$
 12948.10
-9.04
 14696.09
-6.38
 156.93
0.37
weather
+26
Кечаси   +14°
powerads

2024-yilda O‘zbekiston biznes muhitida qanday o‘zgarishlar kuzatildi?

biznes muhiti

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2024-yilda respublika bo‘ylab tadbirkorlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalari asosida biznes muhitining tahlilini taqdim etdi. Olingan ma’lumotlarga asoslanib, biznesning joriy holati va kelgusidagi kutilmalarini aks ettiruvchi biznes muhiti indeksi shakllantirildi.

Mazkur indeks IFO instituti (Germaniya) tomonidan ishlab chiqilgan metodologiyaga asoslangan. So‘rov davomida korxona rahbarlari ishlab chiqarish dinamikasi, talab, narxlar va boshqa ko‘rsatkichlar bo‘yicha tadbirkorlik faoliyatidagi joriy va kutilayotgan o‘zgarishlarni baholadilar.

Biznes muhiti indeksi: O‘zgaruvchanlik va o‘sish

Yil davomida biznes muhiti indeksi o‘zgaruvchan xususiyatga ega bo‘lib, yillik o‘rtacha 53 bandni (-100 dan +100 gacha bo‘lgan shkalada) tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich O‘zbekistondagi biznes muhitining holatini ijobiy deb baholashga asos bo‘ldi.

Eng yuqori indeks yanvar oyida qayd etilib, 61 bandni tashkil etgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkich oktyabr oyida 42 band darajasida qayd etildi. Bu pasayish asosan sanoat tarmog‘idagi ko‘rsatkichlarning 72 banddan 31 bandgacha pasayishi bilan bog‘liq.

Shu bilan birga, may–sentyabr oylarida indeks ko‘rsatkichlari ijobiy dinamikani saqlab qoldi. Ushbu davrda sanoat va qishloq xo‘jaligidagi ko‘rsatkichlar sezilarli yaxshilanib, 63–66 bandgacha ko‘tarildi. Yil oxiriga kelib barcha tarmoqlarda optimizm qayd etilib, indeks 56 bandni tashkil etdi.

Umuman olganda, yil davomida kuzatilgan o‘zgaruvchanlikka qaramay, biznes vakillarining optimizm darajasi yil yakuniga kelib tiklandi. Bu esa kelgusida ham iqtisodiy rivojlanishning ijobiy tendensiyasi davom etishini anglatadi.

Biznesning joriy holati indeksi

Biznes joriy holati indeksi yil davomida sezilarli o‘zgarishlarni boshdan kechirgan bo‘lsa-da, yil yakunida barcha tarmoqlarda ijobiy ko‘rsatkichlarning o‘sishi kuzatildi.

Yillik o‘rtacha indeks 39 bandni tashkil etdi. Tarmoqlar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich qishloq xo‘jaligida 42 band, xizmatlar sohasida 40 band, qurilishda 38 band va sanoatda 33 bandni qayd etdi.

So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, biznesning joriy holatini “yaxshi” deb baholagan respondentlar ulushi yil davomida sentabr oyida eng yuqori 45 foiz va iyul oyida eng past 37 foiz darajasida qayd etilgan. Tarmoqlar kesimida sentabr oyida qishloq xo‘jaligida 49 foiz bilan eng yuqori, yanvar oyida esa qurilishda 26 foiz bilan eng past ko‘rsatkich kuzatilgan.

Biznesning istiqboldagi kutilmalari indeksi

2024-yilda biznesning istiqboldagi kutilmalari indeksi yillik o‘rtacha 68 bandni tashkil etdi va yuqori darajada saqlanib qoldi. Qishloq xo‘jaligida mazkur ko‘rsatkich 73 band, qurilish sohasida 69 band, sanoat va xizmatlar tarmoqlarida esa 66 band darajasida qayd etildi.

Yanvar–oktyabr oylari davomida kelgusi uch oy ichida talab o‘sishini kutayotgan respondentlar ulushi 74 foizdan 57 foizgacha pasaygan. Narxlar o‘sishini taxmin qilgan respondentlar ulushi esa yil davomida apreldagi maksimum va iyuldagi minimum darajalari oralig‘ida shakllanib, yillik o‘rtacha 25 foizni tashkil etdi.

Biznesdagi dolzarb muammolar

Yil davomida biznes faoliyatini yuritishda duch kelinadigan to‘siqlar asta-sekin kamayib bordi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, tadbirkorlarning o‘rtacha 54 foizi biznes yuritishda hech qanday to‘siqlar yo‘qligini ta’kidlagan. Yanvar–iyul oylarida bu ko‘rsatkich o‘rtacha 50 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yilning so‘nggi choragida 62 foizga yetgan.

Umuman olganda, tadbirkorlar duch keladigan muammolar o‘tgan yilga nisbatan kamaygan. Xususan, moliyalashtirish bilan bog‘liq muammolar 15 foizdan 13 foizgacha, yer olishdagi qiyinchiliklar esa 7 foizdan 4 foizgacha kamaygan. Sanoat tarmog‘ida moliyalashtirish bo‘yicha muammolar 5 foizga, elektr energiyasi ta’minoti 3 foizga, yer olish bilan bog‘liq muammolar esa 4 foizga pasaygan. Mart oyida moliyalashtirish bilan bog‘liq muammolar 24 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, oktyabr oyiga kelib bu ko‘rsatkich 5 foizga tushdi, bu esa sanoatdagi moliyalashtirish bilan bog‘liq vaziyatning sezilarli yaxshilanganidan dalolat beradi.

Qishloq xo‘jaligidagi asosiy muammo suv ta’minoti bo‘lib, yillik o‘rtacha ko‘rsatkich 10 foizni tashkil etdi. Yil boshida bu muammo 20 foiz respondentlar tomonidan tilga olingan bo‘lsa, yil yakunida bu ko‘rsatkich 6 foizga tushdi. Bu qishloq xo‘jaligida suv ta’minoti bilan bog‘liq vaziyatning asta-sekin yaxshilanganini ko‘rsatmoqda.

Qurilish sohasida talabning kamligi asosiy to‘siq sifatida qayd etildi. Yil boshida bu muammo 9 foiz respondentlar tomonidan ta’kidlangan bo‘lsa, mart oyiga kelib 2 foizga tushgan va dekabrda 3 foizni tashkil etgan.

Xizmat ko‘rsatish sohasi vakillarining 58 foizi biznes yuritishda hech qanday to‘siqlar mavjud emasligini bildirgan, bu 2023-yil darajasiga mos keladi. Shu bilan birga, 11 foiz respondent moliyalashtirishni, 6 foiz yuqori soliq stavkalarini, 5 foiz esa elektr energiyasi ta’minotini asosiy to‘siqlar sifatida ko‘rsatgan.

Теги :
Jamiyat