$
 11979.64
-41.58
 13901.17
-77.1
 167.52
-2.01
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston aholisi 25 yilda qariyb 14 million kishiga ko‘paydi

-

So‘nggi chorak asrda O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng yirik demografik o‘sish davrini boshdan kechirdi. Agar 2000-yilda mamlakatda qariyb 24,5 million kishi istiqomat qilgan bo‘lsa, 2026-yilning may oyiga kelib aholi soni 38,4 milliondan oshdi. Shunday qilib, 25 yil ichida yurtimiz aholisi qariyb 14 million kishiga ko‘paydi.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 24-may holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning doimiy aholisi 38 472 709 kishini tashkil etmoqda. Shundan:

  • Erkaklar — 19,37 mln kishi;
  • Ayollar — 19,09 mln kishi.

O‘zbekiston aholisi qanday sur’atlarda o‘sdi?

Yillar kesimidagi aholi o‘sish dinamikasi quyidagicha ko‘rinishga ega:

  • 2000-yil — 24,49 mln kishi
  • 2005-yil — 26,02 mln kishi
  • 2010-yil — 28,00 mln kishi
  • 2015-yil — 31,02 mln kishi
  • 2020-yil — 33,91 mln kishi
  • 2021-yil — 34,56 mln kishi
  • 2022-yil — 35,27 mln kishi
  • 2023-yil — 36,02 mln kishi
  • 2024-yil — 36,80 mln kishi
  • 2025-yil — 37,54 mln kishi
  • 2026-yil — 38,24 mln kishi (1-yanvar holatiga)
  • 2026-yil — 38,47 mln kishi (24-may holatiga)

2000-yildan 2026-yilgacha bo‘lgan davrda aholi soni taxminan 57% ga oshgan. Yillik o‘rtacha ko‘payish ko‘rsatkichi 540–560 ming kishini tashkil etdi.

Ayniqsa, 2010-yildan keyingi o‘sish sur’atlari yaqqol ko‘zga tashlanadi. Agar 2000–2010-yillar oralig‘ida aholi 3,5 million kishiga ko‘paygan bo‘lsa, keyingi 15 yil ichida o‘sish 10 milliondan ortiqni tashkil qildi.

O‘sishning asosiy omillari nimada?

Demografik yuksalishning bosh omili — tug‘ilish darajasining yuqoriligidir. O‘zbekiston hamon mintaqadagi eng yosh yoshli aholiga ega mamlakatlardan biri bo‘lib qolmoqda. Shuningdek, o‘lim darajasining kamayishi, sog‘liqni saqlash tizimining yaxshilangani va o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligining uzaygani ham bu jarayonda muhim rol o‘ynadi.

Shu bilan birga, migratsiya saldosi manfiy ko‘rsatkichga ega: mamlakatdan chiqib ketayotganlar soni hamon ko‘chib kelayotganlardan ko‘proq. Masalan, 2026-yil boshidagi ma’lumotlarga ko‘ra, yurtimizga 721 kishi ko‘chib kelgan bo‘lsa, 2 277 kishi xorijga ko‘chib ketgan.

Biroq aholining tabiiy ko‘payishi migratsiya hisobidagi ushbu yo‘qotishlarni to‘liq qoplab ketmoqda.

Shahar aholisi ko‘paymoqda, qishloqlar esa...

Yqin tariximizda ilk bor shahar aholisi soni qishloq aholisi bilan deyarli tenglashdi. Statistika ma’lumotlari buni tasdiqlaydi:

  • Shahar aholisi — 19,5 mln kishi (50,9%);
  • Qishloq aholisi — 18,8 mln kishi (49,1%).

Bu ko‘rsatkich mamlakatda urbanizatsiya jarayoni faol davom etayotganidan dalolat beradi. Yirik shaharlar va viloyat markazlari ichki migratsiya hamda infratuzilmaning kengayishi hisobiga jadal o‘sib bormoqda.

Eng ko‘p aholi yashaydigan hududlar

Aholi soni bo‘yicha Samarqand viloyati hamon yetakchilik qilmoqda — 4,36 milliondan ortiq kishi. Keyingi o‘rinlarni quyidagi viloyatlar egallagan:

  • Farg‘ona viloyati — 4,2 mln kishi;
  • Qashqadaryo viloyati — 3,7 mln kishi;
  • Andijon viloyati — 3,5 mln kishi;
  • Namangan viloyati — 3,17 mln kishi.
Теги :
Jamiyat