$
 12198.28
-30.3
 14241.49
-41.49
 156.57
0.61
weather
+26
Кечаси   +14°

Kuniga 6 soatdan kam uxlaydigan insonlar 2050-yilga kelib qanday ko‘rinishda bo‘ladi?

Hanna

Odamlar yetarlicha uxlamasa, 2050-yilga kelib qanday ko‘rinishga ega bo‘lishi mumkinligi g‘aroyib raqamli model tarzida ko‘rsatildi. Bu haqda Daily Mail xabar berdi.

Siyrak sochlar, salqigan teri, shishgan oyoqlar 

Britaniyalik olimlar kuniga 6 soatdan kam uxlaydigan insonlarning tashqi ko‘rinishini tasvirlash uchun 45 yoshli britaniyalik ayol Hannani yaratdi. Kelajakda bu ayol surunkali bel og‘rig‘i, siyrak sochlar, salqigan teri, shishgan oyoqlar va qizil qovoq ostlari bilan tasvirlangan. Bundan tashqari, u qo‘l va oyoq mushaklarining zaiflashuvidan aziyat chekadi hamda kuchsiz immun tizimi tufayli grippga tez-tez chalinadi. Hanna 2050-yilda 45 yoshli ayolni ifodalaydi, ya’ni u hozirda uyqusizlikning zararli yo‘liga kirgan 20 yoshli qizdir.

Shuningdek, u yomon xotiraga va zaiflashgan immunitet tizimiga ega bo‘lib, bu uni shamollash va gripp kabi nafas yo‘llari infeksiyalariga ko‘proq moyil qiladi.

Kuniga necha soat uxlash lozim?

Uyqu bo‘yicha mutaxassis doktor Sofi Bostokning ta’kidlashicha, shoshilinch zamonaviy turmush tarzi va smartfonlarga mukkasidan ketish tufayli odamlar ko‘proq uyquni yo‘qotmoqda. Shu sababli 2050-yilga kelib uyqu yetishmovchiligi Hanna aziyat chekayotgan kabi ko‘plab muammolarga olib keladi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, uzoq muddatli uyqu yetishmovchiligi yurakka ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan kasalliklar xavfini oshirishi mumkin. Bularga semizlik, yurak kasalliklari va 2-tur qandli diabet kiradi.

Mutaxassislar katta yoshli insonlarga kuniga 7-9 soat uxlashni tavsiya qiladi. 7 soatdan kam uxlaydigan kattalar esa sog‘lig‘ida muammolarga duch keladi. So‘rovlarga ko‘ra, britaniyalik o‘rtacha tunda atigi 6 soat-u 20 daqiqa uxlaydi.

Nima qilish kerak?

Olimlar Hannaday ko‘rinmaslik uchun quyidagilarni tavsiya qilmoqda:

  • sutkasiga 7-9 soat uxlash;
  • sirkad ritmlari sinxron bo‘lishi uchun har kuni bir vaqtda, dam olish kunlari ham, o‘rindan turish;
  • kun davomida tabiiy yorug‘likni izlash;
  • haftasiga kamida 75 daqiqa jismoniy mashqlar bajarish;
  • uxlashdan kamida 2 soat oldin iste’mol qilish;
  • uxlashdan 30 daqiqa oldin gadjetda o‘tirmaslik;
  • noqulay to‘shakda uxlamaslik.
Теги :
Salomatlik