$
 12175.34
4.67
 14063.74
15.14
 154.29
1.99
weather
+26
Кечаси   +14°

Joriy yilda O‘zbekistonda 2 543 nafar bola yangi oilalar bag‘riga qabul qilindi

adoption

Chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lgan bolani farzandlikka olishi mumkinmi? AOKAda o‘tkazilgan brifingda Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov ushbu savol yuzasidan batafsil javob berdi.

Farzandlikka olishda to‘liq bola manfaatlariga tayaniladi

O‘zbekistonda farzandlikka olish instituti ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy, huquqiy himoya qilishning asosiy kafolati sifatida belgilangan. Farzandlikka olishni hal qilish vakolati sudlarga berilishi esa ayni munosabatlarda qonuniylikni ta’minlaydi. Bu murakkab jarayon bo‘lib, unda hal qiluv qarori ham milliy, ham xalqaro shartnomalar talablariga asoslangan holda, bola manfaatlaridan kelib chiqib qabul qilinadi. Xususan, Fuqarolik protsessual kodeksida butun bir bob farzandlikka olish, deb nomlansa, u bilan bog‘liq ishlarni ko‘rishda kodeks va Oliy sudning Plenumi qarorlariga ham tayaniladi.

Ariza topshirish jarayoni

Qonun talabi bo‘yicha farzandlikka olish to‘g‘risidagi ariza bolani farzandlikka olishni istagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan farzandlikka olinayotgan bolaning yashash joyidagi fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudiga beriladi. Sud farzandlikka olish to‘g‘risidagi ishlarni farzandlikka oluvchi, vasiylik va homiylik organlarining vakillari, shuningdek, prokuror ishtirok etgan holda ko‘rib chiqadi.

Yopiq sud majlisi

Zarur hollarda, sud farzandlikka olinayotgan bolaning ota-onasini, uning qarindoshlari va boshqa manfaatdor shaxslarni, shuningdek o‘n yoshga to‘lgan bolaning o‘zini ishda ishtirok etishga jalb qilishi mumkin. Farzandlikka olishning sir saqlanishini ta’minlash maqsadida mazkur toifadagi ishlar, shu jumladan, farzandlikka olishni bekor qilish va haqiqiy emas deb topish haqidagi ishlar ham yopiq sud majlisida ko‘rib chiqiladi.

Sud majlisida sir saqlash zarurati

Ishda ishtirok etuvchi shaxslar ularga ma’lum bo‘lgan farzandlikka olish bilan bog‘liq ma’lumotlarni sir saqlashlari zarurligi, shuningdek farzandlikka olish sirini farzandlikka bola oluvchilarning yoki vasiylik va homiylik organining erkiga qarshi oshkor qilganlik uchun Jinoyat kodeksiga binoan jinoiy javobgarlikka tortilishlari mumkinligi to‘g‘risida ogohlantiriladi. Bu harakatlar sud majlisining bayonnomasiga kiritiladi va mazkur shaxslar tomonidan imzo bilan tasdiqlanadi.

Quyidagi shaxslar farzandlikka oluvchilar bo‘lishi mumkin emas:

- ota-onalik huquqidan mahrum qilingan yoki ota-onalik huquqi cheklanganlar;

- qonun bilan belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganlar;

- asab kasalliklari yoki narkologiya muassasalarida ro‘yxatda turuvchilar;

- farzandlikka oluvchi va farzandlikka olinuvchilar yoshidagi farq o‘n besh yoshdan kam bo‘lsa (o‘gay ota va o‘gay ona tomonidan farzandlikka olish hollari bundan mustasno).

Chet el fuqarolari-chi?

Shuningdek, chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs tomonidan O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lgan bolani farzandlikka olish haqida ariza berilishi mumkin. Bunday ishni ko‘rib chiqishda sud nafaqat arizachi fuqarosi hisoblangan davlatning qonunchiligi, balki O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi talablaridan ham kelib chiqadi.

Aytaylik, O‘zbekiston fuqarosi boshqa davlat fuqarosi hisoblangan bolani farzandlikka olmoqchi bo‘lsa, asosiy hujjatlarga qo‘shimcha ravishda farzandlikka olinayotgan bolaning O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashashi uchun O‘zbekiston Respublikasi vakolatli organining roziligi hamda farzandlikka olinayotgan bola qonuniy vakilining va bola qaysi davlat fuqarosi bo‘lsa, o‘sha davlat vakolatli organining roziligi talab qilinadi.

Kimlar farzandlikka olishni bekor qilish to‘g‘risida da’vo bilan murojaat qilishi mumkin?

Sudga farzandlikka olishni haqiqiy emas deb topish va farzandlikka olishni bekor qilish to‘g‘risidagi da’vo bilan farzandlikka olinganning ota-onasi, prokuror, vasiylik va homiylik organlari, bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar, shuningdek, 16 yoshga to‘lgan farzandlikka olingan bolalar murojaat qilishlari mumkin.

2024-yilda 94 foiz da’vo arizalari qanoatlantirilgan

Keling, shu o‘rinda statistik ma’lumotlarga e’tibor qarataylik. 2023-yil mobaynida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan bolani oilaga farzandlikka olish bilan bog‘liq 5 359 ta ish ko‘rilib, tamomlangan. Shundan 5 011 ta da’vo ariza qanoatlantirilgan.

Joriy yilning birinchi yarim yilligida aynan shu toifadagi 2 701 ta ish ko‘rilib, tamomlangan va 2 543 ta da’vo ariza qanoatlantirilgan.