$
 12208.08
32.74
 14116.20
52.46
 155.00
0.71
weather
+26
Кечаси   +14°

Dunyo qariyaptimi? 2050-yilgacha 60 yoshdan katta aholi soni ikki baravar oshishi prognoz qilindi

chollar

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti sayyoramiz aholisi o‘rtasida keksa yoshli kishilar ulushi bilan bog‘liq tahliliy ma’lumotlarni e’lon qildi.

O‘rtacha umr ko‘rsatkichi yil sayin oshib bormoqda

Unda qayd etilishicha, dunyoda odamlarning o‘rtacha umr ko‘rish ko‘rsatkichi yil sayin oshib bormoqda. Xususan, 2030-yilga kelib, 60 va undan katta yoshli odamlar Yer yuzi aholisining oltidan bir qismini tashkil qilishi kutilyapti.

Masalan, 2020-yilda ular soni 1 milliard nafardan iborat edi. 2030-yilda bu ko‘rsatkich 1,4 milliard kishiga yetishi prognoz qilingan.

2050-yilgacha esa 60 va undan katta yoshdagi aholi miqdori ikki baravar ko‘payadi, ya’ni 2,1 milliard kishiga ko‘tariladi. O‘z navbatida, 2050-yilgacha 80 yosh va undan kattalar soni uch baravar oshib, 426 million nafarga yetadi.

Taraqqiy etgan mamlakatlarda jarayon yanayam tezlashgan

Ekspertlar xulosasiga ko‘ra, ushbu tahlillar jahon bo‘yicha aholi tarkibida keksalar ulushi oshib borayotganini tasdiqlaydi. Mazkur jarayon, ayniqsa, taraqqiy etgan mamlakatlarda tezlashgan. Masalan, Yaponiyada 60 yoshdan oshgan odamlar allaqachon aholining 30 foizini tashkil qilmoqda.

Past yoki o‘rta daromadli mamlakatlarda ham 2050-yilgacha 60 yoshdan kattalar aholining uchdan ikki qismiga yetishi taxmin qilinmoqda.

Bu ko‘rsatkichlar kelgusida sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot tizimlarini ushbu demografik o‘zgarishlarga tayyorlash vazifasini kun tartibiga qo‘yadi.

Aholining qarishi bilan bog‘liq qiyinchiliklar

Odatda, yoshi kattalar uchun yagona standart yo‘q. Masalan, ba’zi 80 yoshdagi odamlar 30 yoshdagilarning jismoniy va ruhiy salohiyatiga ega bo‘lishi mumkin, boshqalarda esa yoshroq bo‘lganida ham sezilarli o‘zgarishlar kuzatiladi. Sog‘liqni saqlash sohasida ko‘riladigan chora-tadbirlar ushbu keng ko‘lamdagi tajribalar va ehtiyojlarni inobatga olishi zarur.

Yoshi kattalar ko‘pincha zaif yoki boshqalarga (oilasiga, yaqinlariga yoki davlatga) qaram shaxslar deb qabul qilinadi va jamiyat uchun yuk sifatida qaraladi. Mutaxassislar jamiyatdagi bunday qarashlarni bartaraf etishlari lozim, chunki bunday yoshi bilan bog‘liq noto‘g‘ri qarashlar diskriminatsiya keltirib chiqarishi va yoshi kattalar uchun sog‘lom qarish imkoniyatlarini cheklab qo‘yishi mumkin. Qariyalar jamiyat hayotida juda muhim rol o‘ynaydi. Ular ko‘plab oilalarda maslahat beruvchi, yosh avlodni tarbiyalovchi va jamiyat uchun zarur bo‘lgan tajriba ulashuvchi sifatida katta ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan, ularning jamiyatga qo‘shayotgan hissasini yuksak qadrlash va rivojlantirish kerak.

Bu tendensiya qanchalik xavotirli?

Aholining qarishi nafaqat sog‘liqni saqlash tizimiga, balki ijtimoiy va iqtisodiy tuzilishga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Birinchidan, mehnat bozorida o‘zgarishlar yuz beradi: yoshi ulug‘ aholi sonining ortishi pensiya tizimlariga va moliyaviy resurslarga katta bosim o‘tkazadi. Shu bilan birga, keksalarning faol mehnatga layoqatini saqlash uchun moslashuvchan ish rejimlari va yangi bandlik siyosatlarini ishlab chiqish muhimdir. Ikkinchidan, pensiya tizimining barqarorligini ta’minlash ham muhim vazifa bo‘lib, bu nafaqa byudjetiga yuk bo‘lishi mumkin. Shuningdek, sog‘liqni saqlash tizimi va uzoq muddatli parvarish xizmatlariga talab ortadi. Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash dasturlari va yolg‘izlik muammosiga qarshi choralar ham zarur bo‘ladi, chunki keksalar ijtimoiy izolyatsiyaga ko‘proq duch kelishadi.