so‘mlik bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyoz va preferensiyalar taqdim etildi. Bundan tashqari, 6,6 trillion so‘mlik bojxona to‘lovlarini kechiktirib to‘lash imkoniyati yaratildi.

Davlat byudjetiga undirilgan bojxona to‘lovlari miqdori o‘tgan yilga nisbatan 8 foizga oshdi.

Bojxona organlari 9 mingga yaqin holatda 914 milliard so‘mlik tovarlar, 35 milliard so‘mlik valyuta qimmatliklari, 76 milliard so‘mlik zargarlik buyumlari va 63 milliard so‘mlik tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanishiga chek qo‘ydi. Shuningdek, yil davomida 1 tonnadan ortiq giyohvandlik vositalari, 554 ming dona psixotrop va kuchli ta’sir etuvchi moddalar, 49 dona qurol va 3010 dona o‘q-dorilar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

Raqamlashtirish orqali bojxona jarayonlarida vaqt va xarajat tejalishi

Raqamlashtirish orqali eksportda 91 foiz, importda esa 75 foiz deklaratsiyalar soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirildi. Natijada 54 mingdan ortiq eksport va import deklaratsiyalari inson omilisiz amalga oshirildi. 

Bojxona jarayonlarining soddalashtirilishi natijasida 6 mingga yaqin eksportyor va 20 mingga yaqin importyor uchun ortiqcha xarajatlar va vaqt sarfini sezilarli darajada qisqartirishga muvaffaq bo‘lindi.

Ijtimoiy obyektlarga beg‘araz yordam 

Ijtimoiy obyektlarni qo‘llab-quvvatlash, qurilish, ta’mirlash va rekonstruksiya qilish doirasida Toshkent shahri, Jizzax, Sirdaryo, Farg‘ona va Qashqadaryo viloyatlarida 7 ta “Saxovat” va “Muruvvat” uylari qurilib, foydalanishga topshirildi. 

Ushbu muassasalarga 821 dona televizor, 204 dona konditsioner, 1 milliard so‘mdan ortiq kiyim-kechak va 100 dan ziyod zaruriy jihozlar beg‘araz ravishda yetkazib berildi.

Xorijiy investitsiyalar va qayta ishlangan mahsulotlar eksportidagi yutuqlar

Xorijiy investitsiyalar bilan ishlash doirasida 474 ta loyiha amalga oshirilib, 7 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish ishlari muvaffaqiyatli muvofiqlashtirildi. 

Oziq-ovqat mahsulotlari va qadoqlash buyumlarini ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan 5,3 trillion so‘mlik 375 ta yangi loyiha ishga tushirilib, bu jarayon natijasida 12 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi.

“Bojxona hududida qayta ishlash” rejimining kengaytirilishi tufayli ushbu rejimdan foydalanayotgan tadbirkorlar soni 350 taga yetkazildi. Natijada, qayta ishlangan mahsulotlarning eksporti bir yil ichida 42 foizga oshib, 305 million dollarga ko‘tarilib, umumiy eksport hajmi 1 milliard dollarni tashkil etdi.

Quyosh panellari orqali energiya taqchilligi bartaraf etilmoqda

Energiya taqchilligini qoplash bo‘yicha ko‘rilgan choralar natijasida 98 mingdan ortiq obyektga jami 965 MVt quvvatga ega quyosh panellari o‘rnatildi. 

Bu jarayonlarda bojxona organlari ham faol ishtirok etdi. Shu kunga qadar 71 ta bojxona obyektiga 3,8 MVt quvvatga ega quyosh panellari o‘rnatilib, 5 milliard so‘mdan ortiq byudjet mablag‘lari iqtisod qilindi.

Теги :
Jamiyat