$
 12927.17
36.74
 14717.58
-3.29
 155.73
-0.31
weather
+26
Кечаси   +14°
powerads

Avtobus yo‘nalishini o‘zgartirishda ham byurokratiya: aholi muammolarini kim hal qiladi?

avtobus

Toshkent viloyatining “Ma’rifat”, “Mirzo Ulug‘bek” va “Fidokor” mahallalarida yashovchilar avtobus yo‘nalishlarini o‘zgartirish bo‘yicha rasmiy murojaat bilan chiqdi. Ularning asosiy talablariga 115-raqamli avtobus marshrutini Salar posyolkasi ichki ishlar bo‘limigacha uzaytirish, shahar markaziga bog‘lovchi yangi yo‘nalish tashkil etish va 3A-raqamli avtobus yo‘nalishini qayta ko‘rib chiqish kabilar kiradi. Bu masala nafaqat talabalar va maktab o‘quvchilari, balki keksa yoshdagi fuqarolar uchun ham dolzarb. 

Aholining oddiy talablari ham bajarilmayapti

Aholi o‘z mahallalarida avtobus yo‘nalishlarini yaxshilashni so‘rab mutasaddilarga murojaat qilgan, biroq bu oddiy talablar ham hanuz bajarilmayapti. Transport tizimidagi muammolar eng avvalo talabalar, maktab o‘quvchilari, poliklinikaga qatnovchi keksalar va nogironligi bor fuqarolar uchun jiddiy qiyinchilik tug‘dirmoqda. Ularning harakatlanish imkoniyatlari allaqachon cheklangan bo‘lsa-da, mas’ul tashkilotlar bu muammoni hal etishga shoshilayotgani yo‘q. 

Aholi tomonidan ko‘tarilgan talablar mantiqiy va asosli, chunki mavjud yo‘nalishlar ularning kundalik ehtiyojlariga mos kelmayapti. 115-raqamli avtobus marshrutini (Chorsu – ToshGRES) Salar posyolkasi ichki ishlar bo‘limigacha uzaytirish, mahallani shahar markazi bilan bog‘laydigan yangi yo‘nalish tashkil etish va 3A-raqamli avtobus yo‘nalishini (TTZ – Yunusobod) qayta ko‘rib chiqish – bu oddiy, lekin muhim talablar. Biroq bu masala hozircha qog‘ozda qolib ketmoqda. 

Mutasaddilar esa yo‘nalishlarni yaxshilash o‘rniga mas’uliyatni bir-birlariga yuklash bilan ovora. Aholining ehtiyojlari inobatga olinmas ekan, jamoat transporti bilan bog‘liq muammolar yanada chuqurlashib boraveradi.

Mas’ul tashkilotlar javobgarlikdan qochmoqda

Aholi ushbu masala yuzasidan “Toshshahartansxizmat” va Transport vazirligiga rasmiy murojaat yo‘llagan. Biroq bu tashkilotlarning javobi kutilganidek bo‘ldi: “Bu bizning vakolatimizga kirmaydi”. Ularning ta’kidlashicha, avtobus yo‘nalishlarini shahar va tuman hokimiyatlari tasdiqlashi kerak, lekin faqat Vazirlar Mahkamasining ruxsati bilan. 

Savol tug‘iladi: oddiy avtobus yo‘nalishini o‘zgartirish uchun nega shuncha idoraning aralashuvi kerak? Nega mutasaddilar muammoni hal qilish o‘rniga bir-biriga ishora qilish bilan ovora? 

Senator aralashmasa, muammo hal bo‘lmasmidi?

Aholining noroziligidan so‘ng, senator Malika Qodirxanova masalani o‘z nazoratiga oldi va bosh vazir o‘rinbosari Achilboy Ramatovga rasmiy so‘rov yubordi. Senator Transport vazirligining ushbu muammo bo‘yicha qanday choralar ko‘rayotgani haqida 10 kun ichida tushuntirish berishini talab qildi. 

Senator darajasida hal qilinishi kerak bo‘lgan muammolarga nazar tashlasak, bu masala shunchalik yirik muammo emas. Lekin mahalliy hokimliklar va transport boshqarmalarining loqaydligi sabab, oddiy bir yo‘nalish o‘zgarishi bosh vazir o‘rinbosarigacha yetib bordi. 

Oddiy muammo, lekin yechim qiyin

Oddiy avtobus yo‘nalishini o‘zgartirish masalasi shunchalik murakkab jarayonga aylanishi qanchalik mantiqiy? Agar har bir kichik masala uchun yuqori lavozimli amaldorlarning aralashuvi talab etilsa, unda shahar infratuzilmasi muammolari qachon va qanday hal qilinadi? 

Bu holat Toshkentda byurokratiya odamlarning haq-huquqlarini qanday qilib cheklayotganini yaqqol namoyon etmoqda. Aholi yillar davomida oddiy transport muammolarining hal etilishini kutadi, biroq mutasaddilar javobgarlikni bir-biriga o‘tkazish bilan band. Natijada esa, oddiy bir yo‘nalish masalasi butun boshli hukumat darajasida ko‘rib chiqilishi kerak bo‘lib qolmoqda. 

Agar mas’ul tashkilotlar o‘z vazifalarini to‘g‘ri bajarsa, bunday muammolar tez va samarali hal bo‘lishi kerak edi. Aholi esa bunday murakkab byurokratik tizimdan charchagan – ularga natija kerak, bahona emas.

Теги :
Jamiyat