$
 12957.14
29.97
 14702.47
-15.11
 156.56
0.83
weather
+26
Кечаси   +14°
textileads

“Shubhasiz, uchinchi taraf bunday hollardan o‘zining g‘araz maqsadlarida foydalanadi” — Sherxodxon Qudratxo‘ja

alloma

24-yanvar kuni Amerikaning CNN telekanali Abu Ali ibn Sinoni o‘zbek olimi sifatida tanishtirib, uning hayot yo‘li va qilgan ishlari haqida maqola e’lon qildi.

Shundan so‘ng ushbu maqolaga Tojikiston madaniyat vaziri Matlubaxon Sattoriyon e’tiroz bildirib, Abu Ali ibn Sinoning o‘zbek emas balki tojik millatidan ekanligini ta’kidladi.

U buni “haqiqatni buzib ko‘rsatish” deb atadi.

Tojik madaniyat vaziri e’tirozi

Matbuot anjumanida Asia-Plus savoliga javob berar ekan, u “CNN materialiga nisbatan diplomatik, ammo qat’iy munosabat bildirish zarurligini” ta’kidlagan. 

“Tarixiy manbalarni e’tiborsiz qoldirib, tojik xalqining ilm-fan va adabiyot daholarini hamda adabiy merosimizni boshqa millatga o‘zlashtirish holatlari kuzatilmoqda. Bu, afsuski, ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda,” — dedi vazir.

U tojik olimlari va ziyolilari “milliy madaniyat va adabiyot o‘g‘rilariga” rad etib bo‘lmas dalillarga tayanib munosib javob qaytarishiga ishonch bildirdi.

“Bu nafaqat tojik xalqi, balki butun jahon fors adabiyoti tarixi va madaniyatini tahqirlashdir. Ishonchim komilki, bunga fors madaniy-adabiy doirasiga mansub mamlakatlar olimlari va tarixchilari, albatta, munosabat bildiradilar,” — deydi Sattoriyon.

“Tarixiy asosga ega bo‘lmagan telekanal materiali”

Shuningdek, uning ta’kidlashicha, bu “qo‘shni davlatning rasmiy bayonoti emas” balki “shunchaki tarixiy asosga ega bo‘lmagan telekanal materiali”.

Qo‘shni respublika rasmiy vakilining bu munosabatidan so‘ng o‘zbek jamoat faollari segmentida ham qo‘zg’alish sodir bo‘lib, bir qator rasmiylar ushbu fikrga o‘z munosabatlarini bildirdi.

“Ibn Sino Markaziy Osiyo farzandi”

Jumladan, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja ushbu holat bo‘yicha izoh berdi.

Sherzodxon Qudratxo‘ja Tojikiston madaniyat vaziri Matlubaxon Sattoriyonga o‘zbek-tojik do‘stligi ko‘p ming yilga borib taqalishini eʼtirof etib, o‘z hurmatini izhor qilgan. 

“Ammo buyuk faylasuf Suqrot aytganidek, Aflotun manim do‘stim, biroq haqiqat ustundir. Birinchidan, Markaziy Osiyo davlatlari endi haqiqatdan ham birlashayotgan bir tarixiy paytda, o‘zaro chegaralar ochilib, barcha sohalarda mukammal hamkorlik rivojlanayotganda barchamiz aytayotganimizni yetti o‘lchab bir kesib gapirishimiz kerak, albatta”, — deb yozadi O‘zJOKU rektori.

Qudratxo‘ja shu mavzuda bahs ochilgan ekan, mintaqa tarixini puxta o‘rganganda, IX-X asrlarda mintaqada O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston yoki Qirg‘iziston deb tavsiflanish bo‘lmaganini eʼtirof etgan.

“Bugungi kunda internetning istalgan qidiruv tizimiga murojaat qilsangiz, Abu Ali Ibn Sino qaysi mamlakat farzandi deganda: Abu Ali Ibn Sino (980-1037), mashhur tabib, faylasuf, matematik va olim, Buxoro yonida tug‘ilgan. Uning tug‘ilgan joyi hozirgi kunda O‘zbekiston hududiga to‘g‘ri keladi. Shu sababli Ibn Sino Markaziy Osiyo farzandi hisoblanadi,” — deya qo‘shimcha qiladi Qudratxo‘ja.

Shuningdek, Sherzodxon Qudratxo‘ja Abu Ali Ibn Sinoning millati to‘g‘risidagi savol qanchalik o‘rinsiz bo‘lsa-da, bunday yondashuv ikki tomonlama munosabatlarga salbiy taʼsir qilmay qolmasligini alohida yozdi. 

“Va shubhasiz, uchinchi taraf bunday hollardan o‘zining g‘araz maqsadlarida foydalanadi. Biz bugun katta mintaqada yashar ekanmiz, ilm-fan, adabiyot, maʼrifat sohasida cho‘qqiga chiqqan ulug‘ olimlarni seniki, meniki demasdan bir zaminda yashagan bobolarimizning munosib farzandlari bo‘lishimiz kerak,” — deya qo‘shimcha qilgan siyosiy fanlar doktori.

“Bu seniki” yoki “bu meniki” deb emas, asosiy eʼtiborimiz mintaqamizning kelajagi uchun muhim bo‘lgan muammolarga qaratilishi kerak”

Bu bilan bir qatorda masalaga “Yuksalish” harakati raisi Bobur Bekmurodov fikrlarini bildirib, “bugun biz “bu seniki” yoki “bu meniki” deb emas, asosiy eʼtiborimiz mintaqamizning kelajagi uchun muhim bo‘lgan real ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy muammolarga qaratilishi kerak”, deydi Qonunchilik palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat qo‘mitasi raisi.

Bobur Bekmurodov Markaziy Osiyo davlatlari iqlim o‘zgarishi, iqtisodiy o‘sishning barqarorligi va xavfsizlik kabi jiddiy muammolar bilan yuzlashayotganini aytib o‘tdi. 

“Ularni hal etish uchun o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishimiz, birgalikda rivojlanish ustida bosh qotirishimiz zarur. Biz o‘zaro hurmat, ishonch va umumiy farovonlikka intilish yo‘liga sodiqmiz”, deya qo‘shimcha qilgan u.

“Iltimos, biz – olimlar ishiga aralashmanglar”

Ushbu bahslar fonida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Tarix instituti direktori, Senator va tarixchi olim Azamat Ziyo Markaziy Osiyo ulamolari millati yuzasidan tortishuvlarni to‘xtatib, bo‘linishga emas birlashishga qarab harakat qilish kerakligini aytib, “hurmatli siyosatchilarimiz, iltimos, biz – olimlar ishiga aralashmanglar. Tarix fani bizning ishimiz, so‘nggi so‘zni olimlar aytishlari kerak. O‘shanda ham chuqur, birlamchi manbalarga asoslangan, xolis va ilmiy izlanishlar orqali”, deydi siyosatchilarga yuzlanib Azamat Ziyo. 

 “Biz xalqlarimizga haqqoniy tarixni yetkazishimiz kerak. Xoh o‘tmish, xoh bugunga bog‘liq bo‘lsin, aynan haqiqat xalqlarimiz, ayniqsa, yoshlarimizni tarbiyalaydi. To‘g‘ri yo‘lga boshlaydi. Shuning uchun, qanchalik achchiq bo‘lmasin, biz olimlar tarixiy haqiqatlardan yuz o‘girmasligimiz va ularni ochiqlashimiz kerak.

Men manbashunos o‘laroq qirq yildan beri Turon, o‘zbek xalqi va davlatchiligi tarixini o‘rganib kelaman. Masalan, o‘lkamiz o‘z taraqqiyotida eng cho‘qqiga chiqqan temuriylar davrida Turon va Eron ahli “turk va tojik”dan iborat bo‘lgani manbalarda juda ko‘p uqtirilgan.

Umuman aytganda esa, Abdurahmon Jomiy tojik, Abu Nasr Forobiy qozoq, Mahmud Koshg‘ariy qirg‘iz, Zahiriddin Muhammad Bobur, Alisher Navoiy o‘zbek deb yozilgan bironta yozma manba yo‘q!

“Ibn Sinoning ham millati haqida ham bironta guvohlik yo‘q”

Ibn Sinoning ham millati haqida ham bironta guvohlik yo‘q. Agar ularning yozgan asarlari tilidan kelib chiqilsa, ular arab bo‘lishlari kerak. Internetning qulog‘ini burasak, chindan ham, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Mahmud Zamaxshariy va yana yuzlab xorazmiy, buxoriy, farg‘oniy, nasafiy, keshiy, shoshiy, termiziy, marvziylarni arab olimi, arab madaniyati vakili, islom olimi, musulmon olimi deb yozib yotibdi. Bunga nima deyishimiz kerak? Har holda, endigi 22 ta arab davlatiga da’vo bilan chiqmasak kerak.

Shuningdek olim, Markaziy Osiyo davlatlari olimlarini o‘zaro muloqot qilishga Toshkentga chorlagan:

Fursatdan foydalanib, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmanistonda tarix, arxeologiya, sharqshunoslik yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan ilmiy muassasalar direktorlarini Toshkentga chorlayman. Avvalo o‘zaro tanishib olaylik, ilmiy faoliyatlarimizdagi yutuq va kamchiliklarimizdan so‘ylaylik. O‘shanda maqsadimiz va oldimizdagi vazifalar bir ekani va birlashib ishlashimiz shartligi, milliy masaladan-da dolzarbroq mavzular borligi oydinlashadi.

“To‘g‘ri, kelisholmaydigan mavzular ham chiqishi mumkin. Biroq barchamiz uchun birdek muhim bo‘lganlari uyulib yotibdi-ku! Markaziy Osiyo o‘lkamizni maydalab yutishlariga yo‘l qo‘ymasligimizdan barchamiz manfaatdorligimizni esdan chiqarmasligimiz, xalqlarimizni ham shu yo‘ldan boshlashimiz kerak”, — deydi tarixchi olim, O‘zbekiston senatori Azamat Ziyo.