$
 12962.98
14.88
 13377.80
-124.48
 123.68
2.67
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda AES qachon ishga tushirilishi ma’lum qilindi

AES

O‘zbekiston ishlatilgan yadro yoqilg‘isi, radioaktiv chiqindilar va yadroviy qurilmalarni ekspluatatsiyadan chiqarish bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasi loyihasini ishlab chiqdi. Bu haqda O‘zbekiston Atom energetikasini rivojlantirish agentligi (O‘zatom) direktori Azim Axmedxadjayev Ozarbayjonning Trend nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Mamlakatning normativ-huquqiy bazasiga mos ravishda

Uning ta’kidlashicha, strategiya loyihasi respublikaning normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq ishlab chiqilgan. Hozirda u tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilmoqda.

Bundan tashqari, Azim Axmedxadjayev O‘zbekiston yadroviy yoqilg‘i yetkazib berish bo‘yicha uzoq muddatli shartnomalar tuzishda mamlakatda qazib olinadigan tabiiy urandan qayta ishlash xomashyosi sifatida foydalanishni ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi.

“Mahalliy xomashyodan foydalanish kelajakda O‘zbekiston atom stansiyalari uchun yetkazib beriladigan yadro yoqilg‘isi narxini tartibga solish va shu orqali ishlab chiqariladigan elektr energiyasi tannarxini pasaytirish imkonini beradi,” - dedi O‘zatom direktori.

AES qachon ishga tushadi?

2024-yil 10-sentyabrda kichik quvvatli atom stansiyasi (KQAS) qurilishiga oid ishlarni boshlash bo‘yicha protokol imzolandi. Bu hujjat stansiyaning loyihalashtirilishi, qurilish ishchilari shaharchasini barpo etish, qurilish va montaj ishlari uchun baza tashkil qilish, shuningdek, muhandislik izlanishlarini o‘z ichiga oladi.

Azim Axmedxadjayev kichik quvvatli atom stansiyasi (KQAS) qurilishining borishi haqida ham so‘zlab berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda qurilish maydonchasida tabiiy muhitning tarkibiy qismlarini kuzatish davom etmoqda.

“Yer usti va yer osti suvlari xususiyatlari, shuningdek, seysmik faollik va yer yuzasining zamonaviy harakatlari bo‘yicha aerometeorologik monitoring hamda shartnoma doirasida tayyorgarlik davri ishlari olib borilmoqda. Atom stansiyasining birinchi blokini ishga tushirish ishlari boshlanganidan 60 oy o‘tgach amalga oshirilishi kerak. Har bir navbatdagi blok 6 oy oralig‘ida ishga tushiriladi,” - dedi u. (Bu taxminan 5 yil davom etadi. Agar qurilish tayyorgarliklari 2025-yilda boshlangan deb hisoblasak, birinchi blok 2030-yilda ishga tushiriladi).

Xalqaro hamkorlik

O‘zatom direktori O‘zbekiston MAGATE bilan yaqin hamkorlikni davom ettirayotganini va bu mamlakatda yadroviy infratuzilmani rivojlantirishga yordam berayotganini ta’kidladi.

“2023-yilda SEED missiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi va xalqaro ekspertlar tomonidan ijobiy baho oldi. 2022—2027-yillarga mo‘ljallangan Rivojlanish dasturi bo‘yicha qo‘shimcha hujjat imzolanishi MAGATE bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash imkonini berdi,” - dedi Axmedxadjayev.

AES qurilishi issiqxona gazlari chiqindilarini ham qisqartiradi

Uning ta’kidlashicha, uzoq muddatli istiqbolda O‘zbekiston atom energiyasini mamlakatning energetik balansiga integratsiya qilishni rejalashtirmoqda. 2020—2030-yillarga mo‘ljallangan Elektr energiyasi bilan ta’minlash konsepsiyasiga ko‘ra, kichik quvvatli atom stansiyalarini qurish nafaqat uglevodorod yoqilg‘i iste’molini kamaytiradi, balki issiqxona gazlari chiqindilarini ham qisqartiradi.

“Ayni paytda atom energetikasi mamlakatni to‘rt faslda ham elektr energiyasi, issiqlik energiyasi va chuchuk suv bilan ta’minlashning asosi bo‘ladi. Bu sohaning rivojlanishidagi birinchi qadamlardan biri bo‘lib, mamlakat iqtisodiyoti va aholining farovonligini mustahkamlashga yordam beradi. O‘zbekiston, tabiiy uran bo‘yicha yirik ishlab chiqaruvchi sifatida, ushbu resurslardan foydalanish orqali yadro yoqilg‘isi tannarxini boshqarishni maqsad qilgan. Bu atom stansiyalarida elektr energiyasi ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish imkonini beradi,” - dedi u.

Теги :
Jamiyat