$
 12171.61
-24.39
 14117.85
-23.41
 149.80
-1.94
weather
+26
Кечаси   +14°

Surunkali kasalliklarga chalingan bemorlarga bepul dori-darmonlar: Dastur qanday ishlaydi?

dori-darmon

Avvalroq, surunkali kasalliklarga chalingan bemorlar bepul dori-darmon bilan ta’minlanishi haqida xabar bergan edik. SSV matbuot xizmati ma’lum qilishicha, bu imkoniyat davlat tomonidan tashkil etilgan Reimbursatsiya dasturi orqali ta’minlanadi va hozirda Toshkent shahrida joriy etilmoqda. Ushbu dastur nafaqat bemorlar uchun qulaylik yaratadi, balki ularning moliyaviy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan.

Sinov davri

Reim-bursatsiya dasturi 2020–2024-yillarda Sirdaryo viloyatida sinovdan o‘tkazilgan. Ushbu sinov natijalari mazkur dastur samarali ekanligini ko‘rsatdi. Shuning uchun 2024-yilning oxirida Toshkent shahrida amaliyotga joriy qilindi. Dastur 2026-yilga qadar butun mamlakat bo‘ylab kengaytiriladi.

Qaysi kasalliklar qamrab olinadi?

Hozirda dastur quyidagi surunkali kasalliklarni qamrab oladi:

Gipertoniya — yuqori qon bosimi;

Yurak ishemik kasalligi;

Qandli diabet (2-tur);

Bronxial astma;

O‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligi.

Bu kasalliklardan aziyat chekayotgan bemorlarga 27 turdagi dori vositalari bepul taqdim etiladi. Bu dori vositalari davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladi.

Dastur qanday ishlaydi?

Bemor avvalo oilaviy shifokorga murojaat qiladi. Shifokor kasallikni aniqlagach, elektron retsept yozadi va u avtomatik tarzda davlat tizimiga kiritiladi. Keyin bemorga SMS orqali maxsus kod yuboriladi yoki QR-kodli retsept beriladi. Bemorlarda SMS tizimi ishlamaydigan hududlar uchun QR-kodli retsept variantidan foydalaniladi.

Dorixonada bemor yoki uning yaqinlari ushbu kodni taqdim etib, zarur dori vositalarini olishlari mumkin.

Nazorat qanday amalga oshiriladi?

Dastur faqat dori olish bilan cheklanib qolmaydi. Patronaj hamshiralar o‘z hududidagi dastur ishtirokchilarini nazorat qiladi. Ular bemorlarning dorilarni vaqtida qabul qilayotganini tekshirish uchun uylarga tashrif buyuradi. Agar bemor dorilarni o‘z vaqtida ichmasa yoki ko‘rsatilgan tartibga rioya qilmasa, hamshiralar tushuntirish ishlarini olib boradi. Shifokorlar esa dori-darmonlar ta’sirini kuzatib, davolash jarayonini davom ettiradi. Zarur bo‘lsa, yangi elektron retsept yoziladi.

Dastur samarali ishlayotgan bo‘lsa-da, bemorlarning o‘z mas’uliyatsizligi muammo bo‘lishi mumkin. Ba’zi bemorlar dorilarni o‘z vaqtida qabul qilmaydi yoki davolanish tartibiga rioya qilmaydi. Sog‘liqni saqlash vazirligi bu borada bemorlarni mas’uliyatli bo‘lishga undamoqda. Davolanish muvaffaqiyati ko‘p jihatdan bemorning shifokor tavsiyalariga rioya qilishiga bog‘liq.

Maqsad

“Reim-bursatsiya” dasturi nafaqat surunkali kasalliklarni tizimli davolashni yo‘lga qo‘yishni, balki aholining moliyaviy himoyasini kuchaytirishni ham maqsad qilgan, deyiladi SSV xabarida. Dastur yordamida kasalliklarning oldini olish, dori vositalariga bo‘lgan ehtiyojni qondirish va aholining sog‘liqni saqlash tizimiga ishonchini oshirish rejalashtirilgan.

Теги :
Jamiyat
Salomatlik