Shanba, 17-oktabr, 2026
Havo 84 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +13° kechasi +10°

BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekistonning yana bir tashabbusini qo‘llab-quvvatladi

Tashabbus “Yashil makon” milliy dasturi asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, degradatsiyaga uchragan va qurg‘oq hududlarda barqaror o‘rmonzorlarni barpo etish va boshqa ekologik muammolar bilan bog‘liqdir.

2 daqiqa o‘qiladi

BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekistonning yana bir tashabbusini qo‘llab-quvvatladi

2024-yil 13-avgust kuni BMTning Nyu-Yorkdagi Bosh qarorgohida BMT Bosh Assambleyasi bir ovozdan “Degradatsiyaga uchragan va qurg‘oq hududlarda barqaror o‘rmonzorlarni barpo etish, daraxt ekish va ularni targ‘ib qilish – ekologik muammolarga qarshi kurashning samarali yechimi” rezolyutsiyasini qabul qildi.

 “Yashil makon” milliy dasturi asosida

Mazkur rezolyutsiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan mamlakatda hayotga tatbiq etilayotgan, shahar va qishloq hududlarini ko‘kalamzorlashtirish orqali bioxilma-xillikni saqlash va tiklashga qaratilgan “Yashil makon” milliy dasturi konsepsiyasi asosida ishlab chiqilgan.

Hujjatda Shavkat Mirziyoyevning Bosh Assambleyaning 78-sessiyasi va BMT Iqlim bo‘yicha 28-konferensiyasida iqlim o‘zgarishiga va yerlarning degradatsiyasiga qarshi samarali kurashish bo‘yicha bildirgan asosiy takliflari o‘z ifodasini topgan.

90 dan ortiq davlatlar hammuallifligida

Rezolyutsiyaga 90 dan ortiq a’zo davlatlar, jumladan, Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari, Ozarbayjon, Avstriya, Belgiya, Bahrayn, Vengriya, Germaniya, Italiya, Iordaniya, Indoneziya, Qatar, Xitoy, Saudiya Arabistoni, Latviya, Mo‘g‘uliston, Marokash, O‘mon, BAA, Pokiston, Portugaliya, Rossiya, Koreya Respublikasi, Turkiya, Fransiya va dunyoning turli mintaqalarini ifodalovchi boshqa davlatlar hammualliflik qildi.

Rezolyutsiyaning tub mazmuni

Rezolyutsiyada o‘rmonlarni barqaror boshqarish va daraxt o‘tqazishning iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik afzalliklari har tomonlama ko‘rsatilgan. Ularning biologik xilma-xillikni oshirish, iqlim o‘zgarishi va havo ifloslanishi oqibatlarini yumshatish va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qo‘shgan hissasi, jumladan kambag‘allikka barham berish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdagi hissasi alohida ta’kidlanadi.

Rezolyutsiyaning o‘ziga xos xususiyati uning atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi so‘nggi ilmiy yo‘nalishlarga muvofiqligidir. Ekologik toza va ekotizimga asoslangan usullardan foydalangan holda biologik xilma-xillikni saqlash va ko‘paytirish maqsadida BMTga a’zo mamlakatlarga daraxt ekish sohasida aniq tavsiyalar beriladi.

Prezidentning avvalgi tashabbuslari ham ma’qullangan edi

Eslatib o‘tamiz, 2024-yil 4-iyun kuni BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston tashabbusi bilan “Markaziy Osiyo davlatlarining giyohvandlik bilan bog‘liq muammolarni samarali hal etish va bartaraf etish uchun yagona front bo‘lib harakat qilish va hamkorlik qilishga tayyorligi” rezolyutsiyasini bir ovozdan qabul qilgandi.

Undan avvalroq BMT “Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyani bir ovozdan ma’qullagandi.