$
 12998.91
13.9
 13439.57
154.61
 131.29
1.45
weather
+26
Кечаси   +14°

Surunkali uyqusizlik yurak va endokrin kasalliklari xavfini oshiradi

uyqusizlik

Bugungi zamonaviy dunyoda surunkali uyqusizlik muammosi ko‘pchilikning hayotida uchraydi. Doimiy stress, tunda ishlash, noto‘g‘ri odatlar va boshqa ko‘plab omillar tufayli odamlar sog‘lom uyquni yo‘qotmoqda. Milliy tibbiyot markazi direktori o‘rinbosari Akmal Rahmatullaev uyquning inson sog‘lig‘idagi o‘rni va surunkali uyqusizlikning xavflari haqida tushuntirdi

Uyquning ahamiyati

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, uyqu organizmni tiklash uchun muhim jarayon hisoblanadi. Uyqu vaqtida mushaklar tonusi pasayadi, arterial qon bosimi kamayadi, yurak urishi sekinlashadi, qonning to‘qimalarga yetib borishi yaxshilanadi va moddalar almashinuvi sekinlashadi. Bu jarayon organizmdagi barcha organ va tizimlarning “dam olishiga” imkon yaratadi. Biroq, bugungi kunda ko‘pchilik yaxshi uxlolmayotganini yoki hatto doimiy uyqu kelmasligidan shikoyat qilmoqda.  

Surunkali uyqusizlikka olib keluvchi omillar

Uyqusizlikka ko‘plab omillar sabab bo‘lishi mumkin. Asablar zo‘riqishi, tunda ishlash yoki og‘ir mehnat sharoiti, stimullovchi dorilar yoki kofeinli ichimliklar iste’moli, travmatik vaziyatlar va noto‘g‘ri yostiq yoki o‘rincha tanlovi uyqu buzilishining keng tarqalgan sabablaridandir. Bundan tashqari, spirtli ichimliklar iste’moli va tamaki chekish kabi odatlar ham bu muammolarni kuchaytiradi.  

Mutaxassis ta’kidlaganidek, surunkali uyqusizlik nafaqat tashqi omillar bilan, balki ichki kasalliklar bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. Xususan, ruhiy va emosional zo‘riqish, xavotirlik, bosh miya kasalliklari (ayniqsa, miya qon tomirlarining aterosklerozi), ichki a’zolar (buyrak, jigar) va endokrin bezlar faoliyatining buzilishi uyqusizlikni keltirib chiqarishi mumkin. 

 Uyqusizlikning xavfli oqibatlari

Surunkali uyqusizlik organizmning turli tizimlariga jiddiy zarar yetkazadi. Bu holat, avvalo, yurak-qon tomir tizimi uchun xavf tug‘diradi. Uyqu yetishmasligi yurakka ortiqcha yuk tushiradi, arterial qon bosimini oshiradi va yurak faoliyatining buzilishiga olib keladi. 

Endokrin tizimga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi, chunki doimiy uyqusizlik gormonlar balansini buzadi. Bu esa qalqonsimon bez, buyrak usti bezlari va boshqa endokrin organlarning faoliyatini zaiflashtiradi. Shuningdek, moddalar almashinuvi jarayoni sekinlashib, bu holat hazm qilish tizimida turli muammolarni keltirib chiqaradi. 

Uyqusizlikning asab va ruhiy holatga ta’siri ham juda katta. Bu holat ko‘pincha xavotirlik, depressiya va stressni kuchaytiradi. Insonning umumiy psixologik holati yomonlashib, hayot sifati sezilarli darajada pasayadi. Shu sababli, surunkali uyqusizlikning dastlabki belgilari paydo bo‘lishi bilanoq, shifokorga murojaat qilish zarur.

Muammodan qanday qutulish mumkin?

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, uyqu bilan bog‘liq muammolarni hal qilish uchun, avvalo, sog‘lom turmush tarziga rioya qilish zarur. Sport bilan muntazam shug‘ullanish, ammo ularni kechki vaqtda bajarishdan saqlanish, kofeinli mahsulotlarni kunning ikkinchi yarmida iste’mol qilmaslik va tinchlantiruvchi odatlar (masalan, iliq vanna, sokin musiqa) kiritish tavsiya etiladi.  

Shuningdek, yotishdan avval uxlatuvchi dorilarni shifokor ko‘rsatmasisiz qabul qilish qat’iyan man etiladi. Bu dorilar qisqa muddatli yechim bo‘lsa-da, uzoq muddatda salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Теги :
Salomatlik