$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Qo‘poruvchilik va terrorizm qanday farqlanishini bilasizmi?

Terror

Qo‘poruvchilik va terrorizm maqsadlarida ma’lum bir umumiylik borligiga qaramay, ko‘rib chiqilayotgan hodisalar o‘rtasidagi ba’zi fundamental farqlar ham mavjud. 22-mart kuni Moskvaning "Crocus City Hall" konsert zalida bo‘lgan terroristik akt butun dunyo bo‘ylab ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ma’lumotlarga ko‘ra bu terrorizm harakatlari deya aytilmoqda. Xo‘sh, terrorizm nima? Uni qo‘poruvchilikdan qanday farqlash mumkin?

Terrorizmning 200 ga yaqin tushunchasi bor

Qo‘poruvchilikni terrorizm bilan farqlash muammosi qo‘poruvchilikni tasniflash konsepsiyasi va yondashuvlarini ishlab chiqishni murakkablashtiradigan omil hisoblanadi. Terrorizmning jinoyat-huquqiy ta’rifi masalasida olimlar o‘rtasida umumiy fikr mavjud emas. Hozirgi vaqtda terrorizmning 200 ga yaqin tushunchalari mavjud bo‘lib, ularning hech biri umumiy qabul qilinmagan.  

Jinoyat kodeksida qo‘poruvchilik va terrorizm 

Jinoyat kodeksi 161-moddasida qo‘poruvchilikka shunday izoh beriladi: 

Qo‘poruvchilik, ya’ni O‘zbekiston Respublikasining davlat organlari faoliyati yoki ijtimoiy-siyosiy vaziyatning barqarorligiga yoki iqtisodiyotiga putur yetkazish maqsadida odamlarni qirib yuborish, ularning sog‘lig‘iga ziyon, mulkka shikast yetkazish yoki uni nobud qilishga qaratilgan harakatlardan iborat. Shuningdek, Jinoyat kodeksining 155-moddasida terrorizm tushunchasi quyidagicha tavsiflanadi. Terrorizm– xalqaro munosabatlarni murakkablashtirish, davlatning suverenitetini, hududiy yaxlitligini buzish, xavfsizligiga putur yetkazish, urush va qurolli mojarolar chiqarish, ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirish, aholini qo‘rqitish maqsadida davlat organini, xalqaro tashkilotni, ularning mansabdor shaxslarini, jismoniy yoki yuridik shaxsni biron bir faoliyatni amalga oshirishga yoki amalga oshirishdan tiyilishga majbur qilish uchun zo‘rlik, kuch ishlatish, shaxs yoki mol-mulkka xavf tug‘diruvchi boshqa qilmishlar yoxud ularni amalga oshirish tahdididan iborat.

Terrorizm va qo‘poruvchilik o‘rtasidagi farq

Qo‘poruvchilik va terrorizm o‘rtasidagi farqlar quyidagilardan iborat: 

1. Terrorizm tinchlik va insoniyatning xavfsizligiga qarshi, qo‘poruvchilik esa, bevosita O‘zbekiston Respublikasiga qarshi jinoyat hisoblanadi;

2. Qo‘poruvchilikda jinoyatchilarning harakatlari qoida tariqasida iqtisodiy zarar yetkazishga qaratilgan bo‘lsa, terrorizmda ular aholini qo‘rqitish va vaziyatni beqarorlashtirishga qaratilgan. Qo‘poruvchilikning maqsadi, asosan, davlatni iqtisodiy-ijtimoiy jihatdan zaiflashtirish bo‘lsa, terrorizmda esa, xalqaro munosabatlarni murakkablashtirish, qaror qabul qilishga majburlash yoki qaror qabul qilishdan qaytarish hisoblanadi;

3. Qo‘poruvchi odatda yashirin harakat qiladi, terrorchi esa namoyishkorona harakat qiladi va ommaviy axborot vositalari va aholining e’tiborini tortadi. "Qo‘poruvchilik" sof harbiy atamadir. Ayni vaqtda terrorizm hech qachon anonim bo‘lmaydi. Agar ochiqchasiga aytilgan maqsad bo‘lmasa, terror butun ma’nosini yo‘qotadi. Aksincha, qo‘poruvchilikning ajralmas sharti maxfiylikdir - operatsiyani iz qoldirmasdan amalga oshirish;

4. Qo‘poruvchilikda jinoiy harakatning moddiy xususiyati birinchi darajali ahamiyatga ega. Terrorizmda esa siyosiy va salbiy-hissiy jihatlar muhim hisoblandi; 

5. Terrorizm jinoyatining maqsadlari shunchaki (qo‘poruvchilikdagi kabi) davlat organlari faoliyati yoki ijtimoiy-siyosiy vaziyatning barqarorligiga yoki iqtisodiyotiga putur yetkazish yoki mulkka shikast yetkazish hisoblanmaydi. Sanab o‘tilgan maqsadlar terrorchilik harakatlarining bir jihati xolos. Terrorizmda davlatning suverenitetini, hududiy yaxlitligini buzish, xavfsizligiga putur yetkazish, urush va qurolli mojarolar chiqarish, ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirish ustuvor maqsad hisoblanadi. Qo‘poruvchilikda muayyan infratuzilmani vayron qilish ustuvor vazifa sifatida qo‘yiladi.