Janubiy Koreya o‘zbekistonlik avtomobilsozlarni yuqori maoshli ish bilan ta’minlamoqchi
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda avtomobillarga xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida 6000 nafardan ziyod ishchi kuchiga ehtiyoj bor.
1 daqiqa o‘qiladi

Amaliy tashrif bilan Janubiy Koreyada bo‘lib turgan kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari Ra’no Turdiboyeva boshliq delegatsiya vakillari Koreya Avtomobilsozlik sanoati uyushmasi raisi Kvak Yol Chol bilan uchrashdi.
Yuqori maoshli ish
Muloqot chog‘ida Ye-7 vizasi asosida o‘zbekistonlik ishchilarni Koreya Respublikasida joylashgan avtomobillarga xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida yuqori maosh to‘lovchi ishlarga jalb qilish masalasi muhokama qilindi.
Bu sohada 6000 nafardan ziyod ishchi kuchiga ehtiyoj bor
Janubiy Koreya tomonining ma’lum qilishicha, Uyushma huzurida 6800 ta shoxobcha mavjud bo‘lib, ayni paytda mazkur shoxobchalarda 6000 nafardan ziyod ishchi kuchiga ehtiyoj bor.
O‘zbekistonlik ishchilar taklif qilingan
Uchrashuvda Uyushma rahbari tomonidan mana shu ehtiyojni o‘zbekistonlik ishchilar, xususan avtomobil ta’mirlovchi ustalar hisobidan to‘ldirish taklifi o‘rtaga tashlandi.
O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Ra’no Turdiboyeva ushbu taklifni qo‘llab-quvvatlab, Ye-7 vizasi asosida kirib kelishi rejalashtirilayotgan ishchilarni Koreya Respublikasida mehnat faoliyati davomida huquqlarini himoya qilish, oylik maoshlarini vaqtida to‘lash, ishchilarning noqonuniy faoliyat yuritishining oldini olish hamda xavfsiz va tartibli mehnat migratsiyasini tashkil etishni nazorat qilish o‘zaro hamkorlikdagi muhim jihat ekanligini alohida qayd etdi.



