O‘zbekiston madaniyati va tarixini haqorat qilgan xorijliklarning mamlakatga kirishini taqiqlanishi mumkin
Shuningdek, ularga bank hisoblarini ochish va ko‘chmas mulk sotib olish ham taqiqlanadi.
2 daqiqa o‘qiladi

Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi ishlab chiqildi va qonunchilik tashabbusi huquqi asosida quyi palataga kiritildi.
Yangi qonun chet el tajribasi asosida ishlab chiqilgan
Hujjatda mamlakat suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni belgilash zarurligi ta’kidlangan. Uni ishlab chiqishda Qozog‘iston, Ozarbayjon, Rossiya, Polsha, Belarus, Xitoy kabi mamlakatlar tajribasi hisobga olindi.
Bu chora kimlarga qarshi qoʻllaniladi?
Qonun loyihasida chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni O‘zbekiston hududida bo‘lishi nomaqbul deb topish asoslari va tartibi belgilab qo‘yilgan.
Ushbu chora kimga ta'sir qiladi?
O‘zbekistonning davlat suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xavfsizligiga qarshi chiqqan xorijliklar;
davlatlararo, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovatni qo'zg'atuvchi chet elliklar;
O‘zbekiston xalqining sha’ni, qadr-qimmati yoki tarixini kamsituvchi xorijliklar.
Chet elliklar yoki fuqaroligi bo'lmagan shaxslarning mamlakatda bo'lishi istalmagan deb topilgan shaxslarga besh yil davomida quyidagilar taqiqlanadi:
O‘zbekistonga kirish, banklarda hisob raqamlarini ochish, ko‘chmas mulk sotib olish, davlat mulkini xususiylashtirishda ishtirok etish, moliyaviy va shartnoma munosabatlariga kirish.
Deportatsiya qilinadi
Xorijiy fuqaroning va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning O‘zbekistonda vaqtincha yoki doimiy istiqomat qilishini istalmagan deb topilgan taqdirda, O‘zbekiston hududida yashash va bo‘lish huquqi qonuniy ravishda bekor qilinadi va shaxs deportatsiya qilinadi.
Tegishli bildirishnoma olgach 10 kunda mamlakatni tark etishi lozim
Deportatsiya qilingan taqdirda, fuqarolar tegishli bildirishnoma olingan kundan boshlab 10 kun ichida O‘zbekistonni ixtiyoriy tark etishlari shart. Aks holda, mazkur shaxs ichki ishlar organlari va boshqa vakolatli organlar tomonidan deportatsiya qilinadi, ya’ni majburiy tarzda chiqarib yuboriladi.
Loyiha maqsadi
Qonun loyihasi O‘zbekistonning davlat suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xavfsizligini mustahkamlashga, yurtimizda davlatlararo, millatlararo, dinlararo ahillik, totuvlikni himoya qilishga hamda O‘zbekiston xalqining sha’ni, qadr-qimmati va tarixi hurmat qilinishini ta’minlashga qaratilgan.



