$
 12593.77
90.78
 14698.19
213.48
 158.49
2.55
weather
+26
Кечаси   +14°

Prezident raisligidagi yig'ilish qanday o'tdi?

Mirziyoyev

Bugun Shavkat Mirziyoyev raisligida oliygohlar bitiruvchilarini ishga joylashtirish bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilish bo'lib o'tdi.

Oliy ta'limda qabul oshdi, ammo kadrlar tayyorlash tizimi real ehtiyojga mos emas

Unda ta'kidlanishicha, So‘nggi 7 yilda oliy ta’lim qamrovi 42% ga yetib, qabul 4,5 barobar oshdi. Biroq kadrlar tayyorlash tizimi real ehtiyojga mos emas. Masalan, yiliga 20 ming avtomobil ishlab chiqarayotgan “BYD” zavodida 100 ta bo‘sh ish o‘rni bor, ularning choragi — robototexnika va dasturlash muhandislariga tegishli. Kadr yetishmagani uchun 80 nafar xorijlik mutaxassis ishlamoqda. Zavod 4-5 yilda yiliga 500 ming avtomobil ishlab chiqara boshlasa, 4 ming oliy malakali kadr kerak bo‘ladi. Davlat rahbari ta’kidlashicha, 3-4 yilda ishga tushadigan 83 mlrd dollarlik loyihalar sanoatga 500 mingga yaqin mutaxassis talab qiladi.

Yengil sanoatda 4 ming oliy toifali mutaxassis zarur

Shuningdek, yig‘ilishda oliygohlar tayyorlayotgan kadrlar va ish beruvchilar talabi o‘rtasida katta tafovut borligi ta’kidlandi.

Yengil sanoatda 4 ming oliy toifali mutaxassis zarur, ammo yiliga o‘rtacha 2,5 ming bitiruvchi bo‘lishiga qaramay, zamonaviy uskunalarda ishlashni bilmasligi sababli ularning 42 foizi ishga joylasha olmayapti. Natijada tadbirkorlar chetdan mutaxassis jalb qilmoqda.

Davlat rahbari ishga joylashish hisobi bo‘yicha kamchiliklarni tanqid qildi: 231 ming bitiruvchidan 125 ming nafari ishli, ammo ularning 42 mingtasi o‘zini o‘zi band qilgan.

Bir talabani o‘qitishga davlat yiliga 25–30 mln so‘m sarflaydi. Shunga qaramay, to‘rt yil o‘qigan yoshlarning yarmidan ko‘pi kam malaka talab etadigan ishlarni bajarishga majbur.

Oliygohlarning moliyaviy erkinligi samara bermoqda

Shu bilan birga, qirqta oliygohga berilgan moliyaviy mustaqillik bugun samara berayotgani ta'kidlab o'tildi.

Unga ko'ra, iqtisodiyot, yuridik, tibbiyot, tillar va pedagogika yo‘nalishidagi oliygohlar yetarli mablag‘ga ega. Ammo qishloq xo‘jaligi, veterinariya, muhandislik hamda STEM yo‘nalishidagi ayrim oliygohlar daromad topishga o‘rgana olmayapti va yoshlar uchun jozibador emas.

Prezident “tarmoq–korxona–oliygoh” zanjirini jadallashtirish zarurligini ta’kidladi.

25 ta muhandislik oliygohi hamkor korxonalarda 438 ta kafedra ochgan. Masalan, neft-gaz tarmog‘i ta’lim–ishlab chiqarish klasterlarini yo‘lga qo‘ydi. Buxoro texnika universiteti 10 ta korxonada 20 ta kafedra filialini ishga tushirdi.

Yaqin yillarda Buxoroda yirik gaz-kimyo majmuasi ishga tushadi. Ustyurtda xorijiy kompaniyalar yangi loyihalarni boshladi. Prezident mutaxassis tayyorlash va ilmiy izlanishlarni kim olib borishi masalasini hozirdan hal etish kerakligini qayd etdi.

Endi oliygohlar buyurtmaga kadr tayyorlaydi

Endi qiymati 1 mln dollardan yuqori, 50+ ishchiga ega loyihalar bo‘yicha texnik-iqtisodiy asosda mutaxassislar ehtiyoji aniqlanadi.

Mas’ul vazirlik va tarmoq rahbarlari oliygohlarga buyurtma berib, kadrlarni maqsadli tayyorlaydi.

Rektorlar bu talabalar uchun asosiy fanlardan tashqari qo‘shimcha ta’lim modullarini joriy etadi, o‘tilgan modullar uchun kredit ballari beriladi.

Ikkinchi kursdan boshlab, talabaning bilimi investor ishtirokida har yili baholanadi. Diplom ishi esa loyiha masalalariga asoslanadi.

Natijada investor talabiga mos bitiruvchilar kafolatli ish bilan ta’minlanadi.

"Karyera markazlari" 500 mln so'mgacha mukofot oladi, qachonki...

Tahlillarga ko‘ra, byurokratiya sabab xususiy sektor bo‘sh ish o‘rinlarini ochiqlashga qiziqmaydi.

Shu bois bitiruvchilarni ishga joylashtirish bo‘yicha xususiy sektorga ma’qul tizim joriy etiladi.

Tadbirkorlar reytingiga yangi ko‘rsatkich qo‘shilib, ular bo‘sh ish o‘rinlarini mutaxassislik bo‘yicha kiritadi. Platformaga oliygohlar ham ulanib, “karera markazi” bitiruvchini korxona bilan bog‘laydi.

Bitiruvchini ishga olgan tadbirkorga qo‘shimcha ball beriladi. Bitiruvchilarining yarmidan ko‘pini ishga joylagan “karera markazi” esa oliygoh jamg‘armasidan 500 mln so‘m mukofot oladi.

Oliygohlar o'zi to'plagan ballga qarab moliyalashtiriladi

Davlat rahbari rektorlar vakolatini kengaytirish va mas’uliyatini oshirish zarurligini ta’kidladi. Endi “Yangi O‘zbekiston” universiteti baholash tizimi boshqa oliygohlarda ham joriy etiladi.

  • Moliyalashtirish oliygoh to‘plagan ballar asosida bo‘ladi:
  • Bitiruvchilar bandligi – 40 ball
  • Ilmiy tadqiqotlar buyurtmasi va mahsulot sotish – 30 ball
  • Ilmiy salohiyat va xalqaro maqolalar – 20 ball
  • Mahalliy va xorijiy grantlar – 10 ballgacha

Masalan, Qarshi texnika universiteti 85% ball olsa, 78 mlrd so‘mlik byudjetga qo‘shimcha 20% bonus oladi. 56% dan kam bo‘lsa, moliyalashtirish qisqaradi.

Milliy universitet, Irrigatsiya kabi ilmiy, Madaniyat va san’at, Konservatoriya kabi ijtimoiy oliygohlarni texnika yo‘nalishidagi amaliy oliygohlar bilan teng baholab bo‘lmasligi aytildi. Shu bois reyting mezonlari buni hisobga olgan holda ishlab chiqiladi.

Endi abituriyentlar 5 ta oliygohga kira olmasa oltinchisiga qabul qilinadi

Prezident abituriyentlar uchun yangi imkoniyat tashabbusini ilgari surdi.

Hozirda ular 5 ta oliygohni tanlash huquqiga ega, bu oliy ta’limdagi katta qadam sifatida baholandi.

Endi esa agar abituriyent 5 oliygohdan birortasiga kirolmasa, lekin balli boshqa oliygohdagi bo‘sh yo‘nalishga mos kelsa, rektor uni kontrakt asosida qabul qilishi mumkin bo‘ladi. Bu o‘zgarish davlat va xususiy oliygohlar o‘rtasida raqobatni kuchaytiradi.

Prezident ishsiz bitiruvchilarni ish bilan ta'minlash yo'nalishlarini belgilab berdi

Prezident 92 ming band bo‘lmagan bitiruvchini ishga joylashtirish va yangi ish o‘rinlari yaratish yo‘nalishlarini belgiladi:

  • Ta’lim orqali bandlik: 20 ming bitiruvchi magistratura va ikkinchi mutaxassislik bilan qamrab olinadi.
  • Korxonalardagi imkoniyatlar: 20 ming bitiruvchi staj talab qilmaydigan 10 mingga yaqin korxona ish o‘rinlariga joylashtiriladi.
  • Biznes-inkubatorlar: Har viloyatda tashkil etilib, startaplar, marketing, dizayn va IT xizmatlari orqali 15–20 ming bitiruvchi band qilinadi.
  • Sanoat tarmoqlari: Kimyo, energetika, geologiya, avtosanoat, metallurgiya, farmatsevtika sohalarida 10 ming bitiruvchi ish bilan ta’minlanadi.
  • Mahalliy ishlab chiqarish: To‘qimachilik, charm, elektrotexnika, qurilish materiallari, oziq-ovqat sanoatida 5–7 ming bitiruvchi ishli bo‘ladi.
  • Xizmat va ijtimoiy sohalar: Transport, logistika, yo‘l, qurilish va kommunal sohalarda 6 ming; pedagogika, tibbiyot, ijtimoiy himoya, madaniyat va san’at sohalarida 10 ming bitiruvchi ishga joylashtiriladi.
  • Tadbirkorlik: 30 ming bitiruvchiga biznesini yo‘lga qo‘yishda ko‘mak beriladi.

Bitiruvchilarni ishga olgan korxonalarga imtiyozli kreditlar beriladi

Yoshlar bandligini ta’minlash uchun banklarga 300 mln dollar resurs ajratildi.

Bitiruvchilarning katta kredit olishdan cho‘chishi sabab, imtiyozli kreditning bir qismini ularni ishga olgan korxonalarga berish taklifi ma’qullandi.

1. Kredit shartlari: Ishga olingan bitiruvchilar soniga qarab tadbirkorga 5 mlrd so‘mgacha 18% kredit beriladi.

  • 1 mlrd so‘mgacha olganlar — kamida 1 bitiruvchi
  • 5 mlrd so‘m olganlar — kamida 5 bitiruvchi ishli qiladi.

2. Kafolat sharti: Agar korxona bitiruvchini 2 yil ichida bo‘shatsa, kredit foizi tijorat stavkasiga o‘zgaradi.

Tizim nafaqat bu yilgi, balki oliygohni bitirganiga 3 yil bo‘lmagan yoshlar uchun ham amal qiladi.

52 ming tarbiyasi og‘ir yosh huquq-tartibot xodimlari otaliqqa olgan

Davlat rahbari uyushmagan yoshlar bilan ishlash masalasiga to‘xtaldi.

115 ming nafar yoshning bandligi ta’minlanmoqda, 52 ming tarbiyasi og‘ir yosh huquq-tartibot xodimlari otaliqqa olganidan ijobiy natija berildi.

Shu bilan birga, 5,5 ming ishsiz, 31 ming tarbiyasi og‘ir yosh va 3 ming o‘qishdan chetlatilgan talaba bilan tizimli ishlash zarurligi ta’kidlandi.

  • Kasb va til o‘qitish: Hokimlar, mahalla raislari va yoshlar yetakchilari bilan birgalikda 9 ming uyushmagan va o‘qishdan chetlatilgan yosh tadbirkorlik, xorijiy til va zamonaviy kasblarga o‘rgatilib, ishli qilinadi.
  • Ijtimoiy faoliyatga jalb etish: 31 ming tarbiyasi og‘ir yosh kasb va til to‘garaklari, sport musobaqalari hamda harbiy-vatanparvarlik tadbirlariga jalb qilinadi.
Теги :
Jamiyat