Alisher Usmonov: “O‘zimning sevimli sport turimga sodiqman”
O‘zbekistonlik taniqli tadbirkor Alisher Usmonov Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi prezidentligiga qaytishi mumkinligiga munosabat bildirdi.
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik taniqli tadbirkor Alisher Usmonov Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi prezidentligiga qaytishi mumkinligiga munosabat bildirdi.
“Nomzodim ko‘rsatilishini ishonch belgisi deb bilaman”
“Dunyoning 100 dan ortiq milliy federatsiyalari tomonidan Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi prezidentligiga nomzodim ko‘rsatilishi va qo‘llab-quvvatlanishini xalqaro qilichbozlik bo‘yicha o‘tgan 15-yil davomida erishilgan yutuqlarning e’tirofi va ishonch belgisi deb bilaman. 103 ta federatsiyaning har biriga, qolaversa, meni qo‘llab-quvvatlagan sport rahbarlariga aytgan iliq so‘zlari uchun minnatdorchilik bildiraman. Shu bilan birga, FIE prezidentini saylash tartibi tashkilot Nizomi bilan tartibga solinadi. Noyabr oyi oxirida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi Kongressini kutish kerak. Men avvalgidek o‘zimning sevimli sport turimga sodiqman. Xalqaro qilichbozlik hamjamiyatiga bundan keyin ham muvaffaqiyatlar va sport g‘alabalarini tilayman”, dedi Usmonov “MatchTV” bilan suhbatda.
FIE saylovi
Rossiyalik taniqli o‘zbek milliarderi Alisher Usmonovning yana katta sportga qaytishi kutilmoqda. Usmonov nomzodi Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi (FIE) prezidentligiga ko‘rsatildi. Bu borada ikkinchi nomzod esa shvetsiyalik tadbirkor Otto Drakenberg hisoblanadi. Hozirga qadar Usmonov nomzodi 103 mamlakat milliy federatsiyalari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Drakenberg nomzodi esa Shvetsiya qilichbozlik federatsiyasi tomonidan ilgari surildi. 30-noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tadigan tashkilot qurultoyida FIE rahbari saylovi bo‘lib o‘tadi. Federatsiyaning muvaqqat prezidenti gretsiyalik Emmanuel Katsiadakis hisoblanadi.
Usmonovning faoliyati
71 yoshli Alisher Usmonov 2001—2009-yillarda Rossiya qilichbozlik federatsiyasi prezidenti, 2005—2009-yillarda esa Yevropa qilichbozlik federatsiyasi rahbari bo‘lgan. U 2008-yildan 2022-yilgacha Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi prezidenti sifatida faoliyat yuritgan. Ushbu vaqt orasida Usmonov 2012, 2016 va 2021-yillarda tashkilot rahbarligiga qayta saylangan. 2022-yilda u YEI tomonidan kiritilgan sanksiyalar tufayli o‘z vakolatlarini to‘xtatgan edi.



