$
 12942.01
26.83
 13341.92
50.91
 117.12
1.81
weather
+26
Кечаси   +14°

2017–2023-yillar davomida O‘zbekiston bank tizimida qanday o‘zgarishlar sodir bo‘ldi?

bank

2017–2023-yillar oraligʻida Oʻzbekiston bank tizimini rivojlantirish yoʻlida keng koʻlamli islohotlar oʻtkazildi. Xususan, valyuta bozorining liberallashtirilishi, Markaziy bank tomonidan inflyatsion targetlash rejimining joriy etilishi, pul muomalasi va toʻlov tizimlaridagi modernizatsiya, shuningdek, davlat banklarini transformatsiya va xususiylashtirish jarayonlari bosqichma-bosqich amalga oshirildi.

Bank aktivlari va majburiyatlari hajmining o‘sishi  

2025-yilgacha bir qator davlat banklarini xususiylashtirish rejalashtirilgan. 2023-yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda 35 ta tijorat banki faoliyat yuritmoqda, ulardan 10 tasida davlat ulushi mavjud. 

2017–2023-yillar davomida bank tizimi aktivlari 3,9 baravarga, majburiyatlari esa 3,8 baravarga oshdi. 2023-yil yakunlari bo‘yicha bank tizimi aktivlari 652 trln so‘mni (2017-yilda bu ko‘rsatkich 167 trln. so‘m edi) tashkil etib, YaIMga nisbati 54,7%gacha (2016-yilda 42,3%) ko‘tarildi. Bank tizimining majburiyatlari 2017-yilda 145,9 trln. so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilda bu ko‘rsatkich 555,1 trln. so‘mga yetdi. Jami kapital esa so‘nggi 7 yilda 4,7 baravarga oshib, 2023-yil yakunlariga ko‘ra 97,1 trln. so‘mni tashkil etdi.

Depozit va kredit ko‘rsatkichlari  

So‘nggi 7 yil davomida tijorat banklariga depozit qo‘yilmalarining hajmi hamda aholi va iqtisodiyotni kreditlash ko‘rsatkichlari sezilarli darajada oshdi. 2017-yilda bank tizimidagi jami depozit qo‘yilmalari qoldig‘i 59,6 trln. so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yil yakunida bu ko‘rsatkich 241,7 trln. so‘mga yetib, 4,1 baravarga o‘sdi. Jami depozitlarning 49 foizi xususiy banklarga tegishli bo‘ldi. Shu bilan birga, bank tizimi tomonidan iqtisodiyotga taqdim etilgan jami kreditlar qoldig‘i hisobot davrida 4,3 baravarga oshib, 2023-yilda 471,4 trln. so‘mni tashkil etdi. Kreditlarning depozit qo‘yilmalariga nisbati xususiy banklarda 118%, davlat banklarida esa 268% ni tashkil qildi.

Iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida ajratilgan kreditlar hajmi so‘nggi yillarda jadal o‘sishda davom etdi. Jumladan, qishloq xo‘jaligiga yo‘naltirilgan kreditlar qoldig‘i 10,1 baravarga, ulgurji va chakana savdoda 6,3 baravarga, qurilish sohasida 3,6 baravarga, sanoatda 3,1 baravarga, transport va aloqa xizmatlari sohasida esa 2,1 baravarga oshdi.

Aholi va iqtisodiyot uchun kreditlash hajmi  

Jismoniy shaxslarga turli maqsadlarda berilgan kredit liniyalarining hajmi sezilarli darajada oshdi. 2017-yil yakunida jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlarning qoldig‘i 13,6 trln. so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, 2023-yil yakuniga kelib bu ko‘rsatkich 148,6 trln. so‘mga yetdi, ya’ni so‘nggi 6 yil ichida 10,9 baravarga oshdi. Aholiga taqdim etilgan kreditlar tarkibida ta'lim kreditlari 16,3 baravarga, ipoteka kreditlari 1,6 baravarga, tadbirkorlik uchun ajratilgan kreditlar esa 1,5 baravarga o‘sdi.

Bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari  

Olib borilgan islohotlar natijasida aholining bank xizmatlaridan foydalanish darajasi sezilarli darajada oshdi. 2017-yilda moliyaviy xizmatlarning yillik hajmi 14,9 trln. so‘mni (YaIMdagi ulushi 6%) tashkil qilgan bo‘lsa, 2023-yil yakuniga kelib bu ko‘rsatkich 107,3 trln. so‘mga (YaIMdagi ulushi 9%) yetib, 7,2 baravarga o‘sdi. 2023-yil yakuni bo‘yicha mamlakatda faoliyat ko‘rsatayotgan kredit tashkilotlari soni 204 taga yetdi (2017-yilda 104 ta). Masofaviy bank xizmatlaridan foydalanuvchilar soni 44,1 mln. kishiga (2017-yilda 4,5 mln. kishi), chiqarilgan plastik kartalar soni 46,2 mln. donaga (2017-yilda 19,2 mln. dona), bankomat va infokioskalar soni esa 26 655 taga (2017-yilda 5 632 ta) yetdi.

Теги :
Jamiyat