$
 12171.61
-24.39
 14117.85
-23.41
 149.80
-1.94
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston AI-80 markadagi benzin yoqilg‘isidan nega voz kechishi kerak?

avtobenzin

Xabaringiz bor, “O‘zbekiston–2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasida 2025-yil yakuniga qadar “Yevro – 4” standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘isidan foydalanish va sotishni cheklash taklif qilinmoqda. Xalqaro tajribalarga tayanib, AI-80 benzinidan voz kechish nega muhimligi va bu qanchalik mumkinligini ko‘rib chiqamiz.

Transport kopayib ketgan

Vazirlikning ta’kidlashicha, mazkur yoqilg‘idan foydalanish ekologiya va aholi salomatligiga jiddiy xavf tug‘diradi. Shu sababli, bu yoqilg‘idan voz kechish masalasi mamlakatning barqaror rivojlanishi va ekologik xavfsizlikni ta’minlash yo‘lida muhim qadamdir. Respublikada transport vositalarining soni keskin ortib bormoqda. Transport vositalari sonining o‘sishi respublika, ayniqsa Toshkent shahrida, atmosfera havosining ifloslanishiga, sog‘liqqa bog‘liq muammolarning ko‘payishiga, shuningdek, shaharlarda chang, zararli gazlar va tutun miqdorining ortishi bilan bog‘liq aholi murojaatlarining ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda. 

Statistika nima deydi?

Xalqaro statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo miqyosida atmosfera havosiga tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalarning 59 foizi transport vositalari, 21 foizi sanoat korxonalari, va 20 foizi elektr energiyasini ishlab chiqarish hissasiga to‘g‘ri keladi. 

AI-80 markadagi benzindan foydalanganda atmosferaga karbonat angidrid, azot oksidlari, oltingugurt dioksidi, uglevodorodlar va PM2.5 ifloslantiruvchi moddalari boshqa turdagi motor yoqilg‘ilariga nisbatan ko‘proq tashlanadi. AI-80 markadagi benzindan foydalanish atmosferada ifloslantiruvchi moddalar va og‘ir metallarning to‘planib qolishiga olib keladi. 

2025-yildan import, 2026-yildan ishlab chiqarish taqiqlanadi

Loyihada 2025-yil yakuniga qadar “Yevro – 4” standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘isidan foydalanish va sotishni cheklash ilgari surilgan. Shuningdek, respublikaning yirik shaharlarida, jumladan, Toshkent shahrida avtotransport vositalaridan chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar miqdorining keskin oshishi hamda atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish maqsadida 2025-yil 1-martdan AI-80 markadagi benzin yoqilg‘isini bojxona rasmiylashtiruvlaridan o‘tkazish va “erkin muomala (import) uchun chiqarish” bojxona rejimiga joylashtirishni qat’iyan taqiqlash taklif qilinmoqda. 

Qolaversa, 2026-yil 1-yanvardan har qanday ishlab chiqaruvchi, tashkilot yoki korxona tomonidan AI-80 markadagi benzin yoqilg‘isini ishlab chiqarish qat’iyan taqiqlanishi maqsadga muvofiq. 

Xalqaro tajriba 

Yevropa Ittifoqi davlatlari “YEVRO” standartlari orqali avtomobil yoqilg‘isi sifatini qat’iy nazorat qiladi. 2005-yilda joriy etilgan YEVRO-4 standarti AI-80 kabi past sifatli yoqilg‘idan foydalanishni taqilaydi. Efiopiya 2024-yil yanvar oyida benzin va dizel yoqilg‘ili transport vositalarini import qilishni taqiqlagan. Bu qaror mamlakatning yoqilg‘i importiga sarflanadigan xarajatlarini kamaytirgan va atrof-muhitga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. 

Chili va AQSH 2035-yilgacha benzinli avtomobillarni sotishni to‘xtatishni rejalashtirgan, bu qaror atrof-muhitni muhofaza qilish va uglerod chiqindilarini kamaytirish maqsadida qabul qilingan. MDH (Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Qozog‘iston) davlatlarida esa AI-80 benzini va boshqa past oktanli yoqilg‘ilardan foydalanish taqiqlangan, shuningdek, yuqori oktanli benzin markalariga o‘tish va elektr transport vositalarini import qilish uchun soliq imtiyozlari berilgan.

Qanday foyda beradi?

AI-80 markadagi benzin yoqilg‘isidan voz kechish natijasida transport vositalaridan atmosfera havosiga tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalar hajmi keskin kamayib, nafaqat havo sifati sezilarli darajada yaxshilanadi, balki aholi salomatligi mustahkamlanadi, atrof-muhit muhofazasi kuchayadi. Shuningdek, ekologik toza transport texnologiyalarining joriy etilishi iqtisodiyotning innovatsion rivojlanishiga turtki bo‘lib, yangi ish o‘rinlari yaratilishi va xalqaro ekologik standartlarga muvofiq qadam tashlash imkonini beradi. Bu o‘z navbatida mamlakatning xalqaro maydonda ekologik nufuzini oshiradi.

O‘zbekiston ushbu benzin turidan voz kecha oladimi?

AI-80 markadagi benzinni iste’moldan chiqarish masalasi bir necha yildan beri muhokamada. Har safar ushbu tashabbus qish mavsumida yangraydi, lekin doim muddati keyinga suriladi. Bu safargi tashabbusning ham amalda qanchalik bajarilishi savol ostida qolmoqda. Avvalroq, mutaxassislar fikriga tayanib, AI-80 benzindan voz kechish uchun bajarilishi kerak bo‘lgan

bir qator muhim shartlar haqida xabar bergan edik. Iqtisodchi Otabek Bakirovning fikricha, AI-80 benzinini taqiqlash tashabbusi Ekologik partiyadan chiqqan bo‘lish ehtimoli katta. Partiyaning siyosiy va ma’muriy resurslari cheklanganligi bois natija qanday tugashini hozirdan prognoz qilsa boladi, deb yozgan edi Bakirov o‘zining Telegram sahifasida.

Теги :
Jamiyat
Avto