YI: Telegram foydalanuvchilar sonini kamaytirib ko‘rsatgan
Messenjer buni kontentni moderatsiya qilmaslik va Yevropa komissiyasiga ma’lumotlarni oshkor etmaslik maqsadida amalga oshirgan bo‘lishi mumkin.
2 daqiqa o‘qiladi

Yevrokomissiyaning fan va axborot xizmati - Qo‘shma tadqiqot markazi Telegram messenjeri rahbariyati Yevropa tartib-qoidalariga tushib qolmaslik uchun Yevropa Ittifoqidagi o‘z foydalanuvchilari sonini kam ko‘rsatishi ehtimolini tekshirmoqda. Bu haqda Kun.uz Financial Timesga ta’yanib xabar berdi.
Yevropa Ittifoqidagi oylik auditoriyasi 45 milliondan sezilarli darajada kam
Fevral oyida Telegram Yevropa Ittifoqida 41 million oylik foydalanuvchiga ega ekanligini ma’lum qilgandi. Yevropa Ittifoqi qonunlariga ko‘ra, messenjer avgust oyida yangilangan ma’lumotlarni taqdim etishi kerak, biroq buni qilmadi va Yevropa Ittifoqidagi oylik auditoriyasi “45 milliondan sezilarli darajada kam” degan bayonot bilan cheklandi. Biroq, Bryussel bunday emas deb gumon qilmoqda va tekshiruv belgilangan chegaradan oshib ketganligini ko‘rsatishi mumkin.
Telegram buni YI qoidalariga tushib qolmaslik uchun qilgan
Fevral oyida kuchga kirgan yangi Yevropa Ittifoqining raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonuniga (Digital Services Act, DSA) ko‘ra, Yevropa Ittifoqida oylik 45 milliondan ortiq foydalanuvchisi bo‘lgan onlayn platformalar va ijtimoiy tarmoqlar, birinchi navbatda, foydalanuvchilar uchun xavfli bo‘lgan noqonuniy kontentni moderatsiya qilishi kerak, shuningdek, so‘rov bo‘yicha Yevropa komissiyasiga o‘z ma’lumotlarini taqdim etishga majbur. Mutaxassislarning taxminicha, Telegram rahbariyati ushbu qoidalarga tushib qolmaslik uchun Yevropa Ittifoqidagi foydalanuvchilari sonini ataylab kam ko‘rsatgan, deb yozadi Financial Times.
Avvalroq Yevropa Ittifoqi X mikrobloglar xizmati va TikTok platformasida DSA talablari buzilganini gumon qilib, tekshiruvlar boshlagan edi. Bundan tashqari, Facebook ijtimoiy tarmog‘ining bosh kompaniyasi bo‘lmish Meta’ga nisbatan tekshiruv o‘tkazilmoqda.



