Yaponiyadan taklif: haftasiga 48 soat ish, 1600 dollargacha maosh
Taklifda qoʻshimcha ish soatlari uchun ustama haq toʻlanishi belgilab qo‘yilgan va aviachipta ish beruvchi hisobidan bo‘ladi.
1 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyada oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash sohasida ish bor. Bu haqda Oʻzbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabar bermoqda.
Qoʻshimcha ish soatlari uchun ustama haq
Maʼlum boʻlishicha, mazkur ish haftasiga 40-48 soat boʻlib, buning uchun oyiga 200 mingdan iyenadan 235 ming iyenagacha (1350–1600 AQSh dollari) maosh beriladi.
Shuningdek, qoʻshimcha ish soatlari uchun ustama haq toʻlanadi.
Bundan tashqari, tanlovdan oʻtgan oʻzbekistonliklarning Yaponiyaga borish aviachiptasi, aeroportdan kutib olib, yashash joyigacha yetkazish xarajatlarining barchasi ish beruvchi hisobidan boʻladi.
Nomzodlarga qanday talablar qo‘yilgan
Ariza topshiruvchi nomzodlardan quyidagilar talab etiladi:
▪️ Yapon tilini kamida N5 darajada bilish;
▪️ 18-30 yoshdagi erkaklar;
▪️ Maktab, litsey yoki kasb-hunar kollejini tamomlagan;
▪️ Sudlanmagan va sogʻlom;
▪️ Kamida 3 yil ishlashga tayyor boʻlish.
Qiziqish bildirganlar 940 nafardan oshgan
Tanlov ish beruvchi vakillari bilan suhbat asosida oʻtkaziladi.
Maʼlumot uchun, boʻsh ish oʻrinlarining soni 20 ta. Qiziqish bildirganlar esa hozircha 940 nafardan oshgan.
Roʻyxatdan ushbu manzil orqali oʻtish mumkin. Ariza topshirish jarayonlari 31-avgust kuni, soat 17:00 gacha davom etadi.



