$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Namanganda kelishmovchilik tufayli o‘ziga o‘t qo‘ygan ayol vafot etdi

Suitsid

Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov xabar berishicha, 10-iyun kuni Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida 1995-yil tug‘ilgan R.Q. yashab turgan hovlisida o‘ziga benzin sepib, joniga qasd qilgan. Mazkur hodisa oqibatida ayol vafot etgan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 103-moddasi (o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Kelishmovchilik sabab bo‘lgan 

Ma’lumotlarga ko‘ra, ayolni bu ishga oiladagi kelishmovchilik undagan. Marhuma 4 nafar farzandning onasi, muqaddam sudlanmagan va hech qayerda ishlamagan. 

Bunday keyslar ko‘p

Ta’kidlash joizki, 2020-yil Namangan shahrida ayol MIB xodimlari sabab o‘ziga o‘t qo‘yib, katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi. O‘tgan yili mart boshlarida Andijon viloyati Jalaquduq tumanida yashovchi 23 yoshli kelin adirlik hududida o‘ziga benzin quyib, yoqib yuborgan edi.

Ayollar nega o‘ziga o‘t qo‘yadi?

Jurnalist va filolog Eldor Asanov Telegram kanalida bu kabi holatlarning sababi va ildizlari haqidagi bir tahlilida shunday deydi: "O‘t qo‘yish shaxsiy muammoni ijtimoiy sathga olib chiqish vositasidir. Dori ichsa, uyida o‘zini osib qo‘ysa – bu nari borsa oilaga protest bildirishdir. Muammo ham uy ichida qoladi. O‘t qo‘yilishini esa hamma ko‘radi. Bu jamiyatga, davlatga protestdir. Qolaversa, o‘t qo‘yish o‘zini o‘ldirishning qo‘rqinchli, namoyishkor turidir. U ko‘rganlarning hissiyotlarini junbishga keltiradi, ijtimoiy reaksiyani, sotsial harakatni keltirib chiqaradi. Bu kabi savollarga aniq javob topish uchun sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazish, ayollarning tegishli guruhlari bilan suhbatlashish, ularning psixologiyasini o‘rganish va, tabiiyki, ularning muammolarini hal qilish ustida ishlash kerak. Bu – shaxsiy emas, ijtimoiy muammo va u jamiyatning har qanday a’zosiga ta’sir o‘tkazishi mumkin".

Bu "Trend"ning qaytalanishimi ?

Markaziy Osiyo davlatlari tarixida ayollar o‘ziga o‘t qo‘yishi holatlari ko‘p kuzatilgan. 1920-30-yillari Sovet respublikalarida paranji tashlash, ayollarning sekulyar hayotga kirib borishi doirasida "Hujum" kampaniyasi bo‘lib o‘tgan. Bu kampaniya davomida paranjini tashlamagan ayollar davlat bosimiga uchragan bo‘lsa, tashlaganlari konservativ erlari va jamiyat bosimida qolib, hatto o‘ldirib ketilgan. Arosatda qolgan Markaziy Osiyo ayollarining 203 nafari respublikalarda namoyishkorona o‘zlarini yoqib yuborgan. 80-yillarda esa xudkushlikning bu turi og‘ir mehnat, iqtisodiy inqiroz, gender tengsizlik fonida ayollar orasida yana keng tarqalgan. 1987-yilning o‘zida O‘zbekistonda 270 ayol o‘ziga o‘t qo‘ygan. Yaqin o‘tmishda 2 bora "urf" bo‘lgan ushbu holat oxirgi yillarda ham bot-bot uchrab turibdi. Xo‘sh, bugungi "misol" fenomenning qaytayotganiga isbotmi?