$
 12199.71
-19.37
 14328.56
-50.85
 146.09
0.12
weather
+26
Кечаси   +14°

Yandex Uzbekistan: “Ta’lim — xavfsizlikning asosidir. Ta’limsiz yo‘llarga hech bir mopedni chiqarish mumkin emas”

Yandex

Bugungi kunda O‘zbekistonda qariyb 30 ming moped mavjud bo‘lib, 46 mingga yaqin odam ular orqali tirikchilik qiladi. Lekin mopedlar soni oshgani sari yo‘l-transport hodisalari ham ko‘paymoqda. Faqat shu yilning o‘zida 300 dan ortiq YTH qayd etilgan, ularning 53 tasi o‘lim bilan yakunlangan. 

Asosiy muammo — bilim va tajriba yetishmasligi

GR Yandex Uzbekistan rahbari Sardor Qodirov bu kabi holatlarning asosiy sababi bilim va tajribaning yetishmasligi ekanini aytib, moped haydovchilarini o‘qitish va shlem kabi himoya vositalarini majburiy qilish zarurligini urg‘uladi: 

“Yuzaga kelgan vaziyat shuni aniq ko‘rsatmoqdaki, kichik mexanik transport vositalaridan foydalanish sohasi yanada tizimli tartibga solinishi, unda band bo‘lgan odamlar esa albatta tegishli ta’lim olishi kerak. Aks holda ahvol yanada yomonlashadi, chunki bilimsiz va tajribasiz har qanday texnika o‘lim xavfi manbaiga aylanadi.”

Yangi talablar

1-oktyabrdan boshlab mamlakatda yangi talablar kuchga kirmoqda. Moped va skuterlar majburiy ro‘yxatga olinadi, ularni boshqarish uchun esa “A” toifali haydovchilik guvohnomasi talab qilinadi. Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, bu choralar xavfsizlikni oshirish va inson hayotini asrash uchun muhim.

Xavfsizlik — eng ustuvor masala

Qodirovning qayd etishicha, davlat bu orqali mopedlar ortidan tirikchilik qilayotgan minglab odamlarning manfaatini ham inobatga olmoqda.Biroq xavfsizlik va yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish masalasi baribir eng ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda. 

“Tа’lim — bu xavfsizlikning asosi. Tа’limsiz yo‘llarga birorta ham mopedni chiqarish mumkin emas. Shuningdek, shaxsiy himoya vositalariga ham e’tibor kuchaytiriladi. Masalan, shlem taqish oddiy rasmiyatchilik emas, balki hayot-mamot masalasidir”, — deya ta’kidlaydi Yandex Uzbekistan vakili.

Hamma birdek manfaatdor

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur vaziyatda davlat va biznesning maqsadlari bir-biriga mos:

“Bugun davlat ham, biznes ham bir maqsadda — yo‘llardagi fojealarni kamaytirish va odamlarning hayotini asrashda manfaatdor. Bunga esa faqat ta’lim va qoidalarga qat’iy rioya qilish orqali erishish mumkin”, — deydi Sardor Qodirov.
Теги :
Jamiyat
Avto