Baza: Surovikino koloniyasidagi isyonda oʻzbekistonliklar ishtirok etmagan
Bosqinda ishtirok etganlarning barchasi Tojikiston fuqarolari ekanligi aytilmoqda.
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning Volgograd oblastidagi 19-son axloq tuzatish koloniyasida xodimlar va mahbuslarni garovga olganlar orasida oʻzbekistonliklar yoʻqligi ma’lum bo‘ldi. Baza telegram-kanali xabar berdi.
O‘zbeklarning aybsizligi isbotlandi
“Ramzidin Toshev va Temur Xusinov Volgograd oblastidagi 19-son ahloq tuzatish koloniyasida xodimlar va mahbuslarni garovga olishda ishtirok etmagan. Ular roʻyxatga notoʻgʻri kiritilgan. Garovga olishda ishtirok etganlarning shaxsi ular yoʻq qilinganidan keyin ma’lum boʻldi”, – deyiladi Baza xabarida.
O‘zbekistonliklar ishtirok etgan degan tahmin
“Kommersant” gazetasi taxminiga ko‘ra, axloq tuzatish koloniyasi xodimlarini garovga olgan va maxsus amaliyot davomida o‘ldirilgan to‘rt mahkum O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari ekanligi aytilgan edi. Bular o‘zbekistonlik ekanligi tahmin qilingan Ramzidin Toshev va Temur Xusinov hamda tojikistonlik Navroʻzi Rustamjon va Nazirjon Toshevlar.
Koloniyadagi markaziy osiyolik mahkumlarga bosim
Koloniyadagi isyonda ayblangan Temur Xusinovning akasi Rossiya matbuoti ukasi to‘g‘risida noto‘g‘ri ma’lumot tarqatayotganini aytgan edi:
“Biz Rossiya matbuoti ukam to‘g‘risida noto‘g‘ri ma’lumot tarqatyapti deb ishonamiz. Bu hodisa payti olingan bironta video yo fotoda Temur ko‘rinmagan. Temur bilan hali yaqinda telefonda gaplashgandim, u ikki oydan keyin chiqishini orziqib kutayotgandi. Aka, so‘yishga qo‘yni tayyorlab qo‘yinglar, degandi. U umuman unday radikal guruhlarga aralashadigan bola emas, bizning oilamizda aslo unday unsurlar yo‘q. Men unga tinch yur, yaqinda ko‘rishamiz, degandim”, – degan edi T.Xusinovning akasi.
Shuningdek, Xusinovning yaqinlari markaziy osiyolik mahkumlarga Rossiyaning Ukrainadagi bosqiniga qo‘shilish borasida bosim o‘tkazib kelinganini qo‘shimcha qilgan edi.
Hujumda ishtirok etganlarning barchasi tojikistonlik
Baza xabariga koʻra, hujumda Navroʻzi Rustamjon va Nazirjon Toshevdan tashqari Shobdulkarimxon Karimov va Shohijaxon Sayfiev ham qatnashgan. Ular ham Tojikiston fuqarosi ekani ta’kidlanmoqda.
Sayfiyev 2022-yilda katta miqdorda narkotik moddalarni tarqatishga urinish uchun sudlangan.
Karimovga 2019-yilda katta miqdorda narkotik moddalarni guruh bo‘lib tarqatishga urinish uchun hukm chiqarilgan.
8 kishining umriga zomin bo‘lgan isyon
23-avgust kuni Rossiyaning Volgograd viloyati Surovikino shahridagi 19-sonli axloq tuzatish muassasasida toʻrt nafar mahbus koloniya xodimlarini garovga olgandi. Federal jazoni ijro etish xizmati qamoqxonada jami sakkiz kishi garovga olingani haqida ma’lumot berdi. Mahbuslar xodimlardan toʻrt nafarini tigʻ bilan jarohatlagan, shundan uch nafari voqea joyida halok boʻlgan. Keyinchalik Rosgvardiyaning maxsus boʻlinmasi koloniyani shturm qilib, odamlarni garovga olgan toʻrt mahbusni ham yoʻq qildi. Qamoqxonadagi hodisa oqibatida jami sakkiz kishi halok boʻlgani, shturm davomida faqat bir kishi ozod etilgani ma’lum qilindi.



