$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonliklarning to‘y, sayohat va uy ta’miri uchun xarajatlari keskin oshgan

xarajatlar

Markaziy bank 2024-yilning ikkinchi choragi uchun iste’mol kayfiyati indeksini (IKI) taqdim etdi, deb xabar qildi regulyator matbuot xizmati.

Ikki qismdan iborat

Iste’mol kayfiyati indeksi — har oy o‘lchanadigan va e’lon qilinadigan iste’molchilar ishonchining o‘lchovi. U ikki qismdan iborat: iste’molchilarning joriy iqtisodiy vaziyatga bahosi va kutilmalari. Iste’molchi kayfiyati aholi iste’molni qanchalik ko‘paytirish/kamaytirishga tayyorligini belgilaydi. Tadbirkorlar iste’molchilarning kayfiyati va ularning xarid qilish niyatlaridan kelib chiqib, ishlab chiqarish, import yoki sotish rejalarini eng samarali tarzda tuzishi va marketing hamda reklamani tashkil etishi mumkin bo‘ladi.

0,7 foiz punktga kamayish

Ko‘rsatkich o‘tgan chorakka nisbatan 0,7 foiz punktga kamaydi — 70,3 punktgacha. Indeksning pasayishiga respondentlarning kelajakda daromadlar o‘sishi (-0,7 foiz) bo‘yicha kutilmalari biroz pasaygani sabab bo‘ldi. Indeksning pasayishiga qaramay, respondentlarning qariyb uchdan ikki qismi kelgusi choraklarda o‘z daromadlari oshishini kutmoqda. Buni iqtisodiyotda aholi daromadlarining o‘sish sur’atlari yuqori darajada saqlanib qolayotgani bilan izohlash mumkin, deb ta’kidladi Markaziy bank.

Daromadlari o‘zgarishini 26,4 foiz respondent kutmayapti

Respondentlarning 26,4 foizi (+1,4 foiz) daromadlari o‘zgarishini kutmayapti. O‘tgan chorak bilan solishtirganda, respondentlarning barcha guruhlarida daromadlarning o‘sishiga oid kutilmalar biroz kamaydi, ammo daromad pasayishini kutayotganlarning ulushi past darajada — 10 foizni tashkil etdi.

Optimistik va pessimistik

Daromadlari 10 million so‘mdan yuqori bo‘lgan shaxslar daromad o‘sishiga optimistik, eng past daromadga ega respondentlar esa (3 million so‘mgacha) pessimistik qaramoqda. Bundan tashqari, kreditlarga bo‘lgan ehtiyoj (-1,2) va jamg‘arishga bo‘lgan moyillik (-1,3) kamaydi.

Daromadlar nimaga sarflanmoqda?

Birinchi chorakda (yanvar-mart) respondentlarning ko‘pchiligi pulning katta qismini uyni ta’mirlash (23,7 foiz), ta’lim (24,7 foiz), davolanish (20,3 foiz), avtomobil (12,3 foiz) va oilaviy tadbirlarga (11,5 foiz) sarflaganini aytdi. Katta xarajatlarga kelsak, uy ta’miri (29,7 foizga), uy-joy (6,2 foizdan 10,6 foizga o‘sish) va avtomobil (12,3 foizdan 14,3 foizga o‘sish) sotib olishni istaganlar ko‘proq bo‘lgan.

Ikkinchi chorakdagi vaziyat

Ikkinchi chorakdagi so‘rov natijalariga ko‘ra, vaziyat o‘zgargan. Uy-joy sotib olganlar ulushi birinchi chorakka nisbatan 6,2 foizdan 5,8 foizga, avtomobil xaridi 12,3 foizdan 10,5 foizga qisqargan. Keyingi oylarda uy-joy sotib olishni xohlovchilar ulushi ham 10,6 foizdan 9,3 foizga kamaygan, avtomobillarda — 14,3 foizdan 11,6 foizgacha. Shuningdek, mebel sotib olish (5,3 foizdan 4,3 foizga), elektron qurilmalar (4,8 foizdan 3,5 foizga), oilaviy tadbirlar (11,5 foizdan 9,2 foizga), davolanish (20,3 foizdan 20,1 foizga) va ta’lim (24,7 foizdan 20,5 foizgacha) bilan bog‘liq xarajatlar ulushining kamayishi kuzatilmoqda.

Keskin oshgan xarajatlar

Shu bilan birga, to‘y marosimlari (7,7 foizdan 8,4 foizga), sayohat (5,2 foizdan 6,5 foizga) va uy-joylarni ta’mirlash (23,7 foizdan 25,8 foizga) xarajatlari ulushi keskin oshdi.

Kredit olish bo‘yicha

So‘rovda qatnashgan daromadi 3 million so‘mgacha va 10−15 million so‘mgacha bo‘lganlar orasida yaqin oylarda kredit olmoqchi bo‘lganlar kamaygan, daromadi 3−10 million so‘mgacha bo‘lgan boshqa guruhlarda kreditlarga talab bir muncha o‘sishi kuzatilmoqda.

37 foiz respondentning umuman jamg‘armasi yo‘q

Respondentlarning qariyb 37 foizi umuman jamg‘armasi yo‘qligini aytdi. Ularning 5 foizdan kamrog‘i jamg‘armalari olti oydan ko‘proqqa yetishini va taxminan 5 foizi — uch oydan olti oygacha yetishini ta’kidladi.