$
 12192.06
13.21
 13996.48
-56.7
 143.00
-3.54
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston avtomobil bozori: Monopoliya davri tugamoqdami?

BYD

O‘zbekiston avtomobil bozorida uzoq yillik statik muvozanat buzilib, jiddiy transformatsiya jarayonlari boshlandi. 2026-yilning dastlabki ikki oyi yakunlari shuni ko‘rsatmoqdaki, iste’molchilarning didi va tanlovi tez sur’atlar bilan o‘zgarib bormoqda. Yanvar-fevral oylarida respublika bo‘ylab jami 57 512 dona avtomobil sotilgan bo‘lib, bu raqamlar ortida bozordagi kuchlar nisbatining mutlaqo yangi taqsimoti yashiringan.

Monopoliyaning zaiflashuvi va yangi yetakchilar

Yaqin o‘tmishda ichki bozorning qariyb 90 foizini nazorat qilgan “UzAuto Motors” kompaniyasi o‘zining mutlaq gegemonligini boy berishda davom etmoqda. Joriy yilning dastlabki ikki oyida ishlab chiqaruvchining bozordagi ulushi keskin pasayib, 52,1 foizni (29 943 dona avtomobil) tashkil etdi. Kompaniyaning bunday pastlashiga asosiy sabab sifatida zamonaviy innovatsiyalar va premium segmentga mos yangi modellarning taklif etilmayotgani ko‘rsatilmoqda. Milliy ishlab chiqaruvchi asosan brendning “flagmanlari” hisoblangan eski modellar — “Cobalt” va “Damas” kabi mashinalarni restayling qilish bilan cheklanib qolmoqda.

Bozor ishtirokchilari orasida ikkinchi o‘rinni 15 666 dona (27,2 foiz ulush) sotuv ko‘rsatkichi bilan “Khorezm Auto” egalladi. Kuchli uchlikni “ADM Jizzakh” zavodi 7 202 dona (12,5 foiz) ko‘rsatkich bilan yakunlab bergan bo‘lsa, elektrokar va gibridlar segmentining faol drayveri bo‘lgan “BYD Uzbekistan Factory” 4 621 dona (8,0 foiz) texnika realizatsiya qildi. Ro‘yxatning quyi qismidan esa 80 dona avtomobil sotgan “Asaka Motors” (0,1 foiz) joy oldi.

BYD'ning kutilmagan sakrashi

Garchi kompaniya sifatida ulushlar o‘zgargan bo‘lsa-da, brendlar kesimida “Chevrolet” hamon yetakchilik bayrog‘ini qo‘ldan bergani yo‘q. Ikki oy ichida ushbu brend ostida jami 45 609 dona avtomobil o‘z egalarini topdi.

Biroq asosiy intrigalar premium va ekologik transport segmentida sodir bo‘lmoqda. Masalan, xitoylik avtogigant “BYD" o‘z tarixida ilk bor koreyalik raqobatchisi “Kia”dan o‘zib ketishga muvaffaq bo‘ldi. “BYD” brendi hisobiga 4 621 dona sotuv yozilgan bo‘lsa, “Kia” 4 611 dona ko‘rsatkich bilan deyarli tengma-teng poyga olib bordi. Shuningdek, xaridorlar e’tiborini jalb qilishda “Chery” (1 368 dona), “Haval” (1 223 dona) va “Hyundai” (80 dona) brendlari ham faollik ko‘rsatmoqda.

“Cobalt” sotuvida pasayish

Modellar reytingida uzoq yillik favorit — “Cobalt” hamon peshqadam (15 305 dona), ammo xaridorlarning talabi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan sezilarli darajada — salkam 25 foizga qisqargan. Ikkinchi o‘rindagi “Damas” esa 11 254 dona sotuv bilan barqaror pozitsiyasini ushlab turibdi.

Bozorda eng ko‘p sotilayotgan modellar beshligi quyidagicha ko‘rinish oldi:

  • Tracker” — 7 655 dona;
  • Onix” — 6 799 dona;
  • Labo” — 4 412 dona.

Shu bilan birga, ixcham krossoverlar va sedanlar segmentida “Sonet” (3 912 dona), “M6” (543 dona), “Arrizo 6 Pro” (373 dona) va “Sportage” (228 dona) kabi modellar o‘z pozitsiyalarini mustahkamlamoqda.

Gibridlar bozorni zabt etmoqda

Bugungi kunda iste’molchilarning zamonaviy dizayn va texnologik yechimlarga bo‘lgan talabini aynan yangi avlod avtomobillari qondirmoqda. Gibrid va elektromobillar yo‘nalishida “BYD”ning bir nechta modellari yaqqol yetakchi: “Song Plus Champion DM-i” (1 586 dona), “Yuan Up” (1 360 dona) va “Chazor” (920 dona) modellariga talab yuqori. Xitoyning boshqa brendlaridan “Haval Jolion” (565 dona) va “Chery Tiggo 7 Pro” (346 dona) ham iste’molchilar orasida ommalashib bormoqda.

Ekspertlarlarga ko‘ra, agar “UzAuto Motors” o‘z model qatorini tubdan yangilamasa va innovatsion texnologiyalarga urg‘u bermasa, “BYD”, “Kia” hamda “Chery” kabi brendlar zamonaviy texnologik ustunlik evaziga bozorni egallashda davom etadi. Raqobat muhitining jonlanishi esa har doim iste’molchi foydasiga xizmat qiladi.

Теги :
Jamiyat
Avto