Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 86 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☁ +19° kechasi +9°

Urushda qatnashganlar 10 yilgacha qamalishi mumkin

Yollanma askarlikning huquqiy oqibatlari qanday?

2 daqiqa o‘qiladi

Urushda qatnashganlar 10 yilgacha qamalishi mumkin

Bilamizki, bugungi kunda Rossiya va Ukraina urushida Rossiya qurolli kuchlari yollanma askarlardan ham foydalanmoqda. Ya’ni Rossiya Federatsiyasi fuqarosi bo‘lmagan shaxslar o‘z xohishi bilan ma’lum bir qiymat evaziga Rossiya qurolli kuchlari nomidan urushda qatnashmoqda. Endi savol: Xo‘sh, buning qanday huquqiy oqibatlari bor?

Yollanma askarning xalqaro huquqlari yo‘q

Yollanma askarlar xalqaro huquqlar bilan himoyalanmagan. Hattoki, ular o‘z davlati tomonidan jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin. Ko‘plab mamlakatlarda, jumladan Markaziy Osiyoda ham yollanma askarlik faoliyati noqonuniy hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksida ham ushbu faoliyat alohida modda bilan belgilab qo‘yilgan.

154-modda. Yollanish

Yollanish, ya’ni nizolashayotgan davlatning fuqarosi yoki harbiy xizmatchisi hisoblanmagan yoxud nazorat qilinib turgan nizolashayotgan davlat hududida doimiy yashamaydigan yoki hech qanday davlat tomonidan qurolli kuchlar tarkibida rasmiy topshiriqni bajarish vakolati berilmagan shaxsning moddiy manfaatdorlik yoki boshqa biron shaxsiy manfaatni ko‘zlab, o‘zga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli to‘qnashuvda yoxud harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanishi — besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Yollanma shaxsni yollash, o‘qitish, moliyalashtirish yoki unga boshqa moddiy ta’minot berish, xuddi shuningdek undan harbiy to‘qnashuv yoki harbiy harakatlarda foydalanish — yetti yildan o‘n ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Chet davlatlarning harbiy xizmatga kirish, yollanish ham jazolanadi

Shuningdek, 154,1-moddasida ham O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirishi — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga yollanishi — uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilangan.