$
 12980.89
11.33
 14722.93
-45.51
 158.67
1.58
weather
+26
Кечаси   +14°

Ta’minot zanjiri va logistika sohasidagi masalalarga AQSHdagi top universitetda yechim izlab: Oybek Muminov hikoyasi

122

“Ishda muvaffaqiyatga erishish uchun texnologiyalar va menejmentni to‘g‘ri joriy qilish, jarayonlarni optimallashtirishga e’tibor qaratish kerak,” deydi Oybek Muminov. Har bir yirik muvaffaqiyat ortida bu kabi qarorlar va yangi imkoniyatlar mavjud. Ammo, yangilik kashf qilish uchun faqat ilm va tajriba yetarli bo‘lmaydi. Ko‘pincha, eng yirik yutuqlar insonning o‘zida qandaydir o‘zgarishlarni amalga oshirishidan boshlanadi. Oybek Muminovning hikoyasi ham aynan shunday. U o‘zining hayot yo‘lida ko‘p marta yuksalishni amalga oshirdi, o‘z bilimlarini kengaytirdi va bugungi kunda logistika sohasida muvaffaqiyatli loyihalar yaratish yo‘lida faoliyat olib bormoqda.

“Akademik jarayon meni turli sohalarda, jumladan, ta’minot zanjiri, moliya, strategiya va marketing yo‘nalishlarida chuqur bilim olishga undamoqda. Case-study (holatlarni tahlil qilish) metodi real biznes muammolarini o‘rganish, tanqidiy fikrlash va jamoadagi muhokamalarda ishtirok etish orqali qaror qabul qilish ko‘nikmalarimni keskin rivojlantirmoqda. Bunday ta’lim men uchun katta tajriba va imkoniyat yaratmoqda,” deydi Oybek Cornell universitetidagi o‘qishi haqida. Turli madaniyat va sohalardan kelgan talabalar bilan ishlash esa uning global biznes haqida yangi qarashlar shakllantirishiga yordam bermoqda.

O‘qishdan ishga: Logistika va texnologiya

Oybek Muminovning hikoyasi universitetdan boshlanadi. Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutida tahsil olgan Oybek dastlab mehmonxona va turizm sohasini o‘rganishni boshladi. Ammo logistika va ta’minot zanjiri menejmentiga bo‘lgan qiziqishi uni yangi yo‘nalishlar kashf qilishga undadi. “Talabalik paytimda Markaziy Osiyodan chiqqan hamfikr tengdoshlarim bilan yig‘ilib, logistika yo‘nalishida loyihalarni amalga oshirishni boshladik. Va bu sohaga juda chuqur kirib ketdim,” deydi Oybek.

2022-yilda Oybek AQSHning Nyu-York shtatida joylashgan universitetga MBA (biznesni boshqarish bo’yicha magistratura) dasturiga hujjat topshirib, 100 000 AQSH dollari miqdoridagi grant bilan qabul qilindi. Uning muvaffaqiyatlari, sohadagi izlanishlari va bilimlari ushbu grantni qo‘lga kiritishga sabab bo‘ldi. Bu universitet dunyo bo‘yicha top yigirmatalikka kirgan hamda Pechak ligasi (Ivy League) ro‘yxatida joy olgan – Cornell universiteti. Bu oliygoh Oybek uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. U Cornell universitetida o‘z sohasining yetuk professorlaridan ta’minot zanjiri, tizimlashtirish, yetakchilik kabi yo‘nalishlarda bilim oldi.

Cornell universitetigacha bo‘lgan professional tajriba

Oybek Muminov Cornell universitetiga kirishidan avval logistika va ta’minot zanjiri menejmenti sohasida tajriba orttirgan. U Logistic Pro’s kompaniyasida operatsion menejer lavozimida ishlagan paytida kunlik jo‘natmalarni boshqarish, yo‘nalishlarni rejalashtirish va xarajatlarni optimallashtirish orqali kompaniyaning samaradorligini oshirdi. U eng yirik mijozlar — Amazon, FedEx, USPS va XPOL kabi kompaniyalar bilan uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, transport marshrutlarini strategik rejalashtirish va yoqilg‘i samaradorligini oshirish bo‘yicha innovatsion yondashuvlarni joriy etdi. Oybek, shuningdek, kompaniyaning xavfsizlik siyosatiga rioya etilishini ta’minlab, xavfsizlik standartlarini nazorat qilishda faol ishtirok etdi.

Shuningdek, Oybek Logistic’s Pro’ning muhim mijozi bo‘lmish STL Truckers kompaniyasiga xizmat ko‘rsatar ekan, mijozlar bilan samarali aloqalar o‘rnatish, ko‘p funksiyali jamoalarni boshqarish va jarayonlarni takomillashtirish bo‘yicha ko‘nikmalarni rivojlantirdi. STL Truckers o‘zbekistonliklar tomonidan asos solingan AQSHdagi eng yirik logistika kompaniyalaridan biridir. Oybek ushbu kompaniyada yangi haydovchilarni o‘rgatish, jo‘natmalarni nazorat qilish va real vaqt kuzatuv tizimlari orqali etkazib berish samaradorligini oshirishda muhim rol o‘ynadi. Shu kabi tajribalar uning logistika jarayonlarini chuqur tushunishini ta’minladi va sohada samaradorlikni oshirishga xizmat qiladigan innovatsion strategiyalar ishlab chiqish imkoniyatini berdi. Oybekning mehnatkashligi va rahbarlik qobiliyatlari uning o‘z sohasida sezilarli muvaffaqiyatlarga erishishiga sabab bo‘ldi.

Raqobatli borzorda faol ishtirok etish

Oybek hozirda Cornell universitetida o’qishini davom ettirmoqda. O’qish davomida har hil universitetdagi klublar va tadbirlarda faol qatnashmoqda. Yirik kompaniyalardan kelayotgan mutaxassislarni konferensiyalarida qatnashib ular bilan yaqin tanishib netvorking aloqolarini kengaytirmoqda

Xususan, Oybek Target riteyl tarmog‘ining ta’minot zanjiri va logistika bo‘yicha rahbari Gretchen Makkartining seminarida ishtirok etishga muvaffaq bo‘ldi. “Data Analytics (katta ma’lumotlar tahlili) va sun’iy intellektdan foydalanib, xarajatlarni qisqartirish hamda samaradorlikni oshirish imkoniyatlari, yetkazib berish vaqtini kamaytirish bo‘yicha qimmatli ma’lumotlar oldim. Bu uchrashuv menga nafaqat ma’lumot, balki katta motivatsiya bag‘ishladi”, deydi qahramonimiz.

Oybek Muminov o‘qishni tamomlagach, AQSHda kichik va endi faoliyat boshlagan logistika kompaniyalariga xizmat ko‘rsatish maqsadida ishlashni rejalashtirgan. U bu kompaniyalar duch kelayotgan asosiy muammolarni shunday ifodalaydi:

“Ko‘plab logistika kompaniyalar operatsion xarajatlarning oshib ketishi sababli past foyda ko‘rmoqda yoki bankrotlikka uchramoqda. Kompaniya egalari yo‘nalishlarni optimallashtirishda, pullik yo‘llarni to‘g‘ri boshqarishda, haydovchi tanlashda xatoliklarga yo‘l qo‘yishmoqda va yuklarni o‘z vaqtida yetkazib bera olmayapti. Ushbu muammolar, ayniqsa, sohada yangi qadam qo‘ygan yoki kichik kompaniya egalari uchun katta to‘siq bo‘lmoqda.”

Oybekning maqsadi bu kompaniyalarga konsalting xizmatlari ko‘rsatish orqali ularning operatsion samaradorligini oshirish va raqobatbardosh bo‘lishlariga yordam berishdir. U bu borada quyidagilarni ta’kidlaydi:

“Men ushbu kompaniyalarga operatsion xarajatlarni kamaytirish, jarayonlarni optimallashtirish va raqobatbardosh bo‘lishga yordam berishni o‘z zimamga olaman. Bu orqali ular nafaqat foyda ko‘rishlari, balki bozorda o‘z o‘rnini mustahkamlashlari ham mumkin.”

Yangi yuksalishlar sari

Oybek kelajakda sistemalashtirish va konsalting xizmatlarini birlashtirib, logistika bozorida global miqyosda yetakchi kompaniyalar qatoriga kirishni niyat qilgan. U Cornell universiteti taqdim etayotgan har bir imkoniyatdan to’liq foydalanmoqda, o‘z maqsadlarini amalga oshirish uchun qat’iyat bilan harakat qilmoqda. Uning hikoyasi nafaqat yuksak qadamlar bilan, balki global logistika sohasida yangi tendensiyalarni shakllantirishga qaratilgan yondashuv bilan ham ajralib turadi.

 

© Abdulloh Tursunov