$
 12927.17
36.74
 14717.58
-3.29
 155.73
-0.31
weather
+26
Кечаси   +14°
textileads

Gaz va elektrdagi uzilishlar biznes uchun eng katta to‘siqqa aylandi

biznes

Markaziy bank tomonidan o‘tkazilgan biznes kayfiyati so‘rovi 2024-yil oxirida Toshkentdagi tadbirkorlarning asosiy muammolarini ochib berdi. Unga ko‘ra, elektr va gaz ta’minotidagi uzilishlar biznes faoliyatining to‘liq ishlashiga to‘sqinlik qilayotgan eng katta omillardan biri bo‘lib qolmoqda. Aksariyat tadbirkorlar ishlab chiqarish hajmi pasayganini, faoliyat cheklanganini va energiya yetishmovchiligi sababli zarar ko‘rishayotganini bildirgan.  

Tadbirkorlar uchun qiyinchiliklar ortmoqda

So‘rov natijalariga ko‘ra, o‘tgan yilning oktyabr-dekabr oylarida tadbirkorlarning 53%i biznes muhiti yaxshilangani haqida ma’lum qilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich oldingi chorakda 57% bo‘lgan. Asosiy ijobiy o‘zgarishlar bank xizmatlarining yaxshilanishi va kredit olish imkoniyatlarining kengayishi bilan bog‘liq bo‘lsa-da, gaz va elektr ta’minotidagi uzilishlar biznes uchun jiddiy to‘siq bo‘lib qolmoqda.  

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yil oxirida uchinchi chorakdagi ijobiy o‘zgarishlar susaygan. So‘rovda qatnashganlarning taxminan yarmi hech qanday o‘zgarish sezmagan, 30%i holat yaxshilanganini, 25%i esa yomonlashganini ta’kidlagan.  

Gaz va elektrdagi muammolar ishlab chiqarishni pasaytirmoqda

Elektr va gaz ta’minotidagi uzilishlar ishlab chiqarish quvvatlarining pasayishiga olib kelgan. So‘rov natijalariga ko‘ra, to‘liq quvvatda ishlay olmagan tadbirkorlar soni 50% dan 55% gacha oshgan. Ushbu muammolar fonida ishlab chiqarish hajmi qisqargan, lekin energiya iste’moli oldingi chorakka nisbatan oshgan.  

Biznes faoliyatining to‘liq yuritilmasligining asosiy sabablaridan biri energiyani yetkazib berishdagi uzilishlar bo‘lib, ushbu muammo chorak davomida 19% dan 25% gacha ortgan.  

Boshqa muammolar ham tadbirkorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda

Gaz va elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolar qatoriga ijara narxining oshishi (17%), aylanma mablag‘larning yetarli emasligi (16%) va mahsulotga bo‘lgan talabning pasayishi (16%) kabi qiyinchiliklar ham qo‘shilgan.  

Bundan tashqari, soliq tizimidagi murakkabliklar, yoqilg‘i narxining oshishi (16%) va iqtisodiyotdagi noaniqliklar (14%) tadbirkorlar orasida eng ko‘p shikoyat qilingan muammolar sirasiga kiritilgan.  

Ishbilarmonlik muhiti istiqbollari qanday?

Kelgusi chorak uchun respondentlarning 62%i iqtisodiy va biznes muhitining yaxshilanishini kutayotganini bildirgan. Bu ko‘rsatkich oldingi so‘rovga nisbatan 6 foiz punktga oshgan. Shu bilan birga, 25% tadbirkorlar hech qanday o‘zgarish bo‘lmaydi deb o‘ylaydi (-8 foiz punkt), 11% esa vaziyat yanada yomonlashishini kutmoqda (-2 foiz punkt).

Теги :
Jamiyat