$
 12858.15
-58.95
 14505.28
44.59
 159.71
-0.43
weather
+26
Кечаси   +14°
textileads

Nikoh, uy yumushlari, mentalitet: ayollar orasida ishsizlik ko‘payishiga sabablar nima?

xotin qizlar ish

O‘zbekistonda ayollar orasidagi ishsizlik darajasi so‘nggi paytlarda ortib boryapti. Ayollar orasidagi yuqori ishsizlik ko‘rsatkichlari va past iqtisodiy faollik darajasi bir tomondan yuqori tug‘ilish ko‘rsatkichlari va ayollarning uy ishlariga ko‘p vaqt ajratishi bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi tomondan aholi mentaliteti bilan ham bog‘liq.

Xususan, 2023-yilda respublikada 961 ming nafar chaqaloq dunyoga kelgan. Bu esa o‘z navbatida ayollarning mehnat bozoridan vaqtincha bo‘lsa-da chiqib ketishi va iqtisodiy nofaol maqomga tushishiga olib kelmoqda.

Shuningdek, O‘zbekistonda ayollar vaqtining 22 foizini uy yumushlari va bola parvarishiga sarflaydi (erkaklar 9 soat vaqtini uy ishlariga sarflaydi).

Dunyoda o‘rtacha ishsizlik darajasi

Dunyoda ayollar orasidagi o‘rtacha ishsizlik darajasi 5,3 foizni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich Qozog‘istonda 5,5 foizni, Rossiyada 4 foizni, Ozarbayjonda 6,5 foizni, Belarusda 2,8 foizni, Bangladeshda 6,5 foizni, Xitoyda 4,3 foizni tashkil etmoqda.

2022-yil natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda ayollar orasidagi ishsizlik darajasi 13,4 foizni tashkil etdi (ushbu ko‘rsatkich erkaklar orasida 5,4 foizga teng). 2018 - 2022-yillarda ayollar orasidagi ishsizlik darajasi 1,8 foiz punktga o‘sgan.

Ayollar orasida ishsizlikning eng past ko‘rsatkichlari Toshkent shahri (7,9), Namangan (11,9) va Toshkent (12,8) viloyatlarida kuzatilmoqda.

So‘rovnoma o‘tkazildi

Ayollar orasidagi ishsizlik sabablarini aniqlash va ilmiy asoslangan chora-tadbirlar ishlab chiqish maqsadida MHTI mutaxassislari tomonidan ayollar orasida so‘rov o‘tkazildi.

So‘rovda ishtirok etgan ishsiz respondentlarning o‘rtacha yoshi 32 ga teng. Ularning 56 foizi oliy (ular orasida bakalavr bosqichini davlat granti asosida tamomlaganlar 25,5 foiz, magistratura bosqichini tamomlaganlar 25,6 foiz), 29 foizi o‘rta maxsus ma’lumotga ega.

Ularning deyarli 54 foizi 3 yildan oshiq vaqt mobaynida ishsiz.

Ayollarning ishlamaslik sabablari nima?

So‘rovda ishtirok etgan ishsiz ayollarning ishlamaslik sabablari qilib:

8,5 foizi ishlash istagi yo‘qligi, 7,5 foizi turmush o‘rtog‘i ruxsat bermasligi, 19,5 foizi uy ishlari va farzandlar tarbiyasidan ortmasligi, 22,7 foizi ish o‘rinlarining yo‘qligi yoki ularda taklif etilayotgan oylik maoshlar pastligi, 5,3 foizi ish o‘rinlari to‘g‘risida ma’lumotga ega emasligini bildirgan.

Shuningdek, 13,4 foizi tanish bilishlarsiz ishga kirish qiyinligini, va 4,9 foizi birorta ko‘nikmaga ega emasligini bildirgan.

So‘rovda ishtirok etgan ishsiz ayollarning 85,4 foizi ishlash istagi borligini bildirgan, lekin shunga qaramay ularning bor-yo‘g‘i 24,4 foizi mehnat organlariga murojaat qilgan.

Respondentlarning deyarli 75 foizi kasbiy ko‘nikmaga ega ekanligini bildirgan bo‘lishiga qaramay, 62 foizi yangi kasb o‘rganish istagida ekanligi ma’lum bo‘ldi.

So‘rovda ishtirok etgan ishsiz ayollarning asosiy qismi (40 foizi) sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimida mehnat qilish istagi borligini bildirgan.

So‘rovda ishtirok etgan ayollarning 55 foizi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagi borligini ta’kidlagan.

Oila qurish ishlash ehtimolini kamaytiradi

So‘rov ma’lumotlaridan foydalangan holda MHTI ekspertlari ayollarning ishlash va ishlamaslik ehtimoliga ta’sir etuvchi omillarni ekonometrik jihatdan tahlil qildi.

Ekonometrik tahlil natijalariga ko‘ra, ayollarning oliy ma’lumotga ega bo‘lishi ularning ishlash ehtimolini 0,99 foizga oshiradi, oilali bo‘lish esa ishlash ehtimolini 1,35 foizga kamaytiradi, ayol yoshining kattalashishi uning ishlash ehtimolini 0,08 foizga oshiradi.

Ishsizlikka tug‘ilishlar va nikohlar soni ham ta’sir etadi

Bundan tashqari, Statistika agentligi ma’lumotlari asosida tayyorlangan korrelyatsion bog‘liqlik natijasiga ko‘ra, ayollar orasidagi ishsizlikka eng avvolo tug‘ilishlar va nikohlar soni ta’sir etishi ma’lum bo‘ldi.

Ishsiz ayollar va tug‘ilishlar orasidagi korrelyatsion bog‘liqlik koeffitsiyenti 0,79 ga teng bo‘lsa, nikohlar bilan bog‘liqlik 0,73 ga teng ekanligi aniqlandi.

Tug‘ilishlar bilan bog‘liqlikning mavjudligi bu tabiiy xol, lekin O‘zbekiston sharoitida ayollar turmush qurib ham ishsiz bo‘lishining kuzatilishi, avvalo aholi orasidagi mental qarashlarga borib taqaladi.